Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:04

“O‘tkan kunlar” kinosi mashhur qilgan “O‘rtar” qo‘shig‘i haqida


“Tanish qo‘shiqlar” rukniga 44 yildan beri tildan tushmayotgan “O‘rtar”qo‘shig‘ini mavzu qildik. O‘zbekiston xalq artisti¸ marhum Murodjon Ahmedov tarafidan aytilgan “O‘rtar” qo‘shig‘i 1969 yili suratga olingan “O‘tkan kunlar" filmida yangraganidan keyin mashxur bo‘lib ketdi.

1988 yili 70 yoshda vafot etgan O‘zbekiston Xalq artisti Murodjon Ahmedovning hozir Toshkentda yashayotgan 66 yashar o‘g‘li Farhodjon akaning Ozodlikka aytishicha, “O‘tgan kunlar” filmini suratga olgan Yo‘ldosh A‘zamov va bastakor Manas Leviyev “O‘rtar” qo‘shig‘ini film kulminatsiyasiga qo‘yishga qaror qilishgan:

- Bu paytda otam Qo‘qon teatrida ishlab dong‘i chiqqan aktyor va ashulachi edi. Kino chiqmasidan oldin Boborahim Mashrabning "O‘rtar" radifli g‘azaliga kuy bastalab aytib yurgan edi. Bu qo‘shiq kinochi Yo‘ldosh A‘zamov nazariga tushdi. Pirovardida otamizning bu kinodagi kichik roli va ijro qilgan qo‘shig‘i favqullodda mashhur bo‘ldi¸- deydi suhbatdosh.

O‘lmas Alixo‘jayev va Gulchehra Jamilova rol o‘ynagan “O‘tkan kunlar” filmida Kumush hajrida fig‘on chekayotgan Otabek cholg‘uchidan “Haydalish kuyi”, “Ajralish” kuyini chalishni iltimos qiladi va “O‘rtar” yangraydi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:28:25 0:00
Бевосита линк

O‘zbekiston mumtoz qo‘shiqlari tarixi haqidagi ilmiy ish muallifi¸ hofiz va professor Hojiakbar Hamidov nazarida bu qo‘shiq huddi uzukka ko‘z qo‘ygandek kinoga yarashib turibdi:

- O‘zbeklarda yana bir gap bor. Yig‘lab ko‘rishdi degan. Xudo rahmat qilsin Murodjon Ahmedov ijro qilgan bu qo‘shiq sasi kinoga juda uyg‘un. Dramatik bariton deb tasniflanadigan Murod akaning ovozi Otabek va Kumush fojeasini talqin qilishga qodir bo‘ldi. “O‘tkan kunlar” kinosidagi bosh qaxramon hayotini ostin-ustun qilgan ayriliq kunlarini aks ettirish uchun Boborahim Mashrabning g‘azali va Murodjon Ahmedovning ijrosi zarur edi¸- deb ta‘kidlagan suhbatdosh bu qo‘shiqdan bir parcha kuylab berdi.

Agar oshiqlig‘im aytsam….

Agar oshiqlig‘im aytsam, kuyub jonu jahon o‘rtar,

Bu ishq sirrin bayon etsam, taqi ul xonumon o‘rtar.

Kishiga ishq o‘tidin zarrai yetsa, bo‘lur giryon,

Bo‘lub besabru betoqat, yurak-bag‘ri chunon o‘rtar.

Nechuk toqat qilay, do‘stlar, bu dard ila bo‘lub hayron,

G‘amim boshqa, alam boshqa, yuragimni fig‘on o‘rtar.

Meni bexonumon tinmay kuyub har dam firoqingda,

“Nigoro!” deb oting aytsamki, shavqingdin zabon o‘rtar.

Qayu til birla, ey jono, sening vasfing bayon aylay,

Tilim lolu ko‘zum giryon, so‘ngaklarni nihon o‘rtar.

Na qattig‘ kun ekan, dilbar, visolingdin judo bo‘lmoq,

Mening ohim o‘tig‘a bul zaminu osmon o‘rtar.

Yurakda dardu g‘am qat-qatki, menda qolmadi toqat,

Agar bu zarrasin bul vaqt desam, ishqi bayon o‘rtar.

Bu dard ila xarob o‘ldum, kelib holimni so‘rmassan,

Unum chiqsa yurakdin, bu tanu jon, ustixon o‘rtar.

Bu Mashrab dardini, jonoki, hech kim boshig‘a solma,

Agar mahsharda oh ursam, bihishti jovidon o‘rtar.

“O‘rtar”ni aytgan xalq artisti

Murodjon Ahmedov 1918 yilda Qo‘qon yaqinidagi Afg‘on qishlog‘ida dunyoga kelgan.

O‘zbekiston Xalq artisti Hamroqul qori va Rahmon hofizlardan ashula yo‘llarini va sahna sirlarini o‘rgangan. Qo‘qondagi Yosh tomoshabinlar teatri va Farg‘ona teatrlarida ishlagan. Drama, musiqali drama va komediyalarda rang-barang obrazlar yaratgan.

O‘zbekiston xalq artisti Murodjon Ahmedov teatr sahnasida “Tohir va Zuhra”, “Nurxon”, “Boy ila xizmatchi”, “Qaroqchilar” kabi jami 70 dan ortiq xilma xil qahramonlar qiyofasini gavdalantirgan.

Shuningdek, Ahmedov maqom ustasi, baland avjlarni ham bemalol ayta oladigan kuchli, shirali ovozga egasi sifatida qadrlangan.

“Bu oqshom”, “O‘rtar”, “Toza lutf”, “Bayot-3”, “Nasri Uzzol”, “Buxoro irog‘i”¸ “Jonimda darmon qolmadi” kabi maqom yo‘llari, ashula va katta ashulalar Ahmedov repertuaridan o‘rin olgan.

O‘zbekiston xalq artisti Murodjon Ahmedov 1988 yili Qo‘qonda olamdan o‘tdi. O‘zbekiston Madaniyat va Sport vazirligi oltin fondida hofiz ijro qilgan 32 qo‘shiq saqlab kelinadi.

XS
SM
MD
LG