Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:04

Atambayev Umraga bordi. Ekspertlar xursand, ijtimoiy tarmoqda norozilik bor


Qirg‘iziston prezidentining Saudiya Arabistoni va boshqa Arab davlatlariga rasmiy safari 20 yildan beri islom dunyosi bilan yaqinlashuvni targ‘ib qilib kelayotgan ekspertlarda iqtisodiy aloqalar rivojlanishiga umid uyg‘otgan bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvchilarning tanqidiga uchradi.

Atambayev namoz o‘qishni 7 yil avval o‘rgangan ekan

Qirg‘iz matbuotining yozishicha, Saudiya Arabistonida rasmiy safar bilan yurgan Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev 3 dekabr kuni qirg‘iz delegatsiyasining ayrim vakillari bilan Makka va Madina shaharlarida Umra ibodatini bajardi.

Saudiya Arabistoni rasmiylari bilan 2 dekabrda o‘tkazgan uchrashuvi chog‘ida Atambayev 7 yil avval namoz o‘qishni o‘rgangani va shu kunlarda ham imkoni boricha namoz o‘qishga harakat qilayotganini aytgan.

Atambayevning Umra amallarini bajargani to‘g‘risidagi yangilik ijtimoiy tarmoqlarda qirg‘izistonliklar tomonidan qizg‘in muhokama qilinmoqda. Ko‘pchilik mamlakat rahbarini Umra ibodatini amalga oshirgani bilan qutlamoqda va unga Hajga borish ham nasib qilishini tilamoqda.

Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim foydalanuvchilar esa “Prezident Umra amalini soliq to‘lovchilar hisobiga emas, balki o‘z mablag‘i hisobiga amalga oshirishi lozim edi. Uning Saudiyaga safari hukumat byudjetidan moliyalashtirilgan, demak u bizning hisobimizdan Umra amalini bajardi”, kabi noroziliklarni bildirmoqda.

Arab davlatlariga safar 8 kun davom etadi

Atambayevning Saudiya Arabistoni, Qatar, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy safari 8 kun davom etadi. U prezident bo‘lib saylanganidan beri birinchi marta arab davlatlariga safar qilmoqda.

Saudiya Arabistoni rasmiylari bilan uchrashuvlarda Atambayev Qirg‘iziston orqali Saudiyaga temir yo‘l qurish, Bishkekda Islom bankini tashkil etish kabi masalalarni ko‘targan.

Ekspertlar fikricha, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston arab davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat berib kelgan va kelmoqda. Biroq Qirg‘iziston 20 yil mobaynida arab davlatlari tomonidan iqtisodiy yordam ko‘rsatish takliflariga yaxshi e‘tibor bermay, asosan Yevropa va AQSh bilan yaqinlashiga intilib kelgan.

Tarix fanlari doktori Asan Ormushev Atambayevning arab davlatlariga safari iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi uchun turtki bo‘ladi, deb umid qiladi.

- Masalan, Quvayt va Saudiya Arabistoni bilan savdo-sotiq deyarli yo‘q darajada. Biroq keyingi yillarda Birlashgan Arab Amirliklari qirg‘iz oltinining asosiy xaridoriga aylandi. Avvallari Qirg‘izistonda tayyorlangan zargarlik buyumlarining asosiy xaridorlari Shveytsariya, Germaniya kabi Yevropa davlatlari edi. Hozir bu sohada Amirliklar birinchi o‘rinini egallayapti. Ikkinchidan, arab davlatlari Qirg‘izistonda oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi kichik korxonalarni qurishga va qishloq xo‘jaligini rivojlantirib, ekologik toza mahsulotlarni sotib olishdan manfaatdor, - dedi Asan Ormushev.

Arab davlatlari bilan munosabatlar bo‘yicha ekspert Talant Kushchubekovga ko‘ra, Qirg‘iziston Saudiya Arabistoni bilan 1992 yildayoq diplomatik aloqlarni o‘rnatgan, biroq hukumat mintaqa uchun yot bo‘lgan islomiy oqimlar kuchayib ketishidan va din omili birinchi o‘ringa chiqib qolishidan qo‘rqib, arab davlatlari bilan hamkorlikdan cho‘chib kelgan.

- Og‘ir iqtisodiy sharoitda qolgan Qirg‘izistonga yordam berish va uni qo‘llab-quvvatlash haqida 1995 yilda arab davlatlari rezolyutsiya qabul qilgan. Shundan so‘ng Islom taraqqiyot banki bir qator loyihalarni amalga oshirgan. Hozirgi kunda ham arab davlatlarining Qirg‘izistonga moddiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasi o‘z kuchida qolmoqda, uni hech kim bekor qilgan emas. Bu rezolyutsiya asosida yordam olish uchun Qirg‘iziston Islom taraqqiyot bankiga loyihalarni taqdim etishi kerak. Biroq, afsuski, bu sohaga hukumat yetarli e‘tibor bermay keldi, - dedi Talant Kushchubekov.

XS
SM
MD
LG