Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:40

Tojikistonlik otinoyi: “Videodagi yalang‘och ayol men emas!”


Mojaroga sabab bo‘lgan videodan bir ko‘rinish.
Mojaroga sabab bo‘lgan videodan bir ko‘rinish.

Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi faoli, 51 yashar G‘alati Barotovaga nisbat berilib YouTube ijtimoiy tarmog‘ida paydo bo‘lgan ishqiy manzara aks etgan videolavha tojik jamoatchiligida katta bahs uyg‘otdi. Otinoyi G‘alati Barotovaning o‘zi bu videodagi ayol emasligini ta‘kidlayotgan bo‘lsa, Islom uyg‘onish partiyasi faollari bu yo‘l bilan hukumat partiyani yomonotliq qilmoqchi bo‘layotganini aytadi.

YouTube ijtimoiy tarmog‘ida 19 noyabr kuni “Nuri nahzat” belgisi bilan paydo bo‘lgan bu videolavhada kadr ortidan gapirgan kishi, mehmonxonda yashirin kamera orqali tasvirga olingan ishqiy lavha qahramonlaridan biri Xatlon viloyatining Vose tumanida istiqomat qiladigan Tojikiston islom uyg‘onish partiyasining faoli G‘alati Barotova ekanligini aytadi.

Bu videoda katta yoshdagi ayol o‘zidan ancha yosh bo‘lgan bir yigit bilan jinsiy yaqinlik qilgani tasvirlangan. Tasvirda yigitning yuzi kishi tanimaydigan darajada bo‘yab ko‘rsatiladi. Ochiq turgan dasturxon atrofida yigit va ayolning intim harakatlari aks etadi.

Ozodlik radiosi tojik xizmati bu video tarqalishi ortidan G‘alati Barotova bilan hamsuhbat bo‘ldi. Otinoyi bu video unga nisbatan g‘irt tuhmat ekanligini aytar ekan, videodagi ayol tamoman boshqa ayol, deydi:

- Yuzi ko‘rsatilmayotgan erkak bilan ishqbozlik qilayotgan ayol men emasman. Kimki bu videoni tarqatgan bo‘lsa, demak u meni yomonotliq qilmoqchi. Videoni diqqat bilan ko‘rgan odamning o‘zi uning men emasligimni ajratib oladi. Menga nisbatan bunday tuhmatlar uyushtirgan odamlarga la‘natlar bo‘lsin, deydi otinoyi.

G‘alati Barotovaga ko‘ra, videodagi ayolning badani sutda chayilganday tip-tiniq va u ancha yosh:

- Men 51 yoshdagi bir kasalmand ayolman. Garchi bu haqda gap ketar ekan, mening badanimda oltita jarrohlikning asoratlari bor. Mening 4 farzandim, 12 nevaram bor. Videoda go‘yoki men deputat bo‘lishni istayotganim aytiladi. Men bir umr yerda ishlagan ayolman, oliy ma‘lumotim ham yo‘q. Yetti yildan buyon islom uyg‘onish partiyasi a‘zosiman. Bolaligimdan Qur‘on o‘qiganman, otinoyilik ham qilaman. Lekin men siyosatchi yoki biror amal talabgori emasman, bu juda ham yomon tuhmat bo‘ldi, dedi otinoyi.

G‘alati Barotova bu videoni tarqatganlarni sudga tortish uchun puli yo‘qligini aytar ekan, farzand va nevaralari oldida noqulay ahvolda qolganini ta‘kidlaydi.

“Men qanday davlatda yashayapman?”

Taniqli tojik kinorejissyori Barzu Abdurazzoqov Ozodlik bilan suhbatda bu videoni ko‘rganidan so‘ng, karaxt bo‘lib qolganini va uni suratga olganlardan nafratlanishini aytadi:

“Men qanday mamlakatda yashayapman, o‘zi? Bu video ikkita yashirin kamerada olinganidan ham bunday ifloslikka oldindan tayyorgarlik ko‘rilgani anglashiladi”, deydi kinorejissyor.

“Nuri nahzat” belgisi bilan tarqatilayotgan bu videoda o‘zini Tojikiston islom uyg‘onish partiyasi vakili, deb tanishtirgan ovoz 2015 yilgi parlament saylovidan oldin partiya saflarini tozalashni iddao qilayotganini aytadi. Bu shaxsning aytishicha, partiya qoshida uning raisi o‘rinbosari Muhammadali Hayit rahbarligida ana shunday axloqsizlarni oshkor etadigan guruh tuzilgan.

Biroq, partiya rahbarlarining aytishlaricha Muhammadali Hayit rahbarligida hech qanday guruh tuzilgani yo‘q va bu partiya ichiga ixtilof solishga qaratilgan harakatlardir.

Bundan oldin Tojikiston davlat televideniyesi TIUP a‘zolari bo‘lgan bir necha shaxsning go‘yoki g‘ayrishar‘iy ishlari to‘g‘rida bir necha ko‘rsatuvlar bergan edi.

Bu haqdagi so‘nggi ko‘rsatuv avgustda efirga uzatilgan bo‘lib, unda partiya a‘zolaridan biri o‘gay qizlarining nomusiga tekkani hikoya qilingan edi.

Otinoyi haqidagi videolavha e‘lon qilinganidan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda bu borada bahs qizib ketdi. Aksariyat mushtariylarning yozishicha, muxolif guruhlar bir-birini badnom qilish uchun eng razil, eng iflos usullarni qo‘llamoqdalar. Kuzatuvchilar fikricha, insonlarning shaxsiy hayotiga behayolarcha daxl qilgan bunday guruhlar Tojikistondagi huquq-tartibot idoralari tomonidan oshkor qilinishi va jazolanishi shart.

Biroq bu videotasvir Internetda e‘lon qilinganiga o‘n kun bo‘layotganiga qaramay Tojikistonning Ichki ishlar vazirligi ham, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi ham va boshqa rasmiy idoralar ham churq etganicha yo‘q.

XS
SM
MD
LG