Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:05

Tadbirkorlarning “Abu Saxiy”dan olgan mollarini "departament" tortib oldi


Shu paytgacha "Abu Saxiy"dan olingan mollarni tortib olishga hech kim jur‘at qilolmay kelayotgan edi.
Shu paytgacha "Abu Saxiy"dan olingan mollarni tortib olishga hech kim jur‘at qilolmay kelayotgan edi.

Toshkentdagi “Abu Saxiy” bozoridan mol sotib olgan jizzaxlik tadbirkorlarning 50 million so‘mlik yuki Do‘stlik tumani Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamenti tomonidan tortib olindi. Departament xodimlari tadbirkorlarni tovar sotib olingani haqidagi hujjatni taqdim qila olmaganligi uchun molni musodara qilish bilan tahdid qilmoqda. Tadbirkorlar esa, “Abu Saxiy” bozori faqat naqd pul bilan savdo qilishini va sotilgan mol uchun chek bermasligini aytmoqdalar.

Toshkent shahridagi ulgurji “Abu Saxiy” bozoridan mol xarid qilgan va uni jizzaxlik haydovchining “Gazel” yuk avtomobiliga ortgan tadbirkorlar o‘z mollari Do‘stlik tumani Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamenti tomonidan tortib olinganidan Jizzaxga qaytgach xabar topdilar.

Jizzax shahrida tadbirkorlik qiladigan Jaloliddin Alouddinovning aytishicha, u va yana o‘ndan ortiq tadbirkor, oddiy xaridorlarning yuki ortilgan mashina Do‘stlik tumaniga kirish postida to‘sib qolingan:

- 15 oktabr kuni “Abu Saxiy” bozoridan yuk ortdik. Tadbirkorlarning molidan tashqari o‘zi uchun televizor, xolodilьnik yoki boshqa xo‘jalik buyumi olgan oddiy odamlarning yuki ham bor edi. Bir fermer terimchilarni rag‘batlantiraman deb o‘ntacha televizor podstavkasi olgan. Xullas, Toshkentdan kelguncha oltita post bor, barchasida tekshirib javob bergan. Lekin Jizzax viloyatiga kirishdagi “Manas” postida esa, departament bosib ushlayapti, deydi tadbirkor.

Jaloliddin Alouddinovning aytishicha, shundan so‘ng departament xodimlari haydovchining qo‘lini qayirib, avtomobilni olib ketishgan:

- Haydovchi, to‘xtab turing bu yuklarning egalari kelsin, o‘zlarini oldida opis qilib oling, degan. Lekin departament xodimlari yuk egalarini ham kutmasdan yuklarni tushirib tashlagan. Men bir yarim soatdan keyin bordim. Prezidentga shikoyat qilaman dedim, bor prezidenting ham hech narsa qilolmaydi, deb haydab yubordi, deydi Jaloliddin Alouddinov.

Tadbirkorga ko‘ra, “Abu Saxiy” bozori savdogarlari shu paytgacha hech kimga chek bermagan:

- O‘sha kuni men o‘zim ko‘rdim. Bozordan yuk ortgan 20dan ortiq shalanda moshinlar chiqib ketdi. Bozor naqd pulga ishlaydi va biror kishiga chek bermaydi. Agar bu noqonuniy tovar bo‘ladigan bo‘lsa, “Abu Saxiy”da sottirgani qo‘ymasin, hammaga qonun baravar bo‘lsin. “Abu Saxiy” da bir kunda milliardlab so‘m oborot bo‘ladi, chek ham bermaydi, kassa apparati ham ishlamaydi va bu pullar bankka ham topshirilmaydi. Agar qonuniy qilaman desa Toshkentdan chiqishga yo‘l qo‘ymasin. 20-30 tonnalik furalar indamay cheksiz, hujjatsiz mollarni olib ketaveradiyu, departament xodimlarining kuchi oddiy tadbirkorlarga yetdimi endi, dedi tadbirkor.

Jaloliddin Alouddinovning aytishicha, olib qo‘yilgan mollar haqida hali aniq bir qarorga kelinmasdan turib, departament xodimlari mollarni bo‘lishishga tushgan:

- Menga alam qilgani shu bo‘ldiki, ertasi kuni borsam departament xodimlari bilan magazinchilar o‘zaro tortishyapti. “Eee mana bu televizorni men olaman, unisi esa buni men olaman deb birovning molini o‘zlaricha taqsimlashyapti. Men hayron qoldim. Nimaga u meni mulkimga ko‘z olaytiradi, nega tajovuz qiladi?, dedi tadbirkor.

Ayni paytda o‘ndan ortiq tadbirkorlarning yuklari Do‘stlik tumani Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamentida saqlanmoqda. Departament xodimlari ish sudga oshirilishini va sud bu haqda qaror chiqarishini tadbirkorlarga aytgan.

17 oktabr kuni Jaloliddin Alouddinov keksa onasi boshchiligida oilasi bilan O‘zbekiston prezidentiga arz qilib bordi. Shikoyatchilarni qabul qilgan prezident devoni xodimi ariza yozdirib olgach, to‘rt-besh kun ichida javob berishini bildirgan.

Do‘stlik tumani Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamenti boshlig‘i Olim Qirg‘izboyev Ozodlik bilan suhbatda tadbirkorlarning moli olib qo‘yilganini tasdiqladi:

- Bu noqonuniy qilinmagan. Maxsus guruh tuzilib tekshirilgan. Hujjatlari bo‘lmagan bo‘lishi kerak. Men hozir kasalxonadaman, kapelnitsa olib yotibman. Lekin shuni aytishim mumkinki, bu ish ko‘rib chiqiladi, jinoyatlari bo‘lmasa molllari qaytarib beriladi, dedi departament boshlig‘i Olim Qirg‘izboyev.

Ismi sir qolishini so‘ragan tadbirkorlardan birining aytishlaricha, ularning molini departament tortib olganidan so‘ng u sotib olgan moli uchun hujjat so‘rab “Abu Saxiy” bozoriga borgan:

“Mol sotib olgan savdogardan hujjat qilib ber, molimizni departament olib qo‘ydi desam, bozorning kattasiga uchrashishni tavsiya qildi. Keyin Haydar Aliyevich degan bir boshliq bor ekan. Uning oldiga kirib, aka bir parcha yukimizga qog‘oz qilib bering, desam qo‘pol ravishda “poshyol tы na ...” deb haydab soldi. Endi nima qilaylik, bunisi hujjat so‘rasa, bunisi esa dalьshe jo‘natsa, biz oddiy tadbirkorlar nima qilaylik?, dedi tadbirkor.

O‘zbekiston prezidentining kenja qizi Lola Karimovaga tegishli ekanligi aytiladigan Abu Saxiy shirkatiga import mollarning 90 foizi to‘g‘ri kelishi iddao qilinadi.

O‘tgan yili O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova mamlakatdagi eng katta "Abu Saxiy" ulgurji bozorini onasi Tatyana Karimova va singlisi Lola Karimova-Tillayeva nazorat qilishini va unga olib kiriladigan yuklar bojxona nazoratidan va davlat solig‘idan chetda qolishini o‘z tvitlarida ta‘kidlagan edi:

Gulnora o‘z tvitlarida iddao qilishicha, singlisi Lolaning eri, "Abu Saxiy bozorining egasi Temur Tillayev MXX Xavfsizlik xizmati boshlig‘i Hayot Sharifxo‘jayev bilan yaqin do‘st".

Gulnora Karimova oradan bir necha kun o‘tib bu mavzuga qaytar ekan, instagramdagi sahifasida bunday yozuv qoldirgan edi:

“Onam va general Inoyatovning ishlari rosa yurishdi. Bir tomonda Abu Saxiy bozori, ikkinchi tomonda FNPZ (Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi) va boshqalar. Maqsadlari meni yo‘q qilish bo‘ldi va toki birov uchun qurishni xohlaydigan kimsa qolmasin”, deya yozdi Karimova.

Gulnora Karimova Turkiyaning “Hurriyat” nashriga bergan intervyusida singlisining eri nazorat qiladigan "Abu Saxiy" bozori davlat solig‘idan chetda ekanligini yana bir bor ta‘kidlagan edi:

“MXX tomonidan to‘la nazorat qilinayotgan MXXning yuqori qo‘mondonlari safiga kiradigan aka-uka Hayot va Javdat Sharifxo‘jayevlarning biznes hamkorlari UzReport sayti egasi Ravshan Jo‘rayev va shuningdek, mening singlimning uchinchi eri Timur Tillayevlarning umumiy biznes manfaati bor: har oy tovar aylanmasi 20 million dollarni tashkil etadigan Abu Saxiy bozorining faoliyatidan davlat solig‘i olinmaydi”, degan edi Gulnora Karimova.

Tadbirkorlarning aytishlaricha, mayda savdogarlarni muttasil qaqshatib kelayotgan soliq va boshqa nazorat idoralari bu shirkat faoliyatini tekshirmay kelayotir.

XS
SM
MD
LG