Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:32

Oilaga yaqin o‘zbekistonlik tadbirkor Dubayda sud hukmini kutmoqda


O‘zbekistonlik 57 yashar tadbirkor Aleksey Yaitskiy.
O‘zbekistonlik 57 yashar tadbirkor Aleksey Yaitskiy.

Ozodlik radiosiga ma‘lum bo‘lishicha, o‘zbekistonlik tadbirkor, Silk Road Cargo Bussiness shirkatining Dubaydagi vakili, United Arab Emirates Aviation & Aerospace transport shirkatining bosh direktori, Oilaga yaqin 57 yoshli Aleksey Yaitskiy Birlashgan Arab Amirliklarida hibsga olingan.

Ozodlikning bir-biridan mustaqil ikki manbasiga ko‘ra, Aleksey Yaitskiy pora berishda gumon qilinib, o‘tgan oy boshlarida hibsga olingan.

Aleksey Yaitskiyning hibsga olingani u rahbarlik qiladigan shirkatlar va uning yaqinlari tarafidan sir tutilmoqda.

Ozodlik manbalaridan biriga ko‘ra, Aleksey Yaitskiy 3 oktabr kuni BAA politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan va u bilan bog‘liq jarayonni Dubaydagi yuqori martabali shayxlardan biri shaxsan nazorati qilmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan va ismi sir qolishini istagan O‘zbekiston hukumatidagi mulozimning aytishicha, "O‘zbekiston hokimiyati hamda kriminal doiralarga yaqin qudratli shaxslar Yaitskiyni hibsdan ozod qilishga qattiq uringan".

Shu kunlarda O‘zbekistondagi "o‘ta yuqori lavozimli hukumat mulozimlari va kriminal avtoritetlar Aleksey Yaitskiyni garov puli evaziga ozodlikka chiqarishga urinmoqda", dedi manba. Bu iddaolarni Ozodlikning boshqa manbalari ham tasdiqladi.

Aleksey Yaitskiy suratda o‘ngdan ikkinchi
Aleksey Yaitskiy suratda o‘ngdan ikkinchi

Ammo Silk Road Cargo shirkatiga yaqin Ozodlik manbalarining iddao qilishicha, Aleksey Yaitskiyni ozod qilish, uy qamog‘iga o‘tkazish va unga qo‘yilgan ayblovni O‘zbekistonda mamlakat milliy qonunchiligi asosida ko‘rib chiqish to‘g‘risida ilgari surilgan takliflar BAA rasmiylari tarafidan rad qilingan.

Ma‘lum sabablarga ko‘ra shaxslari ochiqlanmasligi sharti bilan Ozodlik muxbiri bilan suhbatda bo‘lganlar, ayni paytda Yaitskiy Dubaydagi qamoqxonada sudni kutayotganini ta‘kidlashdi.

Ma‘lum bo‘lishicha, noyabrning oxiriga qadar Dubay sudi o‘zbekistonlik tadbirkor ishi yuzasidan qaror qabul qilishi kutilmoqda.

Korruptsiya iddaolari?

Yaitskiy bilan bog‘liq vaziyatni yaqindan biladigan Ozodlik manbasining iddao qilishicha, u (Yaitskiy) Dubaydagi yuqori martabali shaxsga 100 ming AQSh dollari miqdorida pora berishga urinayotgan paytda qo‘lga olingan. Unga nisbatan mansabdor shaxsni sotib olishga uringanlik va korruptsion sxemalar bo‘yicha biznes yuritganlik ayblovlari ilgari surilmoqda.

Yana bir manba esa, Aleksey Yaitskiy Dubayning mulozim shayxlaridan biriga 70 ming AQSh dollari miqdorida pora taklif qilib, transport biznesiga oid muammoni hal qilib berishni so‘ragan, deya iddao qildi. Manbaga ko‘ra, shayx pulni rad qilib, Yaitskiyni politsiyaga topshirgan.

Xorijiy investitsiyalar bilan shug‘ullanadigan o‘zbek mulozimi, Ozodlik muxbiri bilan o‘zaro suhbatda, Aleksey Yaitskiyning Dubayda hibsga olinganidan xabari borligini aytar ekan, "BAA tergov idoralari o‘zbekistonlik tadbirkordan uning Dubaydagi bank hisobidagi 10 million AQSh dollariga teng mablag‘ning qayerdan olinganini izohlab berishni talab qilmoqda. Yaitskiy hozircha bu mablag‘ning legal manbalariga oid ma‘lumot taqdim eta olmagan" dedi.

Ozodlik muxbiri o‘zbekistonlik tadbirkorning hibsga olinishi sabablariga oydinlik kiritish maqsadida Dubay Bosh prokuraturasi bilan bog‘landi. Prokuratura mulozimi tergov manfaatlari ro‘kach qilib, tergovdagi ishlar bilan bog‘liq tafsilotlar matbuotga ochiqlanmasligini bildirish bilan cheklandi.

Boshqa bir ishonchli ma‘lumotga ko‘ra, Yaitskiy joriy yil boshida oilasini Dubaydan Londonga ko‘chirgan. Shu yil sentyabrida Yaitskiyning farzandi Londondagi maktabga borgan.

Yaitskiy kim?

Qarorgohi Parijda joylashgan "Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi" rahbari Nadejda Atayevaning iddao qilishicha, Aleksey Yaitskiy O‘zbekistondagi o‘ta qudratli shaxslar nazoratidagi transport-logistika kompaniyasi manfaatlarini himoya qiluvchi Dubaydagi lobbichisi bo‘lib kelgan.

Aleksey Yaitskiy
Aleksey Yaitskiy

​Ayni paytda Aleksey Yaitskiyning o‘zi ham O‘zbekistondagi qudratli shaxslar davrasiga kirishi aytilmoqda. Ozodlikka yetib kelggan fotosuratlarda Yaitskiy, WikiLeaks saytida "mafiya bossi" sifatida tilga olingan Salim Abduvaliyev bilan maroqli vaqt o‘tkazayotgani aks etgan.

Aleksey Yaitskiy (chapdan ikkinchi), Salim Abduvaliyev (chapdan birinchi) va marhum Arslon Ro‘zmetov(chapdan uchinchi)
Aleksey Yaitskiy (chapdan ikkinchi), Salim Abduvaliyev (chapdan birinchi) va marhum Arslon Ro‘zmetov(chapdan uchinchi)

​Boshqa bir fotosuratda Aleksey Yaitskiyning O‘zbekiston havo yo‘llari shirkatining sobiq raisi “Boing” samolyotlarini sotib olishda, korruptsion sxemalardan foydalanganlikda ayblanib qamalib, pirovardida 2008 yilda olamdan o‘tgan Arslon Ro‘zmetov bilan yelkama-elka turgani aks etgan.

Sovet davrida fuqaro aviatsiyasi tizimida ishlagan Aleksey Yaitskiy mustaqillik yillarida O‘zbekiston havo yo‘llari milliy aviashirkatining xalqaro vakolatxonalari bo‘yicha bosh direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan, milliy aviakompaniyadagi Ozodlik manbasining aytishicha, "shef Arslon Ruzmetovdan keyin ikkinchi shaxs hisoblangan".

Yaitskiyni shaxsan tanishini aytgan Ozodlik manbasi, 1995 yil AQShdan sotib olingan “Boing” uchqichlarini mamlakatga keltirish jarayonining asosiy ishtirokchisi bo‘lganini ta‘kidladi.

Aleksey Yaitskiy
Aleksey Yaitskiy

​"U asosan N yu-Yorkda ishlar edi va turli davlatlardagi vakolatxonalar bo‘yicha boshliq edi. O‘zbekistonga "Boing"larni ham u olib kelgan. Arslon Gaipovich (Ruzmetov-tahr.) qamalgan paytda, uning atrofidagi juda ko‘pchilikni ham "yopib qo‘yishgan" edi. Lekin Aleksey (Yaitskiy-tahr.) qutulib qolgan edi. O‘shanda hamma orqasida odamlari kuchli ekan, deb xayron qolgan edi", deydi Ozodlik manbasi.

Ayni paytda...

Dubay jazodan qochib yurganlarni O‘zbekistonga topshiradigan bo‘ldi.

Birlashgan Arab Amirliklari Adliya vaziri o‘z hududida yurgan O‘zbekiston fuqarolarini rasmiy Toshkent talabiga ko‘ra ekstraditsiya qilishni ko‘zda tutuvchi kelishuvni 11 noyabr kuni imzoladi.

Kelishuv “ Jinoyatchilarni ekstraditsiya qilish¸ jazoga hukm qilinganlarni berish va jinoyat ishlari bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam” ni ko‘zda tutadi.

Bu kelishuvni O‘zbekiston tarafidan mamlakat Adliya vaziri Ne‘matilla Yo‘ldoshev imzoladi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan matbuot xabarnomasida ta‘kidlanishicha¸ tashrif mobaynida BAA va O‘zbekiston o‘rtasida sudlararo va huquqiy hamkorlik bo‘yicha uchta kelishuv imzolangan.

Aytilishicha¸ imzolangan hujjatlar BAA qamoqxonasida jazo o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarosining jazoning qolgan qismini O‘zbekiston qamoqxonasida o‘tashi uchun huquqiy asos yaratgan.

Kelishuv O‘zbekiston sudlari tarafidan jinoiy jazoga tortilgan¸ lekin BAA hududida yashirinib yurgan O‘zbekiston fuqarolarini BAA adliya tizimlari ko‘magida ekstraditsiya qilinishiga ham huquqiy baza yaratgan.

Kelishuv O‘zbekiston so‘roviga ko‘ra BAAda yashirinib yurgan O‘zbekiston fuqarolarini ortiqcha byurokratiyasiz berib yuborilishini ko‘zda tutadi.

Shunday qilib, 11 noyabrda imzolangan kelishuv BAA da qo‘lga olinib qamoqda yotgan ba‘zi O‘zbekiston fuqarolari uchun jazodan qutulish mujdasi bo‘lishi mumkin.

Mazkur kelishuv 57 yashar Aleksey Yaitskiy uchun rasman jazoni O‘zbekistonda o‘tashni, amalda esa ozod bo‘lishni anglatishi mumkin.

XS
SM
MD
LG