Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:23

O‘zbekistonlik ona chet el fuqaroligini olgan bolasi bilan Vatanga qanday borib-qaytadi?


OzodJavobning navbatdagi sonida onasi yoki otasi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan va xorijda tug‘ilgan bolalarning O‘zbekistonga kelib-ketish tartibi borasida suhbatlashamiz.

Keyingi paytda minglab o‘zbekistonliklar xorijlik bilan oila qurayapti. Mahalliy matbuot o‘zbek qizlarining Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, AQSh kabi xorij davlatlariga turmushga uzatilish holatlari ko‘paygani haqida bir necha bor xabar berdi. Ayni paytda o‘zbek qizlarining xorijlik bilan turmushidan tug‘ilgan bolalarning fuqaroligi va ularning O‘zbekistonga kelib-ketishi bilan bog‘liq muammolar ham ko‘payapti.

Ozodlikka bo‘layotgan murojaatlarda xorijda tug‘ilgan bolasining O‘zbekistonga sayohat qilishi bilan bog‘liq muammolar qarshidagi mushkulotlar haqida aytiladi.

Jumladan, amerikalikka turmushga chiqib, ikki farzand ko‘rgan samarqandlik Sabina bolalarining hujjati bilan bog‘liq muammoni hal qilishga ko‘mak so‘radi:

“Ikki qizim ham Amerika fuqarosi. Lekin o‘zim o‘zbekistonlik bo‘lganim uchun ular avtomatik tarzda O‘zbekiston fuqaroligini ham olishgan. Toshkent aeroportidan kirishda O‘zbekiston tomonidan berilgan tug‘ilganlik guvohnomalarini ko‘rsatib, bemalol kirdik. Lekin hozir qizlarimga biometrik pasport olish juda qiyin bo‘layapti. Shuning uchun Amerika pasporti bilan chiqib ketmoqchimiz. Buning imkoni bormi, o‘zi”, deya so‘radi Sabina.

***

Shu o‘rinda xorijlik bilan nikohdan tug‘ilgan bolaning fuqaroligi haqida:

“O‘zbekiston respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasiga ko‘ra, ota-onasining fuqaroligi har xil bo‘lib, ulardan biri bola tug‘ilgan paytida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa, ikkita holatda bola O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi:

1) Agar bola O‘zbekiston hududida tug‘ilgan bo‘lsa;

2) Agar bola O‘zbekiston hududidan tashqarida tug‘ilgan bo‘lsa va ota-onasidan biri shu vaqtda O‘zbekistonda doimiy istiqomat joyiga ega bo‘lsa;

Ayni paytda ota-onasining fuqaroligi har xil bo‘lib, ulardan biri bola tug‘ilgan paytda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa va bu vaqtda ota-ona O‘zbekistondan tashqarida doimiy istiqomat joyiga ega bo‘lsa, O‘zbekiston tashqarida tug‘ilgan bolaning fuqaroligi ota-onaning yozma tarzda ifodalangan kelishuvi bilan belgilanadi.

***

Endi xorijda tug‘ilgan bolaning O‘zbekistonga sayohat qilish tartibiga to‘xtalsak:

Xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish Respublika bo‘limi (OVIR)ga murojaat qilib, quyidagi ma‘lumotlarni oldik:

1) O‘zbekistonlikning xorijda tug‘ilgan farzandi O‘zbekiston fuqarosi sifatida kelib ketadi:

“O‘zbekiston fuqarosining xorijda tug‘ilgan bolasiga avtomatik tarzda bizning fuqarolik berilgani uchun u O‘zbekiston fuqarosi sifatida harakatlanadi. Biz ikki fuqarolikni tan olmaymiz, shuning uchun agar uning qo‘lida boshqa davlat pasporti bo‘lsa ham u chegaramizga kirganidan boshlab, O‘zbekiston fuqarosi hisoblanadi. Agar shu kunlarda O‘zbekiston tomonidan berilgan hujjat orqali kelishsa va bolaning qo‘lida hali yangi pasport bo‘lmasa, albatta biometrik pasport olishi shart. OVIR dan chiqish vizasini ham olishlari shart. Agar bolaning qo‘lida boshqa davlat pasporti bo‘lsa, uni mamlakatdan chiqayotganda o‘sha davlatning vizasi sifatida taqdim qilinishi mumkin”, dedi Respublika OVIRidagi manba.

2) O‘zbekiston fuqarosining xorijda tug‘ilgan farzandida chet el pasporti bo‘lsa, u O‘zbekistonga xorijlik sifatida kelib ketadi:

“O‘zbekistonlikning bolasiga O‘zbek fuqaroligi, agar unga beriladigan boshqa fuqarolik bo‘lmasa beriladi. O‘zbekistonlikning xorijda tug‘ilgan bolasida boshqa davlat pasporti bo‘lsa va fuqaro o‘sha davlat fuqaroligini olishni istasa, u bizning konsullikka murojaat qiladi. Konsullik bolaning O‘zbekiston fuqaroligidan chiqaradi. Bu holatda bolaga elchixonamizdan O‘zbekistonga kelib-ketish uchun viza olish shart bo‘ladi. Xuddi chet ellik qanday tartibda kelsa, xuddi shunday tartibda kelib ketadi”, dedi Respublika OVIRidagi manba.

***

Huquq-tartibot idoralari xodimlari yuqorida tilga olganimiz samarqandlik Sabinaning muammosida ikki xil yo‘lni taklif qilishdi:

1) Bolalariga O‘zbekiston fuqaroligini olish;

“Chunki u bolalariga O‘zbekiston tomonidan berilgan tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma bilan kirgan va bu holatda unga eng qulayi bolalari uchun yangi biometrik pasport olish. Agar Amerika pasporti bilan chiqaman, desa muammolari yanada ko‘payishi mumkin”, dedi Toshkent aeroportidagi OVIR bo‘limi xodimi.

2) Amerika pasporti bilan chiqish;

“Agar bolani Amerika pasporti bilan mamlakatdan olib chiqaman, desa bolaga exit visa ya‘ni xorijlikka beriladigan maxsus chiqish viza olishi shart . Bu oddiy O‘zbekiston fuqarosiga beriladigan chiqish viza emas. Respublika OVIRida xorijliklarga chiqish viza berish bo‘limi bor. Shu yerga murojaat qilishi lozim. Agar Amerika pasportida exit visa bo‘lmasa, chegarachilarimiz uni aeroportdan uchib ketishiga ruxsat berishmaydi”.

Ayni paytda OVIRdagi manba shu kunlarda xorijlik uchun mo‘ljallangan chiqish vizasini olish qiyinligini ham qo‘shimcha qildi.

*******************************************************************

Aziz mushtariy¸ agar sizning bugungi savolga muqobil javoblaringiz bo‘lsa, yoki o‘z tajribangizda sinalgan holatlar bilan Ozodlik olgan javoblarni to‘ldira olsangiz, o‘z fikr-mulohazalaringizni sharh sifatida qoldirishingizni so‘raymiz.

Shuningdek, yana qaysi savollarga javob topishni istaysiz - OzodJavobga murojaat qiling.

Savollaringizni Skype orqali OzodSkype yoki ErkinMikrofon manzillariga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, telefon orqali +420 602 612 713 va +420 221 123 381raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, savollaringizni berishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG