Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:51

Tojikistonda Ukraina bo‘hronidan so‘ng matbuot erkinligini cheklash kuchaydi


Tojikistonda Arab bahori va Ukraina bo‘hronidan so‘ng matbuot erkinligida jiddiy cheklashlar kuzatilmoqda. Bu haqda gapirgan Tojikiston Mustaqil ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi rahbari Nuriddin Qarshiboyevga ko‘ra, aynan ushbu siyosiy voqealar bois hukumat organlari matbuot erkinligini cheklashni keskinlashtirgan.

Dushanbeda o‘tayotgan ommaviy axborot vositalari erkinligiga bag‘ishlangan ikki kunlik anjumanda gapirgan Qarshiboyevning aytishicha, Ukraina bo‘hroni boshlanganidan so‘ng nafaqat Tojikiston, balki boshqa postsovet davlatlarida ham matbuot erkinligini cheklash kuchaygan.

Unga kshchra, so‘nggi 15 yil mobaynida Tojikistonda axborot olishning muqobil manbalari paydo bo‘lishi OAV erkinligi bilan bog‘liq ijobiy o‘zgarishlardir, lekin aholining axborot olish imkonlarini kengaytirish zarurati mavjud:

"Axborot olish mahalliy va xalqaro qonunchilik bilan kafolatlanganiga qaramay Internetga kirish cheklangan. Tojikistonda faqat bir shaxsning qarori bilan barcha saytlarga kirish cheklanishi mumkin", dedi Qarshiboyev.

Qarshiboyevga ko‘ra, mamlakatda jurnalistlar xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyat ham xavotirli:

"Mutasaddi organlar tomonidan telefon so‘zlashuvlarimiz tinglanmoqda. Hibsga olish va bosim ko‘rsatish holatlari mavjud. Bular barchasi noqonuniy. Jurnalistlar xavfsizligini ta‘minlash zarur. Mahkama ishlari hanuz siyosiy maqsadlarga xizmat qiladi", deydi Qarshiboyev.

Tojikiston ombudsmeni Zarif Alizoda demokratik jamiyatning rivoji uchun so‘z erkinligi asosiy tamoyil ekanligini ta‘kidlab, keyingi yillarda mamlakatda matbuot erkinligi sohasida sezilarli rivojlanish bo‘layotgani aytdi.

Matbuot bilan bog‘liq qonunchilik takomillashib, Internet foydalanuvchilari soni oshayotganini aytgan Alizoda ayni paytda matbuot bilan bog‘liq muammolar mavjudigini ham inkor qilmadi:

"Tojikistonda ommaviy axborot vositalari erkinligi rivojlanishi barobarida bu sohada ishlashimiz va yechimini topishimiz lozim bo‘lgan muammolar ham bor", dedi Alizoda.

Uning ta‘kidicha, Tojikistonda matbuot ekrinligi bilan bog‘liq muammolarning asosiysi axborot olish bilan bog‘liqdir.

"Biz matbuot erkinligini cheklashning har qanday ko‘rinishi amaldagi qonunlarga muvofiq bo‘lishi lozim deb hisoblaymiz. Keyingi vaqtda ayrim OAV jurnalistik ahloq normalariga amal qilmagan holda tekshirilmagan ma‘lumotlarni tarqatmoqda", dedi Tojikiston ombudsmeni Zarif Alizoda.

5 noyabr kuni Tojikiston Konstitutsiyasining 20 yilligi munosabati bilan Dushanbeda uyushtirilgan marosimda chiqish qilgan prezident Imomali Rahmon mamlakatda so‘z erkinligi mavjudligi va bunga mamlakat bo‘ylab faoliyat yuritayotgan “yuzlab” hususiy OAVlari dalil ekanini aytdi.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, Tojikistonda 307ta xususiy va 209ta davlatga qarashli gazeta va jurnal, 49ta xususiy va 19ta davlat egalik qiluvchi tele-radio kompaniyalar hamda o‘nlab xususiy axborot agentliklari faoliyat yuritadi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, rasman mustaqil bo‘lishiga qaramay, Tojikistondagi aksar gazeta va jurnallar siyosiy mavzularni chetlab o‘tadi va hukumatni tanqid qiluvchi maqolalarni nashrga bermaydi.

Freedom House xalqaro inson huquqlari tashkiloti 2013 yilgi hisobotida Tojikistonda "jurnalistlarga nisbatan qo‘rqitish va zo‘ravonlik saqlanib qolingani"ni ma‘lum qilgan.

Bundan tashqari, so‘nggi paytda tojik hukumati qator veb-saytlarga, jumladan, Facebook va YouTube kabi yirik internet xizmatlariga to‘siq qo‘yib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG