Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:46

Tohir Malik: "Shaytanat"ni ëzganimdan afsuslanmayman!


Jurnalist va yozuvchi, 39 yashar Shukur Jabborning “Shaytanat” asari muallifining tavbasi" degan maqolasi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinmoqda.

Shukur Jabborning facebookdagi sahifasida e‘lon qilingan bu maqola “yumaloq-yostiq asarlar va ularning nodon o‘quvchilari” ga atalgan.

“Adabiyot deganlarining “a”si chiqib ketdi”, deb boshlanadigan maqola “adabiyot farishtalik maqomidan tushib hayvonotga aylandi”, degan iddao ilgari suriladi. Maqoladan iqtibos:

“Bugungi zamonning o‘quvchisiyam, yozuvchisiyam aynidi. 90- yillar xaos paydo bo‘ldi. Shunda Tohir Malik “Shaytanat” detektivini yozdi. Detektiv va oson o‘qiluvchi narsaga tashna bo‘p turgan o‘quvchi yoppasiga “Shaytanat”ga yopishdi. Xaos bir muncha to‘ldi.” (orfografiya muallifniki)

Bu gaplarni yozgan Shukur Jabbor "Tohir Malik “Shaytanat”ni yozib o‘quvchilarni oldi-qochdi asarlar o‘qishga mubtalo qilganidan afsusda", degan iddaoni ilgari surdi:

“Tohir Malik nima ish qilib qo‘yganini keyin tushunib yetdi, lekin kech bo‘lgan edi. Tohir akaning ijodini kuzatsak, keyingi asarlarida detektiv deganlaridan qochish, pushaymonlik ko‘zga tashlanadi. Chunki, bu insonning qalbiga nazar tashlasam “adabiyotdagi buzg‘unchilikni boshlab berdim”, degan afsus chekishga o‘xshagan bir nimalarni ilg‘ab qolaman. Buni hozir yozayotgan narsalaridan ham bilish mumkin”, deyiladi maqola davomida.

Shukur Jabborning bu mulohazalari ortidan Ozodlik muxbiri taniqli yozuvchi Tohir Malik bilan bog‘landi.

Shukur Jabborning "engil-elpi adabiyot" haqidagi fikrlariga qo‘shilgan holda Tohir Malik “Shaytanat” asarini yozgani uchun afsuslanmasligini bildirdi:

- Yo‘q, nega pushaymon bo‘laman. Pushaymon bo‘lsam yozmas edim-ku buni?! Men bu kitobni yozganimdan afsuslanmayman. Kitob, avvalo, mafiya haqida emas. Kitob hayot haqida¸ hayotdagi e‘tiborga loyiq jihatlar haqida. “Shaytanat” asarini tanqid qilayotganlar kitobni faqat sarlavhasini o‘qishgan¸ deydi Tohir Malik.

Ayni paytda Tohir Malikning kitobi mafiyani ulug‘lashga sabab bo‘ldi deydiganlar ko‘p. O‘zbekistonlik taniqli shoira Gulchehra Nurillayeva nazarida “Shaytanat” romanida mafiya o‘zbek shuurida ijobiy tarzda gavdalantirilgan:

- Men bu masalaga avval-boshda ijobiy qaragan edim¸ chunki bu asar qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilib¸ bestseller asarlar qatoridan joy olgan edi. Lekin asarga ikkinchi marta ko‘z yugurtirib chiqqanimdan keyin bu asar mafiya dunyosini oqlaydigan, hatto mafiya dunyosi otalariga maslahatchilik qilgan bir asar sifatida menda taassurot qoldirdi. Bu kitob odamlarga “sen ham mafiya bilan shug‘ullanaver¸ senga ham oq yo‘l¸ ular juda pokiza va halol odamlar¸ ular juda jabrdiyda odamlar”, deydigan bir fikrni singdiruvchi asar sifatida meni hayron qoldirdi. Nega bu fikrlar menga¸ bu asarni birinchi bora o‘qiganimda kelmadi? To‘g‘ri, asar anchagina mahorat bilan yozilgan. Balki meni shu mahorat chalg‘itgandir.¸- deydi shoira.

Oldingi eshittirishlarimizdan birida muxolifatchi shoir yodgor Obid ham Tohir Malikni “Mard o‘g‘rilar kuychisi", deb yozg‘irgan edi:

- Men Tohir Malikning iste‘dodli yozuvchi ekanligini bilaman. Bu tomondan uni hurmat qilaman. Uning juda yaxshi asarlari bor. Lekin “Shaytanat” asarida mening diqqatimni tortgan narsa “maslahatchi”, degan gap. E‘tibor bering - Zokir Almatov. Bekorga Zokir Almatovni maslahatchi qilib tanlamagandir. Kitobning bosilib chiqishiga ham o‘sha odam va “yuqori”dagilar sababchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu kitob Tohir Malikka mafiya haqida shunday asar yozgan odam sifatida katta shuhrat keltirdi. Bu asarda “mard o‘g‘rilar” degan gap bor.Qaroqchilarni “mard” deb gapirishadi. To‘g‘ri, xalq qasoskorlari qadimda bo‘lgan, lekin bular xalq qasoskorlari emas-ku. Bular o‘g‘rilar. O‘g‘ri qanday qilib yaxshi odam bo‘lishi mumkin? Uni qanday qilib mard deyish mumkin?

Bu e‘tirozlarga Tohir Malikning javobi oddiygina bo‘ldi:

- To‘g‘ri jinoyat olami haqida yozaman. yozganlarim jinoyat olami haqidagi hikoyalar. Qozonga yaqin yursang qorasi yuqadi, deydi-ku. Men o‘sha qora qozonni ko‘rsatishga harakat qilaman. Kitobda Asadbek - salbiy obraz. Lekin kinoda uni ijobiy qilishgan. Kitobni o‘qimay faqat kinoni ko‘rganlar “Shaytanat”da mafiya ulug‘langan, deyishadi. Kitobni o‘qish kerak. Kinoda kitob mazmuni buzilgan, deydi adib..

Tohir Malik bilan suhbatni to‘la tarzda mana bu yerda tinglash mumkin.

Tohir Malik haqida

Adibning Internetdagi sahifasi u haqda mana bu ma‘lumotlar berilgan:

Tohir Malik 1946 yilning oxirida Toshkentda tug‘ildi.

Bo‘lg‘usi yozuvchi maktabni 1963 yilda tamomlab, hozirgi Milliy universitetning kechki jurnalistika fakulьtetiga o‘qishga kirdi. Kunduzi qurilishda duradgor, g‘isht teruvchi bo‘lib ishladi.

Tohir Malik o‘zbek adabiyotida kam e‘tibor berilgan fantastika janriga aynan talabalik yillari qo‘l urdi va bir qator asarlar bilan kitobxonlar e‘tiborni o‘ziga tortdi.

Uning talabalik yillarida yozgan “Hikmat afandining o‘limi” asari o‘zbek adabiyotida fantastika yo‘nalishida yozilgan birinchi qissa sanaladi.

Shundan so‘ng uning bu yo‘nalishdagi bir qator hikoyalari, “Falak”, “Somon yo‘li elchilari”, “Tiriklik suvi”, “Zaharli g‘ubor” (keyinroq “Vasvasa” nomi bilan qayta ishlangan) qissalari, “Devona” romani (dastlab “Chorrahada qolgan odamlar” nomida nashr etilgan) “Qora farishta” kitobi e‘lon qilindi va bu asarlar rus hamda chet tillarga tarjima qilindi.

Tohir Malik ijodida detektiv janri alohida ahamiyat kasb etadi.

Adib bu yo‘nalishga asos soluvchilardan biridir. “Alvido, bolalik” va “Charxpalak” qissalari kitobxonlar tomonidan yaxshi kutib olinib, yillik mukofot bilan taqdirlangach, u “Shaytanat” romani ustida ish boshladi.

Asarning to‘rt kitobi o‘n besh yil davomida yozilib, ko‘p nusxada nashr etildi va yigirma qismli filьm ishlandi. Yozuvchi asarga nuqta qo‘yish erta, deb hisoblab, 2011 yilda asarning beshinchi kitobini nashr ettirdi.

Bu orada uning “Murdalar gapirmaydilar”, “O‘lim uchburchagi”, “Talvasa” kabi asarlari yozildi.

yozuvchining “Alvido, bolalik” asari sahnalashtirilib, Yosh tomoshabinlar teatrida 600 martadan ziyod o‘ynaldi va hanuz namoyish etilyapti.

Shuningdek, Andijon, Sirdaryo, Qashqardaryo teatrlarida ham sahnalashtirildi.

Tohir Malik tarjimachilik sohasida ham qalam tebratgan. Karlo Gotstsi, Lev Tolstoy, Fyodor Dostoyevskiy, Vladimir Ikskulь, Chingiz Aytmatov, Ahiyor Hakimov va turk hamda bulg‘or adiblari asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Adib kinodramaturgiya sohasida ham barakali ijod qildi. O‘z asarlari asosida suratga olingan filmlar stsenariylarini yozish bilan birga “Akademiya”, “O‘rgimchak to‘ri” badiiy filьmlari hamda “Amir Temir davri adabiyoti”, “Sohilsiz dengiz”, “Mosh tabib”, “Varaxsha”, “Zulmat saltanati” hujjatli filьmlar stsenariylarini yozdi.

Tohir Malik “Cho‘lpon” va G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotlarda, “Guliston”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallarida bo‘lim boshlig‘i, mas‘ul kotib, Bosh muharrir lavozimlarida ishladi.

Keyingi o‘n besh davomida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida o‘zbek tilidan dars beradi.

Tohir Malik “Do‘stlik” ordeni va “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

XS
SM
MD
LG