Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:32

Tadbirkor: "Chinni bozor" yong‘inida OMON ataylab pulimizni oldirmadi!"


O‘zbek tilidagi ijtimoiy tarmoqlarda "Chinni bozor" yongan kuni tarqalgan surat.
O‘zbek tilidagi ijtimoiy tarmoqlarda "Chinni bozor" yongan kuni tarqalgan surat.

Toshkent viloyatidagi "Chinni bozor"da ishlagan bir necha tadbirkor yong‘in boshida yetib kelgan OMONchilar ularning pul va qimmatbaho buyumlarini saqlab qolishiga qarshilik qilgani, keyin esa bu mulk o‘zlashtirilganini iddao qilmoqda. Ozodlik bilan suhbatda bu tadbirkorlar "Chinni bozor" va "Taxta bozor"lardagi yong‘inlar ana shu niyatda maxsus uyushtirilgan, deb da‘vo qildi.

"Yong‘inda hukumatda ishlaydigan ayrim shaxslar moli qutqarilgan"

"Chinni bozor" va "Taxta bozor"dagi yong‘inlarda moli kuygan tadbirkorlar ularga ma‘lum umumiy zarar miqdori 300 milliard so‘m atrofida ekanini da‘vo qilmoqda.

Bu zararning aksar qismi bozorda savdo qiluvchi tujjorlarning yonib ketgan mulki va tovar mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda "Chinni bozor"da moli kuygan bir necha tadbirkor shu kunga qadar yong‘indan ko‘rilgan zarar bo‘yicha tadbirkorlar bilan dalolatnoma tuzilmayotganidan arz qildi.

Bundan tashqari, qariyb bir vaqtda yonib ketgan "Chinni bozor" va "Taxta bozor"dagi yong‘inlar sababini aniqlashga mas‘ul Zangiota tumani hokimligi, yong‘in xizmati, soliq va boshqa manfaatdor idoralar xodimlaridan iborat shtab tadbirkorlar arzini inobatga olmayotganidan shikoyat bo‘lmoqda.

Shu bois, Ozodlikka murojaat qilishga qaror qilganini aytgan tadbirkorlar da‘vosicha, ikkala bozordagi yong‘in o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik bor va bu bozorlar qasddan yoqib yuborilgan.

Ismini sir saqlayotgan tadbirkorlar nomidan Ozodlikka so‘zlagan toshkentlik tujjor bunday xulosaga sabab ko‘rilgan omillarni shunday bayon qildi:

- Dushanba kuni, ya‘ni 11 avgust kuni bozorda dam olish kuni edi. O‘sha kuni hukumatda ishlaydigan bir necha shaxsning bozordagi do‘konlaridan tovarlar olib chiqib ketilganini ko‘pchilik ko‘rishgan. “Kamaz” mashinalari bilan olib chiqib ketilgan tovarlar yong‘indan omon qoldi, va bu, birinchi isbot. Ikkinchidan, o‘sha kuni pojarnыydan oldin OMONchilar kelishdi va hali bozorning yonib ulgurmagan qismidan pullar va qimmatbaho narsalarni olib chiqib ketishiga qarshilik ko‘rsatishdi. Go‘yo, odamlarga zarar yetmasin, emish. Uchinchidan, o‘t o‘chiruvchi mashinalar bozorning yonayotgan tomoni qolib, ma‘muriyat binosi joylashgan hududdan kirib kelishdi. Holbuki, bozor bunchalik zarar ko‘rmasligi mumkin edi, - deya da‘vo qildi ismini oshkor qilmagan tadbirkor.

"Chinni bozor" sobiq rahbari hisbga olingan

"Chinni bozor" Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Oqtepa” ma‘suliyati cheklangan jamiyat, ya‘ni "Taxta bozor"ga qarashli savdo majmualaridan biri edi.

Uning sobiq rahbari Qobil Toshmuhamedov o‘tgan yili uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va bozor ishi bo‘yicha tergovlar hali ham yakuniga yetmagan edi. Bundan tashqari, "Chinni bozor"da so‘nggi bir yildagi 200 milliard so‘mlik tushumlar davlat g‘aznasiga kirim qilinmagani va hozirda prokuratura bu masalani o‘rganayotgani ma‘lum.

Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan “Chinni bozor” aktsiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Usajonov Hakim Sharipovich O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 185-moddasi 2-qismi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan ayblanib, 15 avgust kuni qamoqqa olingan.

Bozorqo‘m Toshkentdagi 64/1-sonli (Toshturma) tergov izolyatorida saqlanmoqda, tergov ishiga “Toshbozorsavdo” shirkatning bir qancha mulozimlari nomi ham tirkalgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, bozorqo‘mga tadbirkorlardan yig‘ilgan patta tushumlari, soliq va boshqa turdagi majburiy to‘lovlar bilan bog‘liq raqamlarni aniqlashtirish talabi qo‘yilgan.

Shuningdek, jinoyat ishi materiallarida yakka tartibda savdo qiluvchi shaxslarning inkassatsiyadan naqd pullarini yashirishi holatlari, savdo qoidalarini buzish bilan bog‘liq holatlar ham tekshirilmoqda.

Tadbirkorlarga “Bekto‘pi”, “Beshqo‘rg‘on”dan joy berilmoqda

Zangiota tumanidagi “Chinni bozor”da yakka tartibda savdo qiluvchi tadbirkorlarning 21 nafariga “Bekto‘pi” savdo majmuasidan do‘konlar berildi. Ularning yana 18 nafari “Beshqo‘rg‘on” savdo majmuasidan rastalar bilan ta‘minlandi.

"Taxta bozor"dagi tadbirkorlarga ham Zangiota tumani “Oqtepa” MChJ pavilьonlaridan joy ajratish masalasi ko‘rilmoqda.

Ammo, yong‘indan zarar ko‘rgan tadbirkorlarga tovon puli berish, ularning ko‘rgan zararini kompensatsiya qilish borasida hozircha biror ma‘lumot yo‘q.

"Bizlarga bozorda yong‘in oqibatlarini barataraf etish bo‘yicha tuzilgan maxsus shtab 3 oygacha yangi shartnoma qilmasdan, ortiqcha pul to‘lamasdan savdo faoliyatini yuritishimizni va‘da qilishgandi. Toshkentliklar esa "Bekto‘pi" va "Beshqo‘rg‘on"da ularning va‘dasi o‘tmasligi, bu yerda yangidan shartnoma tuzib, majburiy to‘lovlar va patta soliqlarini to‘lashimizni talab qilishyapti. Tovarlarimizni kompensatsiya qilishmaganiga yarasha hech bo‘lmasa shu tomondan erkinlik berishsa bo‘lardi”, deydi ismini sir saqlagan tadbirkorlardan biri.

Yong‘in tovarlar chakana narxiga ta‘sir qilgani yo‘q

12 va 18 avgustida poytaxt viloyatining "Chinni bozor" va "Taxta bozor"larida sodir bo‘lgan yong‘in bozorda sotilayotgan shu turdagi mahsulotlarning chakana va ulugurji narxlariga ta‘sir qilgani yo‘q.

Tadbirkorlarga ko‘ra, yong‘inlar tufayli keltirilgan zarar katta bo‘lishi mumkin, ammo ular bozordagi narxlarni siljitish, o‘zgartirishga kifoya qilmaydi.

Masalan, 18 avgustdan avval bir kub taxtaning narxi 800 ming so‘mdan 920 ming so‘mgacha edi, hozirgi kunda ham xuddi shu narx saqlanib qolgan. "Chinni bozor"dagi xalq iste‘moli tovarlarining chakana narxlarida ham o‘zgarishlar yo‘q.

“Chinni bozor" va "Taxta bozor"dagi yong‘inlar o‘zaro raqobatga ham, tovar tiqchilligi-yu, hatto narxlarga ham ta‘sir qilgani yo‘q. Ayniqsa, "Taxta bozor", bu yerda katta bir bozorning 4/1 pavilonidagi “Helping realizatsion” degan firmaga qarashli taxtaning yarmi yondi, xolos. Bu dengizdan tomchiday, xolos. "Chinni bozor"da ham deyarli shunday. Ammo, gap ularning, ya‘ni yong‘inlarning sababi xususida borayotgan ekan, bu jiddiy gapdir. Bu ketishda bozorlar masalasida haqiqatan ham muammo yuzaga kelishi mumkin”, deydi "Chinni bozor"da savdo qilgan Oybek Olimov ismli tadbirkor.

Eslatib o‘tamiz, "Chinni bozor"da 2014 yilning 12 avgust kuni ro‘y bergan yong‘in oqibatida 160 dan ortiq do‘kon yonib kul bo‘lgan.

18 avgustda Zangiota tumani “Oqtepa” majmuasining pavilonlaridan biridagi “Helping realizatsion” MChJga qarashli yog‘och-taxtalar yonib ketgan.

"Hukumat komissiyasi qisqa tutashuvni sabab deb bilayapti"

Toshkent viloyati prokuraturasi "Chinni bozor" va "Taxta bozor"larida sodir bo‘lgan yong‘inga elektr toki tarmog‘idagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgan, degan xulosaga kelgan.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, “O‘zbekenergo”, Toshkent shahar elektr tarmoqlari, “Toshshaharnur” shirkati va Toshkent viloyati IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi mutaxassilari ekspertiza xulosasiga shu taxmin asos qilib olingan.

Ayni kunlarda har ikki bozorda sodir bo‘lgan yong‘in sabablari Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda.

XS
SM
MD
LG