Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:35

Farg‘onada aholiga ballonlarda beriladigan gaz kechikmoqda


Toshloq tumanida aholi gaz ballonlarni to‘ldirish uchun navbat kutmoqda
Toshloq tumanida aholi gaz ballonlarni to‘ldirish uchun navbat kutmoqda

Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida gaz ballonlarini to‘ldirish uchun 3 kun tik oyoqda navbat kutgan qishloq ahli nomidan shikoyat bo‘ldi. Ta‘minotda kechikish bo‘lganini tan olgan tuman gaz idorasi gaz quvuridan uzilayotgan xonadonlar soni ortib, ballonda tarqatilayotgan gazga ehtiyojning oshishi ta‘minotni sekinlashtirganini aytmoqda.

Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida aholi gaz ballonlarni to‘ldirish uchun kunlab navbat kutayotgani kuzatilmoqda.

Shikoyatlarda aytilishicha, tumanning Qo‘rg‘oncha mahallasida aholi 3 kun tik oyoqda gaz ballonlari to‘ldirib berilishini kutgan:

"Assalomu alaykum, Fargona viloyati,Toshlok tuman Kurgoncha maxallasidagi xolat.. kechgacha propan gaz kutdik, kemadi nomard.. bugunga va‘da kilishdi.. 3 kundan beri xaloik ovora!", (Xabar tahrir qilinmadi- tahr.) deb yozdi farg‘onalik manba.

Ozodlik bog‘langan toshloqlik Avazxon ismli tinglovchining aytishicha, to‘rtinchi kuni tushdan keyin tuman gaz idorasidan vakillar kelgan va yig‘ilgan aholi gaz ballonlarining choragini olib ketgan:

- Ikki kundan keyin 92-bo‘lib navbatga yozildim. Odam ko‘p, rossa kuttirib, bugun kelishdi. 70 tacha ballonni olib ketishdi. Yana kelamiz, deb va‘da bergan hali kelmadi, - deydi suhbatdosh.

Uning aytishicha, u yashaydigan mahallada 300 ga yaqin xonadon bor va 3 kun kuttirib, keyin borgan gazchilar 70 dan ortiq bo‘sh gaz ballonlarini olib ketgan. Qolganlar esa yana navbat kutishga majbur bo‘lmoqda.

- Sababini so‘rasak, ballonlarga yangidan shartnoma qilish kerak ekan. Shartnomani puli 27 ming 770 so‘mdan. Keyin o‘sha shartnomani ko‘rsatasiz, balloningizni olib ketadi. Skladda navbatga qo‘yib qo‘yarkan. Ikki kunda to‘ldirib, qaytarib olib kelarkan, - deydi Avazbek.

Avazbekning aytishicha, avvallari ham ta‘minotda kechikishlar bo‘lgan, ammo ertalab sahardan yarim tungacha navbat kutishlar kuzatilmagan. Kunlar sovub borayotgan bir paytda, bunday navbatlarning paydo bo‘lishi aholini qish oldidan xavotirga solayotgani aytildi.

Bu shikoyatga javoban Toshloqtumangaz idorasi va gaz ombori mas‘ullari gaz ballonlarni to‘ldirishda biroz kechikish bo‘layotganini tan oldi. Kechikish sababi ham, shikoyatda aytilgani kabi, ballonlarni rasmiylashtirish jarayoni bilan bog‘liq.

Tumangaz idorasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik manbasi bilan mikrofonsiz suhbatda qish arafasi propan gaz qo‘yiladigan ballonlar hajmi nazoratdan o‘tkazilayotganini aytdi:

"Gaz ballonlarining ko‘pi eskirib ketgan, texosmotr muddati tugagan yoki biror joyiga shikast yetgan bo‘ladi. Endi odamlar gaz quyib bering, deb olib kelaveradi. Biz dokumentiga qarab, qaytarayapmiz. Shunaqa hujjat ishi ko‘payib ketgani uchun sal kechikish bo‘layapti, Lekin unaqa 2-3 kunlab hech kim navbat kutgani yo‘q", dedi Ozodlik manbasi bilan suhbatlashgan Toshloq tuman gaz idorasi xodimi.

Tumanda gaz ballonlarini to‘ldirib beruvchi ombor xodimidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, iste‘mol hajmi ham ortmoqda.

"O‘tgan yili 18 ming dona gaz ballonni to‘ldirib berardik. Bu yil mana 20 ming dona bo‘ldi. Chunki, birinchidan kunlaram sovib ketdi. Keyin shu paytgacha gaz yonib turgan joylarda ham gaz o‘chib qoldi, o‘chirildi. Shunga ularam gaz ballonga o‘tayapti. Keyin ularga hujjat qilish kerak, bungayam ortiqcha vaqt kerak. Lekin unaqa 3 kunlab navbat kuttirib qo‘ygan joyimiz yo‘q, juda oshirvorishibdi", deya kinoya qildi omborchi.

Aholisi 150 mingga yaqin bo‘lgan tumandagi mahallalarning deyarli barchasi gaz quvurlaridan uzilib, ballonlarda tarqatilayotgan propan gazi ta‘minotiga o‘tkazilgani aytilmoqda. Quvurdan boradigan gaz bilan faqat tuman markazidagi Toshloq shahrining markaziy qismi ta‘minlanmoqda.

O‘zbekistonda 2014-2015 yilgi qishki mavsumda aholiga gaz deyarli to‘lig‘icha maishiy ballonlarda yetkazilishi shu yil yanvarida ma‘lum qilingan edi. Shuningdek, aholiga ballonlarda sotiladigan gaz isinish uchun emas, faqatgina yemak pishirish uchun mo‘ljallangani aytilgan.

Aholiga ikki xil hajm - 50 va 25 litrdagi ballonlarda gaz sotilmoqda. 50 litrlik ballondagi gazni 10 ming, 25 litrdagi gazni 5 ming so‘mga to‘ldirib berishmoqda.

Ballonlar “O‘ztransgaz"ning unitar korxonalari hududiy bo‘linmalari tomonidan shartnoma asosida aholiga 5 yillik muddatga ijaraga berilmoqda.

Ayni paytda, “O‘ztransgaz” aktsiyadorlik shirkati aholiga ballonlarda yetkazib berayotgan gaz quvurdagi gazdan sezilarli darajada qimmatligi va muhimi, isinish uchun mo‘ljallanmagani aholi e‘tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Ya‘ni, quvurdan boradigan gazning bir kub metri 140 so‘m bo‘lgan. Ballonlardagi gazning bir kub metri 180 so‘mga tushmoqda. Yana bir e‘tirozli jihat bunday ballonlardan ko‘p qavatli uylarda foydalanishning taqiqlanganidir.

XS
SM
MD
LG