Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:32

Moskvada o‘g‘irlab ketilgan Hamidqoriyev 8 yilga kesildi


O‘zbekistonlik prodyuser Mirsobir Hamidqoriyev.
O‘zbekistonlik prodyuser Mirsobir Hamidqoriyev.

Shu yil yozida Moskvadan o‘g‘irlab ketilgan o‘zbek qochqini, prodyuser Mirsobir Hamidqoriyev 8 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi 18 noyabr kuni uning ishi yuzasidan ana shunday hukm chiqardi.

Hamidqoriyevning ishi bo‘yicha hukm o‘qilgani haqida Ozodlikka prodyuserning mahkamada ishtirok etgan jiyani Nafosatxon ma‘lum qildi.

- Prokuror 8 yil so‘radi. Keyin sudya: “11 yil” deb, 8 yilga qilib berdi. Avval [sudьya]: “244-moddaga 7 yil, 216 ga 4 yil beramiz”, dedi. Keyin 8 yil berib, ishni yopishdi, - deydi Mirsobir Hamidqoriyevning jiyani Nafosatxon.

Shu yil iyunida Moskvada o‘g‘irlab ketilgan va keyinchalik daragi Toshturmadan chiqqan Mirsobir Hamidqoriyev ishi bo‘yicha Toshkentda sud bo‘layotgani haqida Ozodlik avval xabar qilgandi. U rasmiylar tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244-moddasi 2-bandi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) hamda 216-moddasi (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish) bo‘yicha ayblanayotgandi.

Nafosatxonga ko‘ra, avvalroq sud mulozimlari Mirsobir Hamidqoriyev ishi bo‘yicha hukm 20 noyabr kuni o‘qilishi aytganlar. Biroq bu ish kecha juda oshig‘ich amalga oshirilgan. Nafosatxon sudьya tog‘asiga so‘nggi so‘zga tayyorlanish uchun ham vaqt bermaganini urg‘ulaydi. Uning so‘zlarini Mirsobir Hamidqoriyevning rafiqasi Eleonora Isayeva ham tasdiqlaydi.

- Sudya Sobirdan: “Senga so‘nggi so‘z beraylikmi?” deb so‘radi. U: “Menga tayyorlanish uchun vaqt kerak”, dedi. Keyin sudya: “Yaxshi, tayyorlan” deb, hammamizni sud zalidan chiqarib yubordi. Oradan 20 daqiqa ham o‘tmasdan bizni yana ichkariga chaqirishdi. Sudya Sobirga: “So‘nggi so‘zingni o‘qi”, dedi. Sobir: “Men tayyorlanish uchun hech bo‘lmaganda 1 kun berasizlar, deb o‘ylagandim”, dedi. Sudya: “Yo‘q, senga 1 kun berolmayman. Istasang, hozir o‘qi, istamasang, so‘nggi so‘zdan bosh tortdi, deb yozib qo‘yaveraman”, dedi. Keyin Sobir 1 kun berishlarini so‘rab, yig‘lab, sudyaga yalina boshladi. Sudya ko‘nmadi. Keyin Sobir uning qaramog‘ida uch nafar yetim borligini gapira boshladi. Bundan tashqari, mening bolam bor, buning ustiga, hozir homiladorman. Yana Sobirning ona-otasi ham bor, otasi ishga yaramay qolgan. Sobir bularning hammasini ayta boshladi. Ammo tayyorgarliksiz bo‘lgani uchun jo‘yali gapirolmadi, gapini tezda tugatib qo‘ydi. Keyin hukm o‘qildi, - deydi Hamidqoriyevning rafiqasi Eleonora Isayeva.

Uning aytishicha, sudya mazkur hukm yuzasidan 10 kun ichida shikoyat arizasi topshirilishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

Hamidqoriyevning yaqinlari hukm yuzasidan apellyatsiya tartibida shikoyat qilish-qilmaslik haqida hali bir qarorga kelmaganlarini aytishdi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Mirsobir Hamidqoriyevga qo‘yilgan ayblov asosan “Gap”da (oshna-og‘aynilari bilan ziyofatda)uning O‘zbekistonda rasmiylarning musulmonlar haqlarini cheklayotganiga oid tanqidiy fikrlari ustiga qurilgan.

Mirsobir Hamidqoriyev ishi xalqaro inson huquqlari tashkilotlarining ham diqqat markazida turibdi. Xususan, Xalqaro Amnistiya tashkiloti moskvalik advokat Illarion Vasilyev so‘zlariga tayangan holda, so‘nggi ikki oy mobaynida Hamidqoriyev hibsxonada qiynoqqa tutilgani va bu amaliyot davom etishi mumkinligi yuzasidan tashvish bildirgandi.

XS
SM
MD
LG