Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:40

Toshkentda Pepsi aksiyasi mojaroga aylanib, shirkat xodimlari hibsga olindi


7 sentabr kuni Toshkentdagi Pepsi kompaniyasi bosh ofisida aksiya yutuqlarini tarqatish payti g‘oliblar o‘rtasida mushtlashuv kelib chiqdi. Ushbu mojaro ortidan shirkatning bir necha xodimi hibsga olingan, aksiya yutuqlarini tarqatish esa to‘rt kunga kechikkan.

Pepsi kompaniyasi o‘tkazgan “Jamoalarni to‘plang – Sovg‘alarga ega bo‘ling” aksiyasi g‘oliblari o‘z yutuqlari vaqtida berilmaganidan norozi bo‘lib, Ozodlikka murojaat qilishdi.

Toshkent shahrida yashovchi Nigora o‘g‘li Pepsi aksiyasida ishtirok etib, suvenir koptok yutgani, lekin sovg‘adan darak yo‘qligini aytadi.

- Oltita futbolchining ismini yig‘ish kerak edi. Shu futbolchilarning ismi kod shaklida Pepsi qopqoqlariga yozilgan. Agar oltita raqam topsa, sovrin beriladi. O‘g‘lim koptok olaman, deb rosa harakat qildi. Lekin sovg‘asini bermadi. G‘olibni telefon qilib chaqirishi kerak edi, chaqirmadiyam. Hech qanaqa bolaning hali sovg‘a olganini eshitmadim. Sovg‘adan hech qanaqa darak yo‘q,- deydi Nigora.

Bu kabi noroziliklar Facebook, Twitter, Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab uchramoqda.

Jumladan, Facebookdagi "Jamoatchilik nazorati" (Obshchestvenniy kontrol) guruhida to‘rt kundirki, Pepsi aksiyasiga noroziliklar bildirilmoqda.

Daryo.uz sayti ham “Pepsi kompaniyasi o‘zi e‘lon qilgan aksiya shartlarini bajarmaslikda ayblanmoqda” nomli maqolasida ushbu muammoga to‘xtalgan.

Pepsi kompaniyasi yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha aksiya g‘oliblariga hech qanday rasmiy izoh bermagani shikoyatlar sonining ko‘payshiga sabab bo‘layotgani aytilmoqda.

Ozodlik muxbiri Pepsi kompaniyasi bilan bog‘lanib, aksiya yutuqlarini berish kechikayotgani sabablarini so‘radi.

Mazkur shirkatning ismini ochiqlamayotganimiz rasmiysi sovg‘alarning o‘z vaqtida berilmayotganiga bir necha sababni ko‘rsatdi.

Rasmiyga ko‘ra, aksiya sovg‘alarini tarqatish belgilanganidek, 6 sentyabrь kuni boshlangan, lekin shu kuni texnik muammoga duch kelingan:

“Biz bunaqa katta ajiotaj bo‘ladi, deb o‘ylamagan edik. Shu kuni murojaatlar soni juda ko‘pligidan kompyuter serverining kuchi yetmay qoldi. Server sboy berganidan so‘ng, programma ishdan chiqdi va biz sovg‘alarni tarqata olmay qoldik”, deydi suhbatdosh.

Rasmiyga ko‘ra, 7 sentabr kuni sovg‘alarni tarqatish davom ettirilgan, lekin aksiya g‘oliblari orasida mushtlashuv kelib chiqqan:

“7 sentabrda normal ishlaymiz, deb o‘ylagandik. Lekin juda ko‘p odam keldi. Biz bitta tochkada kun davomida 200-300 odamga xizmat ko‘rsatamiz, deb rejalashtirgandik. Lekin birdaniga bir paytning o‘zida 500-600 odam keldi. Odam ko‘pligidan navbatlarda tartibsizlik kelib chiqdi. Odamlar kompьyuterda o‘tirgan qizimizni o‘ldirib qo‘yishiga oz qoldi. Keyin navbatda turganlar bir-biri bilan mushtlashib ketdi. Buning ortidan huquq-tartibot idoralari xodimlari chaqirtirildi”, deydi Pepsi rasmiysi.

Uning aytishicha, militsiya xodimlari yuzaga kelgan mojaro ortidan Pepsi shirkatining bir necha xodimini hibsga olib, keyinchalik qo‘yib yuborgan. Shuningdek, aksiya sovg‘alarini tarqatish vaqtincha taqiqlangan.

Pepsi kompaniyasidan olingan so‘nggi ma‘lumotga ko‘ra, 10 sentabr kuni har bir bo‘limga qo‘shimcha militsiya xodimlari biriktirilgan va aksiya sovg‘alarini tarqatish qayta yo‘lga qo‘yilgan.

Pepsi rasmiy saytidagi ma‘lumotga ko‘ra, aksiya bois yuzaga kelgan ajiotaj va mojarolar bois 12 sentabrdan boshlanadigan aksiyaning ikkinchi bosqichiga o‘zgartirish kiritilib, bir kishiga uchtadan ortiq sovg‘a yutish cheklab qo‘yilgan.

Pepsi kompaniyasi Mustaqillik bayrami arafasida boshlagan “Jamoalarni to‘plang – Sovg‘alarga ega bo‘ling” aksiyasida g‘oliblarga uch xil sovg‘a - suvenir koptok, suvenir stakan va Pepsi ramzi tushirilgan sumka ajratilgan.

Bu sovg‘alarni yutish uchun futbol yulduzlari ismi tushirilgan oltita Pepsi qopqog‘ini yig‘ish lozim.

Ozodlikning Toshkentdagi mobil muxbiri o‘rganishicha, hozirda Pepsining suvenir koptogini do‘kondan taxminan 12 ming so‘mga xarid qilish mumkin. Ayni paytda Pepsi aksiyasida ishtirok etib ushbu koptokni yutib olish uchun taxminan shuncha mablag‘ sarflash lozim.

Bugungi kunda Toshkent do‘konlarida Pepsining 1,5 litri 3790 so‘m, 1 litri 2790 so‘m, 0,5 litri 1790 so‘mga sotilmoqda.

XS
SM
MD
LG