Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:58

O‘zbekistondan gaz ololmay qolgan Qirg‘iziston ko‘mirdan gaz ishlab chiqarmoqchi


Qirg‘iziston Energetika vazirligi ko‘mirdan gaz ishlab chiqaruvchi zavod qurish bo‘yicha Turkiya kompaniyasi bilan memorandum imzoladi. Qirg‘iz hukumati agarda mazkur zavod qurilsa, mamlakat janubini gaz bilan ta‘minlash va energetika taqchilligini ozaytirishga imkon yaralishini bildirmoqda.

Hozircha nomi oshkor qilinmayotgan Turk kompaniyasi bilan memorandum 16-dekabr kuni imzolangan.

Turk kompaniyasi sintetik gaz ishlab chiqarish texnologiyalari, usullarini aniqlab, zavod qurilishining atrof-muxitga ko‘rsatuvchi ta‘sirini baholab, bu boradagi hisobotini 3 oy ichida Qirg‘izistonga taqdim etishi kerak.

Qirg‘iziston Energetika vazirligining matbuot kotibi Dinara Mo‘ldo‘kaliyevaning aytishicha, mazkur loyiha bo‘yicha davlat organlari ijobiy xulosa bersa, kompaniya ish boshlashga ruxsat oladi.

- Hisobotning texnik, iqtisodiy asoslari yuzasidan davlat organlari ijobiy xulosa bersa, shuningdek, atrof-muhitni, yer osti boyliklarini himoya qilish, texnik va ekologik standartlar, shartlar, o‘lchovlar va talablar saqlansa, kompaniya Qirg‘iziston qonunlariga muvofiq sintetik gaz ishlab chiqarish uchun ko‘mir konlaridan foydalanishga litsenziya va ruxsat oladi,- dedi Dinara Mo‘ldo‘kaliyeva.

Dekabr oyi boshida Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev ham mamlakat janubini gaz bilan ta‘minlashda qo‘shni davlatlarga qaram bo‘lmaslik uchun alternativ ikki yo‘l o‘rganilayotganini aytgan va Qizilqiya shahrida ko‘mirdan sintetik gaz ishlab chiqarish loyihasi ulardan biri ekanini ma‘lum qilgandi. Prezident bu zavodni qurish bo‘yicha, dekabr oyining o‘rtalarigacha kelishuvga qo‘l qo‘yilib, zavod bir yarim yilning ichida qurilib bitirilishini ma‘lum qilgan.

- Investor topildi. U 200-300 million dollar yotqizishga rozi. Hudo xohlasa, dekabrь oyi o‘rtasigacha zavodni qurish bo‘yicha kelishuvga qo‘l qo‘yiladi, - degan edi Almazbek Atambayev.

Gaz bilan ta‘minlashning yana bir yo‘li sifatida prezident Botkenda topilgan gaz konlarini hisoblaydi. Unga ko‘ra, bu gaz mamlakat janubini 5-10 yil ta‘minlashga yetadi va uni O‘sh bilan Jalolobodga tortib borish uchun 200-300 million dollar pul sarflanadi.

Hukumat bungacha, mamlakat shimolidan janubiga gaz tortish rejasi borligini ma‘lum qilgandi. Biroq prezident bu loyihani amalga oshirish uchun bir yarim milliard dollar kerakligini aytib, undan ko‘ra bu moliyani mamlakatdagi gaz, neft konlarini izlashga ajratish maqsadga muvofiq bo‘lishini bildirgan va bu borada “Gazprom” bilan muzokaralar bo‘lganini aytgan.

Markaziy Osiyodagi suv-energetika resurslaridan foydalanish masalalarini o‘rganguvchi xalqaro jamoatchilik fondining rahbari Ernis Kadirbekov, mamlakatda gaz zahirasi faqat besh-etti yilga yetishi sovet davridayoq aniqlanganini eslatib, bunday sharoitda gaz quvurlarini yotqizish o‘zini oqlamasligini aytadi. Ekspert, ko‘mirdan gaz ishlab chiqarish taklifi ham Qirg‘izistonga iqtisodiy va ekologik tomonidan foydasiz ekanini aytadi. Unga ko‘ra, hukumat elektr energiyasi ishlab chiqarishga harakat qilish bilangina gazga bo‘lgan extiyojdan qutulishi mumkin.

- Ko‘mirdan gaz ishlab chiqarilsa, uning quvvati bir kub metrga 1000-1500 kilokaloriy bo‘ladi. Xalq buni yoqa olmaydi. Solishtirib ko‘rsak, tabiiy gazning quvvati 8000 kilokaloriydir. Qizilqiyadagi ko‘mirning quvvati - kilogrammiga 4500 kilokaloriy. Shu sababli iqtisodiy jihatdan qaraganda bu bizga foydasizdir. Bundan tashqari seysmik jihatdan ham zavod qurishning imkoni yo‘q. Albatta, gaz masalasida qaram bo‘lmaslik kerak. Bizda elektr energiyasi bor, ko‘mir bor. Ko‘mirdan stantsiya qurib elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin. Norin daryosida turgan To‘qto‘g‘ul kaskadi bilan ikkalasini birday ishlatsak, xalqni 50 yil ta‘minlashimiz mumkin, deydi Ernis Kadirbekov.

Qirg‘iziston hukumati “Qirg‘izgaz”ni 2014 yilning bahorida Rossiyaning “Gazprom”iga sotgan. Ko‘p o‘tmay mamlakat janubiga gazni “Qirg‘izgaz” orqali berib kelgan “O‘ztransgaz” rus kompaniyasi bilan shartnoma yo‘qligini aytib, Qirg‘izistonga gaz berishni to‘xtatgan. Shundan beri Qirg‘iziston janubi gazsiz yashamoqda.

XS
SM
MD
LG