Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:16

Qashqadaryo viloyati MXX boshlig‘i ham korrupsiya aybi bilan hibsga olindi


Ikki oy ichida MXXning o‘nlab xodimlari ishdan chetlatilib, qamoqqa olindi.
Ikki oy ichida MXXning o‘nlab xodimlari ishdan chetlatilib, qamoqqa olindi.

Qashqadaryo viloyati Milliy xavfsizlik xizmati boshlig‘i hibsga olingani aytilmoqda. Ozodlik manbalariga ko‘ra, viloyatdagi eng nufuzli shaxslardan biri hisoblangan Ibrohim Dehqonboyev bilan birga yana bir necha MXX mansabdori hibsga olingan. Uzmetronom Internet nashri ham Qashqadaryo viloyatida mahalliy huquq-tartibot tizimlari rahbarlaridan biri hibsga olinganini xabar qildi. Nashrga ko‘ra, xalq orasida “Tojik” laqabi bilan tanilgan bu shaxs davlatga katta miqdorda zarar yetkazganlikda ayblanmoqda. Keyingi oylarda O‘zbekistonda MXX tizimining o‘nlab zobiti qamoqqa olindi.

Ozodlikning Qashqadaryodagi manbalariga ko‘ra, viloyat MXX bosh boshqarmasi boshlig‘i Ibrohim Dehqonboyev o‘tgan hafta hibsga olingan. Manbamizga ko‘ra, u bilan birga MXXning huquq-tartibot organlarini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Sanjar Yo‘ldoshev ham qo‘lga olingan. "Undan bir hafta avvalroq esa, viloyat MXX iqtisodiy jinoyatlar bo‘limi rahbari ham hibsga olingan edi", deya bildirdi Ozodlik manbasi.

Odatga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati yoki boshqa rasmiy idoralardan bu ma‘lumotni na tasdiqlash, na inkor qilish imkoni bo‘ldi.

Lekin, O‘zbekiston hokimiyat tizimidagi hodisalardan yaxshi xabardor bo‘lgan Uzmetronom nashri ham Qashqadaryoda kuch ishlatar idoralardan birining rahbari hibsga olingani haqida xabar tarqatdi.

Uzmetronom dushanba kuni e‘lon qilgan xabarda hibsga olingan shaxsning ismi oshkor qilinmagan, lekin uning xalq orasida “Tojik” laqabi bilan tanilgani va u asli Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidan ekani qayd etilgan va gap Ibrohim Dehqonboyev haqida ketayotganini anglash mumkin.

Uzmetronom nashriga ko‘ra, viloyatdagi eng nufuzli bu shaxs xizmat vakolatlarini suiiste‘mol qilish, katta miqdorda iqtisodiy ziyon yetkazish, tovlamachilik kabi jinoyatlarda gumon etilmoqda. Nashrning yana yozishicha, u nafaqat Qashqadaryo viloyati, balki Bo‘stonliq tumanida ham mahalliy biznes ustidan nazorat o‘rnatgan. “Ba‘zi ma‘lumotlarga ko‘ra, amaldorga qarashli biznes va moliyaviy aktivlarning jami miqdori o‘nlab million AQSh dollariga tengdir”, deya yozdi Uzmetronom.

Ozodlik manbalari Dehqonboyev va bevosita uning qo‘li ostida ishlagan yana kamida ikki zobitning MXX tizimida olib borilayotgan “tozalash tadbiri” doirasida ishdan chetlatilganini aytishmoqda.

Keyingi ikki-uch oy ichida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining o‘nlab nufuzli zobitlari ishdan olingani aytilmoqda. Ulardan kamida 12 nafari sud qilinib, uzoq muddatli qamoq jazosi olgani haqida Ozodlik o‘tgan hafta xabar qilgan edi.

Bu zobitlar MXX tizimidagi eng nufuzli shaxslardan hisoblangan aka-uka Hayot va Javdat Sharifxo‘jayevlarga aloqador ekaniga doir iddaolar bor.

Undan avval esa, Javdat Sharifxo‘jayevning o‘zi ham hibsga olingani to‘g‘risida Ozodlik manbalari xabar qilgan edi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga yaqin manbaga ko‘ra, Javdat Sharifxo‘jayev "ishdan bo‘shatilgan va uning ustidan tergov olib borilmoqda”.

MXXning Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi keyinchalik Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasida ishlagani aytilgan Javdat Sharifxo‘jayevning “ishdan quvilgani" haqidagi ma‘lumot yaqinda O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova tomonidan sizdirilgan, deya iddao qilingan maktubda ham keltirilgan edi.

Iyul oyining boshida Ozodlik, MXX tizimida olib borilayotgan “tozalash operatsiyasi” natijasida, birdaniga 40 nafar MXX zobiti ishdan chetlatilgani va qo‘lga olingani haqida xabar qilgan edi.

Ozodlikning bir-biridan mustaqil manbalari bergan bu xabarlarga ko‘ra, ishdan olingan MXX zobitlarining barchasi korrupsiya, noqonuniy tadbirkorlik, davlat mablag‘larini o‘zlashtirish, xizmat vakolatini suiiste‘mol qilish kabi jinoyatlarda ayblanmoqda.

XS
SM
MD
LG