Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:45

O‘zbek oshpazi 351,1 kilo lag‘mon tayyorlab Ginness rekordini o‘rnatdi


18 oktabr kuni Minsk shahrida farg‘onalik oshpaz Hakim G‘aniyev og‘irligi 351 kilo 100 gramm, uzunligi 1 kilometrdan oshiq lag‘mon tayyorlab Ginness rekordini o‘rnatdi. Hozirda Rossiyada yashayotgan Hakim G‘aniyevning Ozodlik bilan eksklyuziv suhbatda aytishicha, lag‘monni tayyorlash uchun 70 kilo qo‘y go‘shti, 60 kilo hamir va 100 kilo sabzavot ishlatgan. O‘zbek oshpazi endilikda 3 tonnalik osh pishirib, rekord o‘rnatishni rejalashtirmoqda.

Asli farg‘onalik taniqli oshpaz va teleboshlovchi Hakim G‘aniyev 18 oktabr kuni Minsk shahrida joylashgan “Manti- Ponti” restoranida dunyodagi eng uzun lag‘monni tayyorlashga muvaffaq bo‘ldi. Og‘irligi 3,5 sentnerdan va uzunligi 1 kilometrdan oshgan bu taom Ginness rekordlar kitobi vakillari tomonidan qaydga olindi va tegishli sertifikat bilan taqdirlandi.

Endigina Minskdan qaytib kelgan Hakim aka G‘aniyev Ozodlik bilan suhbatda pazandalik shedevrini tayyorlashga 70 kilo qo‘y go‘shti, 60 kilo hamir va 100 kilo sabzavot ishlatilganini gapirib berdi:

- Minskda O‘zbekiston taomlariga o‘rgangan do‘stlarimizdan biri yapon sushi- pushisi restoranlari to‘xtab qoldi, nima qilay, deb murojaat qilgan edi. Biz unga O‘zbekiston milliy taomlari restoranini ochsang ovqatlari mazali, tannarxi arzon deb maslahat bergan edik. “Manti-Ponti” degan restoran ochgandi. Shu bola bizga sponsorlik qildi. Men lag‘mon qilaylik, dedim. Lag‘mon 150 kilocha Uyg‘urda qilingan ekan rekord. Mana qilingan lag‘mon o‘sha yerdagi yetim qolgan bolalarning xospisi orqali tarqatildi,- deydi nima uchun rekord o‘rnatishga aynan Belarus poytaxti tanlanganini gapirgan Hakim aka.

Lag‘mon tayyorlash bo‘yicha musobaqa ishtirokchilari an‘anasiga ko‘ra, bir kosa taomni Toshkent shahriga – mashhur “Yalla” ansambli musiqachilariga yuborilgan. Hakim G‘aniyevga ko‘ra, “Yalla” hozirgacha butun sobiq Ittifoq mamlakatlarida O‘zbekistonning madaniy ramzi sifatida e‘tirof etib kelinmoqda.

Suhbat davomida taniqli oshpaz shu tariqa o‘zbek taomlarining tanilishiga xizmat qilayotgani va yaqin kelajakda o‘zbek oshxonasi Yevropa restoran bozoriga chiqishiga shubhalanmayotganini gapiradi:

- Mana yonimda turibdi sertifikat – 351 kiloyu 100 gramm lag‘mon! Menga buning shuhrati kerak emas, menga o‘zbegimizning taom tarafidan dunyoga tanilsa bo‘ldi. Yoshim ham 55dan o‘tdi. O‘zbekistonimiz juda zo‘r joy egallagan. Buyuk Ipak Yo‘li boshidan kirib oyog‘idan chiqib ketgan. Ha, bu yo‘lda nafaqat mol-mulk tashilgan: unda hunarmandlar, oshpazlar, etikdo‘zlar, quruvchilar yurgan. Oshpazlar ham karvon saroylarda ishlashib, eng zo‘r taomlarni O‘zbekistonda qoldirgan. O‘zbeklar boshqa davlatning ovqatini pishirsa ham o‘zbekona qilib pishiradi! Masalan, O‘zbekistonda Ukraina borshi ham Ukrainaniki, ham O‘zbekiston ziravorlari mazasini beradi. Lekin O‘zbekiston milliy taomlari hozircha dunyoga tanilgani yo‘q. Yaqinda u Yevropaga ham chiqib, Italiya, Frantsiya qatoriga kirib, ulardan o‘tsa o‘tadiki, bas kelmaydi, Xudo xohlasa,- deydi Hakim G‘aniyev.

Uning aytishicha, “Manti-Pontida” lag‘monni yeyish tezligi bo‘yicha ham Ginness rekordi o‘rnatilgan.

Suhbatimiz so‘nggida oshpaz anchadan beri osh pishirish bo‘yicha rekord o‘rnatishga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi. Hakiim aka 2,5 tonna osh pishirish bo‘yicha Ginness kitobiga kirgan Urumchi oshpazlari rekordini yangilash niyatida:

- Ijevskda cho‘yan zavodi bor. O‘sha yer bilan gaplashdim, noyabrda borsam va ular 3 tonna hajmdagi osh sig‘adigan qozon qo‘yib bersa, biror joyda yangi rekord o‘rnatamiz. Gap shundaki, rekord uchun qozon butun bo‘lishi kerak, bitta. Minskda ham lag‘mon pishirishda alohida 250 litrlik qozon, 500 litrlik kastryul zakaz qilindi. Shu fursatdan foydalanib, butun yurtdoshlarimga, hammalariga salom, oila a‘zolari bilan kam bo‘lishmasin. Musofirchilikda yurgan yigit-qizlar ota onalarini esdan chiqarmasin,- dedi Hakim G‘aniyev.

Ҳаким Ганиев билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:02 0:00
Бевосита линк

Eslatib o‘tish joyizki, bu natija oshpazning ikkinchi Ginness rekordi.

2013 yilning 3 oktabrida Moskvadagi “Qozon” o‘zbek restoranida Hakim G‘aniyev o‘z kasbdoshlari bilan birga qariyb bir hafta hozirlagan norin tayyorlash bo‘yicha Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan edi. Og‘irligi yarim tonnadan oshgan bu norinni hozirlagan Rossiyadagi o‘zbek oshpazlari Namanganning Norinida 2011 yilda o‘rnatilgan oldingi rekordni ortda qoldirgan.

Ancha yillardan buyon Moskvada faoliyat olib borayotgan va o‘zbek oshxonasini rus shinavandalariga qator teleko‘rsatuvlar orqali tanitayotgan Hakim aka o‘z sohasi bo‘yicha qator kitoblar muallifi hamdir.

Uning o‘zbek taomlariga bag‘ishlangan jami yettita kitobdan iborat “Hakim G‘aniyev bilan sharqona ziyofat” (“Palov”, “Shashliklar”, “O‘zbek oshxonasi” va bosh.) seriyasi chiqqan. Hakim G‘aniyev O‘zbekiston Oshpazlar Assotsiatsiyasi a‘zosi.

Farg‘ona vodiysining Marg‘ilon shahrida tavallud topgan.

XS
SM
MD
LG