Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:53

“Chorsu” bozoridagi tadbirkorlardan paxtaga borish talab qilindi


Toshkentning “Chorsu” buyum bozoridagi do‘kon egalaridan paxtaga borish talab qilinmoqda. Ozodlik manbalariga ko‘ra, kunlik savdoni tashlashga ko‘zi qiymagan do‘kondorlar mardikor yollab, paxtaga jo‘natmoqda. “Chorsu” bozori ma‘muriyati vakili Ozodlikka hasharchilar juma kuni paxtaga jo‘nab ketishini bildirdi.

“Chorsu” buyum bozoridagi do‘konlardan birining sohibi Akmal Sodiqov (xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi o‘zgartirildi - tahr.) Ozodlik bilan suhbatda o‘tgan haftada bozor ma‘muriyati tadbirkorlarni yig‘ib, paxta terimiga odam jo‘natish kerakligini aytganini bildirdi.

Tadbirkorga ko‘ra, bozor ma‘muriyati “Paxta-2014” kampaniyasiga yordam berish maqsadida shunday qilinayotganini tadbirkorlarga tushuntirgan.

- Har to‘rtta do‘kon bitta odam yollab paxtaga jo‘natyapti. Paxta terimchilarining bir kunlik ish haqi 40 ming so‘m ekan. Shunda har bir do‘konga bitta hasharchiga to‘laydigan pul 300 ming so‘mdan tushayapti, deydi Akmal Sodiqov.

Unga ko‘ra, to‘rtta do‘kon 300 ming so‘mdan pul yig‘ib bersa, paxtaga yollangan odam bir oyda 1 million 200 ming so‘m pul ishlaydi. Bundan tashqari, tergan paxtasiga to‘lanadigan pul ham uning o‘ziga qoladi.

Akmal paxtaga odam yollab jo‘natish majburiy emasligi, tadbirkor xohlasa, paxtaga o‘zi ham borishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

- Yollangan odamning pasportidan bitta nusxa olib qolinadi va mehnat haqining yarmi oldindan qo‘liga beriladi. Qolganini paxtadan qaytib kelganidan keyin oladi. Xohlasa, do‘kon egasining o‘zi borishi mumkin. Do‘kon egalari savdo bilan band bo‘lgani uchun odam yollayapti, deydi suhbatdosh.

Akmal Sodiqov “Chorsu” bozori ma‘muriyati tadbirkorlardan pul yig‘ib olmayotgani va paxtaga odam yollashga aralashmayotganini ta‘kidladi.

- Bozor ma‘muriyati yoki hokimiyat paxtaga odam yollash uchun pul yig‘ishga aralashmayapti. Kim odam jo‘natadigan bo‘lsa, o‘zi topayapti. Pul paxtaga boradigan odamning qo‘liga beriladi, deydi toshkentlik tadbirkor.

“Chorsu” bozori ma‘muriyatining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlikka bozor ma‘muriyat paxtaga shu haftada odam jo‘natishini aytdi.

- Juma kuni ertalab soat 7 da otpravka, “Panorama”ning oldida. Bozor nomidan 150 kishi boradi. Hozir hammaga telefon qilib aytishyapti, dedi bozor ma‘muriyati xodimi.

Unga ko‘ra, “Chorsu” bozori ma‘muriyati paxtaga boradigan odamlar ro‘yxatini allaqachon tuman hokimiyatiga topshirgan.

O‘zbekiston hukumati 18 yoshga to‘lmagan o‘quvchilarni paxta terimiga chiqarmaslik haqida qat‘iy buyruq bergani ortidan Toshkent va viloyatlarda byudjet tashkilotlari xodimlari, shuningdek, xususiy sektorda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni paxtaga safarbar qilish kampaniyasi davom etmoqda.

6 sentabr kuni Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, Toshkentning “Qo‘yliq qurilish mollari bozori”ga borgan Bektemir tuman hokimi o‘rinbosari do‘kon sohiblariga tumandan paxta terimiga odam jo‘natish lozimligi, paxtaga bora olmaydiganlar 800 ming so‘mdan pul yig‘ib berishi kerakligini aytgan.

15 sentabr kuni Jizzaxdan elektron pochta orqali Ozodlikka maktub yo‘llab, ismi oshkor etilmasligini so‘ragan tadbirkor ham shahar hokimiyati rasmiylari “Zebo” savdo markazidagi har bir do‘kon paxtaga 2 yoki 3 kishini jo‘natishi kerakligi haqida buyruq berganini iddao qildi.

XS
SM
MD
LG