Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:42

Prezident Karimov paxta yakkahokimligini yana bir bor qoraladi


Prezident 31 avgust kuni xalq vakillari bilan ham muloqot qildi.
Prezident 31 avgust kuni xalq vakillari bilan ham muloqot qildi.

Bu yil 75 ga kirgan, 25 yildan beri O‘zbekistonni boshqarib kelayotgan Prezident Islom Karimov Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 23 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasida nutq so‘zladi. Prezident nutqi bilan tanishib chiqqan muxbirimiz uning ayrim jihatlariga e‘tiboringizni qaratadi.

Prezident Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida shu kuni ertalab “Shahidlar xiyoboni”da ulamolar bilan suhbatida tilga olgani mavzuga yana to‘xtalib, bunday dedi:

“Hozirgi kunda dunyoning turli hudud va mintaqalarida, yaqin va uzoq atrofimizda ekstremizm va terrorizm, qarama-qarshilik, qon to‘kilishi, xavf-xatarlar ortib, umuman, vaziyat tobora keskinlashib borayotgani barchamizni xavotir va tashvishga solishi tabiiydir”.

“Shahidlar xiyoboni”da Karimov bu fikrni konkretroq aytgan edi:

“Qarang, Iroqda nimalar bo‘layapti?!. Bir bemaza, mutlaqo avval bilinmagan oqimlarning vakillari nimalar qilayapti?! <…> Agar kimki bu oqimlarga o‘z vaqtida zarba bermasa, nima bo‘ladi?!"

Tantanali marosimdagi nutqida Karimov dunyoning turli hudud va mintaqalarida bo‘layotgan qarama-qarshiliklarga nisbatan O‘zbekistonning pozitsiyasi qanday bo‘lajagi to‘g‘risida bunday dedi:

“O‘zbekistonning pozitsiyasi bunday holatlar, keskin ziddiyat va to‘qnashuvlarni faqatgina siyosiy yo‘l, tinch vositalar bilan hal etish, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomida muhrlab qo‘yilgan asosiy printsiplarga va xalqaro normalarga itoat qilgan holda, davlatlarning suvereniteti va chegaralarning daxlsizligini buzishga, zo‘ravonlik va kuch ishlatishga yo‘l qo‘ymaslikdan iboratdir”.

Nutqda konkret davlat tilga olinmagan bo‘lsa-da, Karimov Ukrainadagi vaziyatni ham nazarda tutayotgani, O‘zbekistonning bu masaladagi pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolayotganini taxmin qilish mumkin.

Karimov o‘z nutqida “yaqin va uzoq qo‘shnilar”ga ham to‘xtalib o‘tdi:

“Yaqin va uzoq qo‘shnilarimiz bilan til topib, bizlarni birlashtiradigan umumiy maqsadlar yo‘lida hamkorlikni yanada kuchaytirish, o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatish ustuvor vazifamiz bo‘lib qolishini zamonning o‘zi taqozo etmoqda”.

Shu o‘rinda yaqin qo‘shnilardan biri – Qirg‘iziston rahbarining 30 avgust kungi bayonotini keltirmoqchimiz.

Qirg‘iziston mustaqilligining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda Prezident Atambayev tantanada hozir bo‘lgan elchilar orqali - bilvosita qo‘shni davlatlar rahbarlariga murojaat qildi.

“Bugun bu yerda xorijiy mamlakatlar, shu jumladan, qo‘shni mamlakatlar elchilari ham o‘tiribdi. Fursatdan foydalangan holda, ular orqali qo‘shni davlatlarning rahbarlariga murojaat qilmoqchiman. Hurmatli qo‘shnilar, kelinglar, ahil bo‘lib yashaylik. Kelinglar, bir-birimizga ziyon keltirishning o‘rniga yordam beraylik”.

Qirg‘izistonlik tahlilchilar o‘z prezidentining bu gapini birinchi navbatda joriy yil aprelidan Qirg‘iziston janubiga gaz berishni to‘xtatib qo‘ygan O‘zbekiston rahbariyatiga qaratilganini aytmoqda.

Prezident Karimov tantanali marosimdagi nutqida yoshlar sha‘niga iliq gaplar aytar ekan, Xitoy Xalq Respublikasining Nankin shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Ikkinchi Olimpiya o‘yinlarida 28 nafar o‘zbekistonlik yosh sportchi qatnashganini, 4 ta oltin, 3 ta kumush, 3 ta bronza, hammasi bo‘lib – 10 ta medalni qo‘lga kiritganini, bu O‘zbekiston yoshlarining mustaqillikning 23 yillik bayramiga ulkan hissa ekanligini ta‘kidlab o‘tdi.

Ayni paytda Prezident O‘zbekistonning joriy yil fevralida Sochida bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida ramziygina ishtirok etgani to‘g‘risida lom-mim demadi. (3 sportchi qatnashdi, 17-, 39-, 64- va 67- o‘rinlar)

Tantanali marosimdagi nutqida Islom Karimov avvalgi yillarda aytgani gaplarni yana bir bor takrorladi.

Sovet davrini yana bir bor tanqid qilar ekan, Prezident “O‘zbekistonimiz faqatgina xomashyo yetkazib beradigan, iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, paxta yakkahokimligi halokatli tus olgan o‘lkaga aylantirilgan, sobiq SSSR tarkibida eng qoloq agrar respublika emasmidi?” degan savolni o‘rtaga tashladi.

Lekin paxta yakkahokimligining bugungi darajasi to‘g‘risida hech narsa demadi.

Prezident Islom Karimovga ko‘ra, O‘zbekistonda “demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo” etilmoqda.

Endi Prezident nutqidan so‘ng bo‘lib o‘tgan kontsertni tomosha qilganlar orasida kim ko‘rinib, kimlar ko‘rinmagani to‘g‘risida: Avvalgi “Navro‘z”u “Mustaqillik”larda yayrab-yashnab o‘tiradigan Gulnora Karimova bu gal ko‘rinmadi.

Shuningdek, Tatьyana va Lola karimovalar, bosh vazir birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov va Oliy Majlis Senati raisi Ilgizar Sobirovlar ham ko‘rinmadi. Har holda telereportajda ular ko‘rinmadi.

XS
SM
MD
LG