Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:11

O‘qituvchiga bir paytning o‘zida ham paxtada¸ ham sinfxonada bo‘lish buyurilmoqda


Ozodlikning hokimiyat tizimlaridagi manbasiga ko‘ra¸ Bosh vazir Shavkat Mirziyoev o‘tkazayotgan selektor yig‘inlarida Xalq ta‘limi boshqarmasi va bo‘limlariga maktablardagi o‘qish jarayonini to‘xtatmaslik¸ ayni paytda o‘qituvchilarni paxtaga chiqarish talab qilinmoqda. Bunday buyruqni bajarish yo‘lini topgan maktab direktorlari esa¸ o‘qituvchini to‘liq dars o‘tish¸ ayni paytda paxta tugaguncha o‘z o‘rniga terimchi yollashga majburlamoqda.

O‘zbekiston hukumati 2 million nafarga yaqin 18 yoshga to‘lmagan o‘quvchi mehnatidan¸ xalqaro bosim ostida voz kechishga majbur bo‘lganidan so‘ng bu tekin ish kuchi o‘rnini to‘ldirish maqsadida yangi va yangi xilma-xil usullarni o‘ylab topmoqda.

Bunday usullardan biri¸ ham davlat xizmatchilari¸ ham xususiy tadbirkorlarni paxtaga chiqish¸ chiqmasa¸ o‘rniga odam chiqarish uchun har joyda har xil qilib belgilangan “narx”ni to‘lab qo‘yishga majburlashdir.

Bunday majburlashning antiqa usuli¸ o‘rta maktab o‘qituvchilari ustida tajribadan o‘tmoqda¸ aftidan.

Tepadan pastga tushirilgan bunday tajriba talabicha¸ o‘qituvchi kun bo‘yi maktabdagi dars va mashg‘ulotlarni qoldirmasligi¸ ayni paytda¸ terim mavsumi tugagunga qadar¸ paxtada bo‘lishi lozim. Bir odamning bir paytning o‘zida ikki joyda bo‘lishi¸ hozircha fantastika filьmlaridagina mumkin bo‘lgani bois¸ o‘qituvchiga o‘zi maktabda qolib¸ o‘rniga mardikor yollash majburiyati yuklanmoqda:

“Men O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanidagi 45-maktabida o‘qituvchilik qilaman, bu yilgi paxta mavsumi boshlanishidan oldin "opamiz" paxta uchun pul yig‘ishimiz kerakligini eslatib qo‘ydilar, ammo paxta mavsumi boshlanganda yig‘ishimiz kerak bo‘lgan mablag‘ni eshitib hayron qoldik - "opamiz" majburan har birimizdan 750.000 so‘mdan yig‘ib oldilar. Bizlar nega endi peshona terimizni bola-chaqamizga yedirmasdan, balki bizlarga umuman foydasi yo‘q paxta mavsumiga sarf etishimiz kerak? Gapiray desak ishdan haydalsak, gapirmasak doim ber-ber, sizlardan iltimos shu ish yuzasidan yordam bersalaring”¸ deb murojaat qildi yangiyo‘llik o‘qituvchi.

Bu iddaoga javob bergan Yangiyo‘ldagi 45-maktab direktori Ma‘rifat Abdurahimova¸ shaxsan o‘zining pul yig‘ayotganini inkor qildi¸ammo o‘qituvchilardan ishlab turib¸ o‘rnimga odam yollab¸ haqini o‘zim to‘layman¸ degan mazmunda tilxat olganini e‘tirof etdi.

Direktor ta‘kidicha¸ bunday tilxatlar¸ har bir o‘qituvchining shaxsiy delosiga tirkab qo‘yilgan. Bunday qog‘ozga qo‘l qo‘ygan o‘qituvchi esa¸ mardikor bozoridan odam yollab¸ tegishli rasmiyatchilikni qilib¸ o‘rniga odam chiqarish majburiyati o‘z zimmasiga olgan. “Bu odam¸ o‘qituvchining bolasimi¸ jiyanimi¸ yoki bozordagi mardikormi¸ bizga farqi yo‘q. Mardikor kimga qanchaga tushayotgani ham mening ishim emas”¸ deydi 45-maktab rahbari¸

Yangiyo‘l tumanining boshqa maktablarida ham¸ Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ o‘qituvchilardan o‘z o‘rniga odam chiqarish yoki¸ rahbariyat belgilagan stavkani to‘lab qo‘yish talab qilinmoqda.

Ma‘lumotlarga ko‘ra¸ bu narx mavsum uchun 750 mingdan 150 ming so‘mgacha va bu pulni o‘qituvchi o‘z oyligidan to‘lashi lozim. Byudjetga qaram soha vakillari kabi o‘qituvchi oyligining aksar qismi plastik kartochkaga naqdsiz o‘tkazilayotgan bir paytda¸ o‘qituvchi bu pulni qayerdan olishni bilmay ovora. Bu talab ijrosiga “ijodiy” yondashgan ayrim maktablarda o‘qituvchilar bu pulni o‘quvchilardan o‘lpon sifatida yig‘ib olmoqda.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ o‘qituvchilarga mantiq doirasiga sig‘maydigan “dalaga chiqma¸ lekin paxta ter”¸ qabilidagi talab Bosh vazir Shavkat Mirziyoev¸ qolaversa¸ hokimiyat rasmiylari o‘tkazayotgan majlislarda har kun o‘rtaga qo‘yilmoqda.

“Hokimiyat har bir maktabdan paxtaga boshga bosh odam chiqarasan deb talab qilayapti. Hech qanday e‘tiroz qabul qilinmaydi”¸ deydi ana shunday yig‘inlardan ko‘pida qatnashgan Ozodlik manbasi.

Maktab-maorif uchun mas‘ul bo‘lgan O‘zbekiston Xalq ta‘limi vazirligi rasmiylari esa maktab o‘qituvchilariga yuklangan bunday talabga vazirlikning aloqasi yo‘qligini aytish bilan cheklanmoqda:

- Vazirlik tomonidan o‘qituvchilarni paxtaga chiqarish bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma bo‘lmagan. Aksincha¸ hozirgi terim paytida ularga darsdan tashqari mashg‘ulotlarni ko‘paytirish tavsiya qilingan¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda Xalq ta‘limi vazirligi matbuot xizmati rasmiysi.

XS
SM
MD
LG