Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:38

O‘zbekistonda 18 yoshga to‘lmaganlar ham paxtaga chiqarilyapti


O‘zbekistonda bu yil 18 yoshgacha bo‘lganlar paxtaga chiqarilmasligi haqidagi hukumat ko‘rsatmasiga qaramay, ayrim viloyatlarda 18ga to‘lmagan kollej talabalari va hatto maktab o‘quvchilari ham paxta terimiga jalb etilayotgani aytilmoqda.

Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumani Qizil-uzaq qishloq xo‘jalik kollejining birinchi kurs talabalari ham 14 sentabrdan paxtaga chiqarilgan.

Bu haqda kollej talabalaridan biri Ozodlikka ma‘lum qildi.

– Kollej qishloqda joylashgan, unga yaqin joyda paxta dalalari bor, o‘quvchilarni o‘sha yerlarga chiqarishmoqda. O‘zi ikkinchi va uchinchi kurslarni olib chiqamiz degandi, lekin birinchi kurslar ham paxtaga olib chiqildi,- dedi ismi sir qolishini istagan chimboylik kollej talabasi.

Xorazmning Gurlan tumanida esa kollej talabalari qatori ayrim maktab o‘quvchilari ham paxta terimiga jalb etilgan.

– Bizda maktab o‘quvchilari ham dalada hozir javlon urmoqda. Ertalab paxta kiyimida maktabga kelishadi. Bir soat, ikki soat maktabda o‘qiganday bo‘lishadi, keyin yuqori sinf o‘quvchilarini maktab yonidagi paxtazorga olib chiqishadi,- deydi gurlanlik Baxtiyor aka.

Hokimiyat rasmiylari esa, o‘quvchilarning paxtaga chiqarilganini qat‘iyan rad etishadi.

– Maktablar chiqmadi. Yuqoridan topshiriq bo‘lsa, chiqadi. O‘tgan yil bosh vazir maktablar chiqmasin dedi, chiqarmadik. Bu yil ham 18 yoshdan pasti chiqarilmasin degan, chiqarmayapmiz. Lekin, kollejlar chiqariladi,- dedi Gurlan tumani hokimiyatining Ozodlik bog‘langan rasmiylaridan biri.

Samarqandda esa kollejlarning ikkinchi va uchinchi kurs talabalarini paxtaga chiqarish allaqachon e‘lon qilingan.

Bu haqda samarqandlik blogger Toshpo‘lat Rahmatullayev shularni aytdi.

- Kollejning ikkinchi kurs talabalari hali 17 yoshga to‘lmagan bolalardir. Meni nabiram kollejning ikkinchi kursi o‘quvchisi. 5 sentyabrь kuni kollej talabalarini ota-onalarini majlisga chaqirtirishdi. Men ham bordim. Har bir ota-onaga qog‘oz va qalam tutqazilib, farzandlari paxtaga o‘z ixtiyorlari bilan borishlari va bunga qarshi emasliklari haqida tilxat yozishlarimizni so‘rashdi. Men esa o‘z nabiramni paxtaga chiqishiga qarshi ekanim haqida yozib berdim. Chunki u sentyabrь oyida endi 16 yoshga to‘ldi. O‘zbekiston hukumati qaroriga muvofiq 18 yoshgacha bo‘lganlar paxtaga chiqarilishlari mumkin emas. Shundan so‘ng kollej rahbari meni chetga olib, “nima qilaylik, 2-3 kurs talabalarini paxtaga chiqarishni talab qilishyapti, axir terimchilarni sonini berishimiz kerak, ularning yoshi haqida so‘rashmaydi” degan. Xullas shunaqa gaplar, - deydi Rahmatullayev.

Bir kun o‘tib Toshpo‘lat Rahmatullayev bu haqda o‘z blogida yozganidan so‘ng unga Samarqand vilyaoti hokimiyatidan qo‘ng‘iroq qilishgan.

– 18dan pastini yubormaymiz, ular noto‘g‘ri aytishibdi, deydi. Boshida kollejning ikkinchi va uchinchi kurs talabalarini chiqaramiz, deyishgan edi. Ikkinchi kurslar 17 yoshda, ularni chiqarish mumkin emas, dedim. Kollej rahbariyati chiqarmay boshqa ilojimiz yo‘q, dedi. Hokimiyat endi menga telefon qilib, kollej rabarlari noto‘g‘ri tushungan, 18gacha bo‘lganlarni yubormaymiz, deyapti. Hayronman, u bunaqa deydi, bu bunaqa,- deydi samarqandlik blogger.

O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashib kelayotgan Berlindagi O‘zbekiston-Germaniya forumi rahbari Umida Niyozova fikricha, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi to‘la isloh qilinmas ekan va fermerlarga mustaqil ravishda ishchi kuchini yollash kabi erkinlik berilmas ekan, davlat tomonidan bolalar mehnatidan foydalanish davom etaveradi.

- O‘zbekiston 18 yoshgacha bo‘lganlar paxtaga chiqarilmaydi deyapti. Aftidan, Toshkentdagi markaziy hukumat bolalarni paxtaga chiqarmaslikka harakat qilayotgandir. Chunki bolalar huquqlari to‘g‘risidagi konventsiyaga muvofiq 18 yoshgacha bo‘lganlar bola hisoblanadi. Lekin mahalliy hokimlar planni bajarishi kerak. Hokimlar ko‘proq odam, jumladan 18 yoshga to‘lmaganlarni chiqarib bo‘lsa ham shu planni bajarishga harakat qiladi. Bu har yili bo‘ladigan xolat. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi isloh etilmasa va kvota tizimi bekor qilinib, fermerlarga erkinlik berilmasa bu davom etaveradi, - deydi Umida Niyozova.

O‘tgan hafta bir qator inson huquqlari tashkilotlarini birlashtirgan Vashingtondagi Cotton Campaign tashkiloti O‘zbekiston hukumatini majburiy mehnatni taqiqlash va bu taqiqni buzganlarni jazolashga chaqirgan edi.

XS
SM
MD
LG