Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:17

Taraqqiyot, turg‘unlik yoki tanazzul ko‘zgusi - OzodArxivga marhamat!


OzodArxiv – yangi eshittirish. Unda 10 yil muqaddam yoritganimiz va saytimiz arxivida saqlanib qolgan xabarlar, lavhalar, reportaj va suhbatlarni Siz tinglovchi bilan takror o‘qiymiz. Kechagi voqealar fonida bugungi voqealar mohiyati yaqqol ko‘rinadiki, bunga OzodArxivni tinglarkan, o‘zingiz amin bo‘lasiz.

Eshittirishning dastlabki sonida 2004 yil oktabrining ikkinchi yarmida yoritganimiz ba‘zi voqealarni eslaymiz.

Saytimiz arxividan (arxivga kirish uchun saytimiz nomi ostidagi “O‘zbekiston”ni bosasiz va o‘ng tomondagi “Taqvim”dan kerakli sanani tanlaysiz) 2004 yil oktabridagi maqolalar ro‘yxatini o‘qir ekanmiz, ko‘zimizga “Popda hatto 1-sinf o‘quvchilari ham paxta termoqda”, degan sarlavha yarq etib tushdi.

Shakli biroz o‘zgargan, mazmuni eskicha kampaniya

2004 yilning 14 oktabrida chop etilgan xabarda mana bunday deyilgan:

"Namangan viloyatining Pop tumanidagi 50-bolalar bog‘chasi xo‘jalik mudirasi Oltinoy Qosimovaning so‘zlariga qaraganda, tumanda hatto 1-sinf o‘quvchilari ham paxta terimiga majburan olib chiqilmoqda. U bu haqda tuman xalq ta‘limi mudirasiga aytganida, mudira bu siyosat ekani, siyosatga esa aralashmaslikni maslahat bergan".

Bundan 10 yil oldin (aslida, yaqin yillargacha ham) maktab o‘quvchilarini o‘qishdan uzib paxta terimida ishlatish nafaqat tuman xalq ta‘limi bo‘limlari mudirlari, balki hukumat a‘zolari uchun ham g‘ayri tabiiy amal emas edi.

Masalan, Ozodlikning 2004 yil, 23 oktabr kungi lavhalaridan birida O‘zbekiston iqtisodiyot vaziri birinchi o‘rinbosari Galina Saidovaning maktab o‘quvchilarining paxta terimiga jalb qilinishiga oid savolga javobi keltirilgan edi:

“Bolalarni mehnat qildirib ham, qildirmay ham tarbiyalash mumkin. Umuman olganda, yuqori sinf o‘quvchilarining paxta dalalarida ota-onalariga yordam berishi taqiqlanmagan. Paxta bizning milliy boyligimiz va uni yig‘ib-terib olishda hozircha qo‘shimcha ishchi kuchi zarur. Biroq ayni paytda qishloq xo‘jaligi sohasida islohotlar amalga oshirilmoqda va yaqin kelajakda bu muammo hal etilishi rejalashtirilgan”, degan edi bundan 10 yil muqaddam O‘zbekiston iqtisodiyot vaziri birinchi o‘rinbosari.

Galina Saidova xonim aytgan “yaqin kelajak” 10 yilda keldi: O‘zbekiston hukumati maktab o‘quvchilarini paxta terimida ishlatishni bu yil taqiqladi.

Lekin keyingi kunlarda bu taqiq joylarda buzilayotgani, maktab o‘quvchilari terimga olib chiqilayotgani to‘g‘risida qator xabarlar Ozodlikka yetib kelmoqdaki, ularni o‘z vaqtida Siz tinglovchitga yetkazib turibmiz.

O‘quvchilarni paxta terimiga olib chiqish taqiqlandiyu, bolalar o‘rniga ularning o‘qituvchilari paxta termoqda. Natijada o‘quvchi paxta tersayam, termasayam bilimsiz qolmoqda.

Bundan 10 yil oldin paxta terimiga olib chiqilgan poplik 1 sinf o‘quvchisi esa, bu yil ham paxta terdi. Chunki u hozir kollej talabasi.

Natijasi hozircha noma‘lum 8 maqsad

2004 yilning 23 oktabrida “O‘zbekistonning sakkiz maqsadi” haqida xabar qilgan edik.

O‘zbekiston iqtisodiyot vaziri birinchi o‘rinbosari Galina Saidovaning o‘shanda xabar qilishicha, “O‘zbekistonning Ming yillik rivojlanish maqsadlari” quyidagilar edi:

Qashshoqlik va ochlikni kamaytirish;

boshlang‘ich va o‘rta ta‘lim sifatini oshirish;

gender tenglikni rag‘batlantirish va xotin-qizlarga vakolat berish;

bolalar o‘limini kamaytirish;

onalar salomatligini yaxshilash;

OITS-VICh, bezgak, sil va boshqa kasalliklarga qarshi kurashish;

ekologik barqarorlikni ta‘minlash;

rivojlanish maqsadlarida global sherikchilikni yaxshi yo‘lga qo‘yish.

Bu maqsadlar BMTning “Ming yillik deklaratsiyasi” (2000 yil) doirasida qabul qilingan va ular e‘lon qilinganidan 9 yil o‘tgach – 2013 ning dekabrida O‘zbekistondagi nashrlar “2015 yil oxirigacha O‘zbekiston o‘zining Ming yillik maqsadlariga yetadi“, deb xabar qilgan edi.

BMT Atrof-muhit dasturining Yevropa uchun mintaqaviy idorasi mintaqaviy maslahatchisi Nara Luvsanning aytganlariga tayanib mahalliy nashrlar “2015 yil oxirigacha O‘zbekiston ayniqsa ekologiya va atrof-muhit sohasida o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga yetajagi” to‘g‘risida yozgan edi o‘tgan yil dekabrida.

Surxondaryolik 52 yashar Murod aka O‘zbekiston hukumati bundan 10 yil muqaddam o‘z oldiga 8 ta maqsad qo‘yganidan xabarsiz.

Shunday bo‘lsa-da, shu kunda Rossiyada ishlab yurgan Murod akadan hukumat eng birinchi maqsadi – “Qashshoqlik va ochlikni kamaytirish” maqsadiga uning qishlog‘ida qanday erishganini so‘radik.

Сурхондарёлик Мурод аканинг OzodArxivга жавоблари:
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:40 0:00
Бевосита линк

Albatta, hukumatning o‘z yutuqlari to‘g‘risidagi balandparvoz hisobotlari real vaziyatni aks ettirmaganidek, surxondaryolik Murod akaning o‘z qishlog‘i misolida aytganlarini ham butun mamlakatdagi vaziyat tasviri, deb bo‘lmaydi.

Balki, kelasi yil oxirida hukumat o‘sha 8 maqsadi ijrosini konkret raqamlarda ko‘rsatar? Balki. Xullas, kutishga to‘g‘ri keladi.

“Andijonda har qanday norozilikning oldi o‘z vaqtida olinmoqda”

2004 yilning 21 oktabrida “Savdogarlar hukumat idoralarini ogohlantirdi” degan sarlavha ostida Andijondagi bir voqea to‘g‘risida xabar bergan edik.

Gap ishsiz qolgan 300dan ortiq savdogar va 100dan ziyod ishchi-xizmatchi hukumat idoralariga murojaat etib, ish o‘rinlari tiklanmasa, norozilik namoyishlari o‘tkazajaklarini bildirgani to‘g‘risida edi.

Bundan 10 yil oldingi xabarni o‘qishimiz bilanoq darhol gap akramiylar ustida bormayaptimi, degan savol paydo bo‘ldi va uni andijonlik inson huquqlari himoyachisi Saidjahon Zaynobiddinovga berdik.

- Yo‘q, dedi u va eslab-o‘qiyotganimiz maqoladagi gaplarni adashmay esladi.

2004 yilning 21 oktabridagi lavhamizda bunday deyilgan edi:

“Joriy yilning 22 may kuni Andijondagi “Uzum” bozori buzilib, bu yerda savdo qilayotganlarning bir qismi markaziy universal magazinga, bir qismi esa jome‘ masjidi oldiga ko‘chirilgan edi. Endilikda “Uzum” buyum bozori zamonaviy tarzda qaytadan qurildi. Biroq bu yerda bitta savdo joyining birjadagi dastlabki bahosi 2 million 800 ming so‘mdan belgilangan. Savdo joyining narxi oxir-oqibatda 4 million so‘mgacha ko‘tarilyapti. “Uzum” bozorida ilgari savdo qilgan tadbirkorlarning esa bu yerdan yangi joy xarid qilishga qurbi yetmayotir.

Joriy yilning sentyabrida markaziy universal magazin yopildi, jome‘ masjid oldidagi bozor esa kuch ishlatish yo‘li bilan buzib tashlandi. O‘shandan buyon Andijonda savdogarlarning norozilik chiqishlari davom etmoqda”,
deb xabar qilingan 2004 yilning 21 oktabridagi lavhamizda.

O‘sha lavhadagi mana bu abzats e‘tiborimizni o‘ziga tortdi:

“400 dan ortiq ishsizning bildiruv xati Andijon viloyati hokimi, adliya boshqarmasi boshlig‘i, prokurori, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, Andijon shahri hokimi, ba‘zi chet el elchixonalari, xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalariga jo‘natildi”.

Diqqat qiling, aziz mushtariy, andijonlik tadbirkorlar bundan 10 yil muqaddam mahalliy ma‘murlarga murojaatnomasi nusxasini “ba‘zi chet el elchixonalari, xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalariga” ham jo‘natgan ekanlar!.

Oradan 10 yil o‘tib – bugun – 2014 yil oktabrida ham andijonliklar shunga jur‘at eta oladilarmi?

Bu savolni Saidjahon Zaynobiddinovga berdik.

Саиджаҳон Зайнобиддиновнинг OzodArxivга жавоблари:
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:38 0:00
Бевосита линк

2004 yil oktabridagi vaziyatni shu kundagi vaziyatga Saidjahon Zaynobiddinov qiyoslab berdi.

***

OzodArxiv –Ozodlik sayti arxiviga sayohat.

OzodArxiv - 10 yil avvalgi materiallarimizning takror mutolaasi.

OzodArxiv – 10 yil avvalgi voqealar fonida bugungi voqealarni tushunish imkoni.

OzodArxiv – Taraqqiyot yoki turg‘unlik yoxud tanazzul ko‘zgusi.

10 yil avval qayerda bo‘lganingizni, Sizni hozir qayerga olib ketishayotganini bilgingiz kelsa, OzodArxivni tinglang.

Arxivimizdagi materiallar bilan tanishish uchun:

saytimiz Bosh sahifasiga kirasiz,

radio nomi ostidagi “O‘zbekiston”ni bosasiz,

o‘ng tomondagi “Taqvim”dan kerakli sanani tanlaysiz.

Eski maqolalarni takror o‘qisangiz, bugungi voqealarni osonroq tushunsiz!

XS
SM
MD
LG