Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:32

O‘zbekistonda Rossiyaning "Mir" telekanali efirdan olib tashlandi


Kabel televideniyesi orqali ko‘rsatib kelingan "Mir" telekanali besh kundan beri efirdan g‘oyib bo‘ldi. MDH hududiga Hamdo‘stlikni targ‘ib qilish uchun bepul uzatilayotgan "Mir" vakillari bu haqda jo‘yali izoh bermayotgan bir paytda¸ “O‘zbekiston kabel televideniyesi” MChJ mutasaddisi telekanal bilan litsenziya kelishuvi muddati tugagani bois¸ "Mir" efirdan olib tashlanganini bildirdi.

Toshkentda aholiga kabel televideniyesi xizmatini taklif etish bilan shug‘ullanuvchi shirkat vakillaridan biri "Mir" telekanali ayni kunlarda mijozlarga taqdim etilayotgan telekanallar ro‘yxatida yo‘qligini bildirdi:

- Yo‘q¸ bu ro‘yxatda "Mir" yo‘q. Biz "O‘zbekiston kabel televideniyesi"dan signal olamiz va "Mir" aynan O‘zbekiston kabel televideniyesi tarafidan o‘chirilgan. "Mir" bilan RBK kanali ko‘rsatmayapti besh kundan beri¸ dedi Toshkentdagi kabel televideniyesi operatorlaridan biri xodimi.

“O‘zbekiston kabel televideniyesi” ma‘suliyati cheklangan jamiyat butun mamlakat bo‘ylab kabel televideniyesi xizmatlarining markazlashgan provayderi hisoblanadi. Bu jamiyat xodimi "Mir" telekanalining efirdan yo‘qolganini telekanal va uni ko‘rsatish haqqiga ega tomon o‘rtasidagi litsenziya kelishuvi muddatining tugagani bilan izohladi:

- "Mir" hozircha ko‘rsatilmaydi¸ nimagaki ularning litsenzionniy soglasheniyesi tugadi. Keyingi muddatga tuzilib¸ ikkala tomon ham qo‘l qo‘ysa¸ yana ko‘rsatiladi. Rossiya tarafidan telekanal "Mir"¸ O‘zbekiston tarafidan kanalni retranslyatsiya qilish huquqini sotib olganlar o‘zaro kelishsa¸ markaziy studiyamizdan yana qayta ulab qo‘yamiz¸ bo‘ldi. Agar kelishuv imzolanmasa¸ mijozlarga yangi telekanal taqdim etamiz¸ dedi “O‘zbekiston kabel televideniyesi” MChJ vakili.

Ozodlik bilan suhbatda "Mir" telekanalining bir emas¸ bir necha rasmiysi kanal ko‘rsatuvlarining bir necha kundan beri O‘zbekistonda ko‘rsatilmayotganidan bexabarliklarini aytdilar va shu bois biror sharh bera olmasliklarini bildirdilar.

Telekanal vakillari¸ xususan¸ ko‘rsatuvchlarni efirga uzatish uchun ma‘sul muhandislar bilan suhbatdan ayon bo‘lishicha¸ "Mir" ko‘rsatuvlari butun MDH hududida bepul taqdim etiladi va shu bois o‘zbek provayderi bergan izohning o‘zi izohga muhtoj.

- Biz 24 soat davomida sun‘iy yo‘ldosh vositasida to‘xtovsiz efirdamiz va efirga uzatish bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q. O‘zbekistonda ko‘rsatilmayotgan bo‘lsa¸ bu faqat mahalliy provayderning ishi. "Mir" telekanali butun MDH hududiga bepul tarqatiladi va shu bois uni sotib olgan tomon bilan kelishuv tugadi¸ degan gap to‘g‘ri emas. Ayni paytda¸ provayderda bizni istagan vaqtda o‘chirib qo‘yish haqqi bor¸ dedi "Mir" telekanali ko‘rsatuvchilarini efirga uzatish uchun mas‘ul muhandislardan biri Ozodlik bilan suhbatda.

"Mir" davlatlararo teleradiokompaniyasi 1992 yilda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi a‘zolari o‘rtasidagi siyosiy¸ iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni yoritish¸ hamdo‘stlik hududida yagona axborot hududi tashkil etish va o‘zaro axborot almashish maqsadida tashkil etilgan.

Aksar dasturlari sovet ittifoqini qo‘msash ruhida bo‘lgan Mir telekanali¸ kuzatuvchilar fikricha¸ sobiq ittifoqni reabilitatsiya qilish loyihalaridan biridir.

Telekanal ko‘rsatuvchilarining MDH davlat rahbarlarining 9-10 oktabr kuni Minskda o‘tkazilgan sammitidan so‘ng O‘zbekistonda efirda olib tashlanishi Oqsaroydan berilgan siyosiy qarormi¸ yoki vaqtinchalik texnik muammo¸ Ozodlik hozircha bu haqda aniq ma‘lumotga ega emas.

"Mir"¸ ayni paytda¸ RBK telekanallarining O‘zbekistonda efirdan olib tashlangani saylovlar yilida Toshkent rahbariyati Rossiya axborot hududidan bir oz uzoqlashishga qaror qilgani darakchisimi-yo‘q¸ bunisi ham ma‘lum emas.

Ma‘lum bo‘lgani¸ "O‘zbekiston kabel televideniyesi" MChJning o‘zbekistonliklarga taqdim etilayotgan Rossiya telekanallari sonini kamaytirish rejasi yo‘qligi:

- "Mir" olib tashlangani bilan hozir ham 45 ta Rossiya kanali bor. O‘zbekistonning o‘ziniki atigi 12 ta. Mabodo "Mir" qaytmasa¸ uning o‘rniga yangi kanal qo‘yamiz va bu ham Rossiyaniki bo‘ladi¸ dedi "O‘zbekiston kabel televideniyesi" MChJ vakili.

O‘zbekistonda 2011 yili Rossiyaning DTV va TNT telekanallari translyatsiyasi, undan avval RenTV ¸ 2013 yil avgustida esa "Domashniy" kanali dasturlarini efirdan olib tashlangan.

XS
SM
MD
LG