Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:39

Hazorasplik hamshiralar namunaviy uylarda g‘isht tashiyapti


Namunaviy uylar qurilishiga shifokoru hamshiralar ham majburlanmoqda
Namunaviy uylar qurilishiga shifokoru hamshiralar ham majburlanmoqda

Xorazm viloyatidagi Hazorasp tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli kasalxona, qishloq vrachlik punktlarining shifokoru hamshiralari namunaviy uylarning qurilishida ishtirok etishga majburlanmoqda. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan hamshiralarning aytishicha, ular quruvchilar chala tashlab ketgan uylarning deraza va pollarini yuvmoqda, g‘isht tashimoqda.

Xorazm viloyatidagi Hazorasp tumanidagi chala qolgan namunaviy uylar qurilishiga byudjet tashkilotlarining ishchi va xizmatchilari majburan jalb qilinmoqda.

Jumladan, hazorasplik hamshiralarning Ozodlikka aytishicha, tumandagi kasalxona, poliklinika va qishloq vrachlik punktlarining xodimlari navbatma-navbat qurilish ishlariga yordamlashishga jo‘natilyapti.

Hazorasp tumanidagi qishloq vrachlik punktlaridan birining ismi sir qolishini so‘ragan hamshirasiga ko‘ra, ular to‘rt kun og‘ir ishlarga majburlangan:

“O‘tgan hafta bizni to‘rt kun namunaviy uylar qurilishiga olib chiqishdi. Aytishlaricha, pul bermagani uchun quruvchilar ishni chala tashlab ketgan ekan. Biz g‘isht tashidik, oynalarni yuvdik, xonalarni supurib, tozaladik”, deydi hamshira.

Suhbatdoshning aytishicha, tumandagi barcha byudjet tashkilotlari namunaviy uylar qurilishiga jalb qilingan:

“Kasalxona va boshqa QVPlarning do‘xtiru hamshiralari ham navbati bilan chiqarilyapti. Biz elektriklarni, yo‘l qurilishida ishlaydiganlarni ham namunaviy uylarda ishlayotganini ko‘rdik”, dedi hamshira.

Hazorasp tumani tibbiyot birlashmasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimlaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, namunaviy uylar qurilishiga hokimiyat tomonidan majbur qilinayotganini tan oldi:

“To‘g‘ri, kasalxona va QVPlar navbati bilan chiqib turibdi. Biz nima ham qila olardik. Hokim yig‘ilish o‘tkazib barcha korxona va tashkilotlar rahbarlariga odamlaringni yordamga chiqaringlar, mustaqillik bayramigacha uylarni topshiraylik, deb topshiriq bergan ekan. Xalqimizda gap borku, it itga buyurdi, it quyrug‘iga deb. Bizning boshliq ham shunday topshiriq berdida keyin. Hokimning gapi gapku, kim ham unga qarshi bora olardi", dedi tibbiyot birlashmasi mulozimlaridan biri.

Ozodlikka murojaat qilgan ko‘plab o‘zbekistonliklar so‘nggi yillarda prezident topshirig‘i bilan qurilayotgan namunaviy uylarning aksariyati sifatsiz ekani va bu uylar qurilishi uchun asli kasbi quruvchi bo‘lmagan shaxslar jalb qilinayotganidan shikoyat qiladilar.

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida o‘tgan yili qurilgan namunaviy uy egalariga ko‘ra¸ uy devorlari ayni kunlarda yorilib¸ suvoqlar uqalanib tushgan, issiqlik batareyalaridan suv oqib, pol taxtalari qayishib ketgan.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Vazirlar Mahkamasida 17 yanvar kuni qilgan chiqishida 2013 yilda qishloq joylardagi 353 ta massivda umumiy maydoni 1 million 500 ming kvadrat metr bo‘lgan 10 mingta shinam uy-joy barpo etilgani va bu maqsadlar uchun 650 million dollar miqdoridagi mablag‘ yo‘naltirilgani haqida maqtandi.

Ozodlik o‘rgangan ma‘lumotlarga ko‘ra, namunaviy uylar qurilishi uchun o‘qituvchi va shifokorlar oyliklaridan ushlab qolinayapti.

Xususan¸ 22 yanvar kuni Ozodlikka gapirgan jizzaxlik o‘qituvchilarga ko‘ra, mahalliy hokimlik o‘zlari va hatto o‘quvchilarga namunaviy uylar qurilishi uchun o‘lpon solmoqda.

XS
SM
MD
LG