Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:07

Rossiya Birinchi kanalida mayxo‘rlarga irqchilik saboqlari berildi


"Jit zdorovo" teleshousidan ko‘rinish
"Jit zdorovo" teleshousidan ko‘rinish

O‘zlarini “slavyan patriotlari”, “nasroniylik himoyachilari” yoki “migrantlarga qarshi kurashuvchilar”, deb atayotgan shaxslarning irqchilik, ksenofobiya va millatchilik g‘oyalari asta-sekin davlat ommaviy axborot vositalari orqali odamlar ongiga singdirilayotgan ko‘rinadi.

Masalan, Rossiya bosh telekanalining “Jit zdorovo” (“Sog‘lom yashash”) dasturi boshlovchisi Elena Malisheva teleekran orqali millionlab rossiyalik “oq tanli” slavyanlarga “ko‘zi piska” mo‘g‘ulsimonlar bilan spirtli ichimlik ichmaslikni tavsiya qildi.

“Qisiq ko‘zlar bilan ichish xavfli!”

Tibbiyot fanlari doktori, professor Yelena Malisheva ko‘plab teletomoshabinlarga “Zdorovye” (“Sog‘lik”) dasturi boshlovchisi sifatida tanilgan. Uning navbatdagi “Jitь zdorovo” shousi Rossiyaning eng ommabop dasturlari qatoridan o‘rin oldi. Unda Malisheva xonim rossiyaliklarni g‘ayrioddiy tomoshalar orqali sog‘lom yashashga o‘rgatib boradi.

Uning 15 dekabr kuni taqdim etgan efiri “Kim bilan ichish tavsiya etilmaydi”, deb nomlandi. Rossiya aholisi uchun eng dolzarb bo‘lgan ichkilik mavzusini Yelena Malisheva va uning yordamchilari alkogolni hazm qilishning irqiy hossalari “tahlili”ga bag‘ishladi.

Mo‘g‘ul irqiga mansublarni u tomoshabinlarga tushunarli bo‘lishi uchun sodda qilib “ko‘zi qisiq”lar deb nomladi va yanada tushunarliroq bo‘lishi uchun qo‘llari bilan ko‘zlarini qisdi. U "sariq tanli"lar bilan spirtli ichimlik ichishni bunday tarzda taqiqladi:

- Odamlar, millatlar,aniqroq qilib aytsam, millatlardan yirikroq irqlar mavjud. Masalan, biz oq tanlilar irqi, slavyanlar, yana qora tanlilar bor –ularning kimligini ko‘rsatib o‘tirmayman. Kim bilan Yangi Yilda ichish mumkin emas? – deya juda “qiziq” va “dolzarb” mavzuni ko‘tardi boshlovchi Malisheva.

Sahnaga ko‘rinishidan aniq "slavyan" va "oq tanli" bo‘lmagan shou ishtirokchisi taklif etildi.

- Meni ismim Shuxrat. Men o‘zbek.

- Sizni hech kim bu yerda xafa qilmayaptimi? Axir sobiq Sovet Ittifoqidan kelayotgan odamlarga odatga kirgan mensimasdan munosabat qilish juda dahshatku! Xush kelibsiz, Shuhrat! Lekin biz ko‘targan masala jiddiy: kim bilan Yangi Yilda birga ichmaslik kerak, sizningcha?

- Mening shaxsiy fikrim, men politsiyachi va fmschilar bilan ichishni xohlamagan bo‘lardim,- deydi dastur boshlovchisi qayerga boshlayotganini hozircha anglamayotgan o‘zbekistonlik Shuhratjon.

Shu payt yuksak “ilmiy tadqiqot” natijalariga boshlovchi yordamchisi Dmitriy Nikolayevich qo‘shilib, jiddiy ohangda:

- Butilkadoshingiz sog‘ligi xavfsizligi nuqtai nazaridan mo‘g‘ul irqiga mansub odamlar bilan ichish tavsiya etilmaydi, to‘g‘rirog‘i, ular bilan qat‘iyan ichish mumkin emas, - deydi.

Ana xolos! “Piska ko‘zli”lar bilan ichmaslikka eng avvalo ularning sog‘ligini o‘ylab da‘vat qilinayotgan ekan!

"Jitь zdorovo" dasturidan lavha
"Jitь zdorovo" dasturidan lavha

Shu payt ekranda mo‘g‘ullarni boshqa irqlardan adashtirmaslik uchun negadir yoqut yoki buryat bolaning tasviri ko‘rsatiladi. Paydo bo‘lgan yozuvda esa “Mo‘g‘ul irqiga mansub odamlarga alkogolning hatto oz miqdori zaharlidir”, degan so‘zlar aks etadi.

Munosabat

Elena Malishevaning ochiqchasiga irqchilik ko‘rinishida bo‘lgan bu “shou”siga Rossiya ommaviy axborot vositalarida e‘tibor deyarli bo‘lmagan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda unga bo‘lgan munosabat bildirilishi davom etmoqda.

Internet foydalanuvchilardan biri “Ichkilikdan bosh og‘riyotgan paytda hamma bir xil ko‘rinishga ega bo‘ladi. Rasistlar oynaga qaramaydiganga o‘xshaydi”, deb yozsa, boshqasi: “So‘nggi vaqtlarda Rossiya kanallarida ikki turdagi dasturlardan boshqasi uchramay qoldi: birinchisi, propaganda (Ukraina dushman, Qrim bizniki), ikkinchisi, “Jitь zdorovo”ga o‘xshagan “ko‘ngilochar” ko‘rsatuvlar”, deya munosabat bildirdi.

Moskvalik Aleksandra esa mana bunday xulosa chiqaradi: “Davlat shu tariqa ishora bermoqda – ha, osiyoliklarni endi “yumshoq” qilib “ko‘zi qisiqlar” deb atash mumkin. Rossiya jamiyati esa buni ishtaha bilan yutib yuboradi. Qani, Malisheva chiqishidan keyin Rossiya jamiyati churq etarmikan?”.

Moskvada ancha yillardan beri mehnat qilib kelayotgan Saidahmad Malishevaning bu dasturini ko‘rmagan bo‘lsa-da, uni “kulgili” deb atadi. U eng ma‘quli - umuman ichmaslik, deydi.

- Aroq ichish bu millat tanlamaydiku... Xohlasa qora tanli bilan ichishi mumkin-ku! Araq hech kimni tanlamaydi – “oq tanli”mi, “qora tanli”mi, mo‘g‘ulmi. Alkashga nima farqi bor! Men shaxsan umrimda ichmaganman. Dunyoda ichkilikni Muhammad s.a.v birinchi bo‘lib taqiqlagan. Butun dunyo esa endi ichkilik odamni tuban yo‘lga kirgizib qo‘yishini anglab yetmoqda. Ichkilik insonni tubanlikka olib boradi,- dedi Saidahmad.

“Ichkilik geni” o‘zi bor narsami?

Ayni paytda, olimlar alkogolning organizmdagi ko‘rinishi bo‘lgan atsetaldegidni “ayrim irqlar parchalay olmaydi” degan g‘oya cho‘pchak ekanini allaqachon isbotlab bo‘lgan.

Yakutiya.info saytiga bergan intervyusida Vavilov nomidagi Umumiy genetika instituti professori, biologiya fanlari doktori Svetlana Borinskaya Yelena Malisheva o‘z dasturida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ygani va ichkilikning irqiy jihatdan ta‘siri to‘g‘risida gapirish mutlaqo mumkin emasligi tushuntirdi.

“Odamning tana rangi va ko‘z shakli bo‘yicha farqlash mutlaqo noto‘g‘ri. Alkogolning u yoki bu irq tomonidan hazm qila olishi-qila olmasligi ham yo‘q narsa. Bu yanglishmovchiliklar o‘tgan asrning 70-80 yillarida olib borilgan va keyinchalik ko‘plab olimlar tomonidan xatoligi isbotlangan tadqiqotga borib taqaladi. Men aytishim mumkinki, hech qanaqangi “ichkilik geni” degan tushunchaning o‘zi yo‘q. Odamgarchilik nuqtayi nazaridan esa shaxsiy fikrim: kim bilan bokal ko‘tarishga o‘rgatish bu telekanalning ishi emas”, deb tushuntirish berdi genetik Svetlana Borinskaya.

XS
SM
MD
LG