Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:22

Turk matbuoti Buxoriyga o‘q uzilgani aks etgan videoni e‘lon qildi​


Turk matbuoti o‘zbekistonlik imom Abdulloh Buxoriyga qarshi 10 dekabr kungi suiqasd sahnasi aks etgan videoni e‘lon qildi. Xavfsizlik kameralarida qayd etilgan videoda noma‘lum shaxs imomning orqa tomonidan kelib o‘q uzgani aniq aks etgan. Bundan tashqari, Abdulloh Buxoriy va yana bir necha o‘zbekni o‘ldirish uchun yollangan qotilga 250 ming AQSh dollari va‘da qilingani ham iddao qilinmoqda.

Bir qator turk nashrlari va telekanallari, jumladan, Yeni Heber telekanalida berilgan videotasvirda 10 dekabr kuni Istanbul vaqti bilan ertalab soat 10:40 da Abdulloh Buxoriy-Mirzag‘olib Hamidov madrasa eshiklari oldida otib ketilgan aniq aks etgan.

Videoda Zaytunburnida o‘zi asos solgan madrasa binosiga yaqinlab, eshikni taqillatayotgan kezda uni ta‘qib etib borgan noma‘lum shaxs soniyalar ichida ortidan borib, o‘q uzgani va qochgani aks etgan.

Бухорийга ўқ узилгани акс этган видео
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:36 0:00
Бевосита линк

Zaytunburnidagi madrasa yaqinida o‘rnatilgan bir necha xavfsizlik kamerasida qayd etilgan videotasvirlar seshanba kuni turk matbuotida e‘lon qildi.

Turkiya xavfsizlik xizmati o‘q uzgan noma‘lum shaxsning chechen millatiga mansub Zelimxon Maxtiyev ekanini aniqlaganini Turkiya IIV ning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan zobiti ma‘lum qilgan edi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, Maxtiyev jinoyatni sodir etgan kuniyoq qo‘lga olingan.

Turkiyada chiqadigan Yeni Safak gazetasiga ko‘ra, avvaliga Rossiya fuqarosi ekani aytilgan Maxtiyev yonidan Ukraina pasporti chiqqan.

Turkiya xavfsizlik tashkiloti bilan birgalikda amalga oshirilgan amaliyotlar natijasida buyurtmachi ekani iddao qilingan Sobir Shukurov ham Istanbulning Oqsaroy mavzeidagi mehmonxonalardan birida ushlandi.

Jinoyatni amalga oshirishga yordam bergani iddao qilingan Eldar Aslan esa Anqarada hibsga olindi.

Abdulloh Buxoriyga qarshi suiqasd uyushtirgani da‘vo qilinayotgan bu guruhning o‘zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solihni ham o‘ldirish rejasi borligi aniqlangan.

Ular Antaliyadan kiraga olgan avtomobil navigatorida Muhammad Solihning Istanbuldagi uyi atrofi ham qayd etilgani xabar qilingan.

"Suiqasdchi o‘zbek Sobirni hamma bilar emish"

Kuni kecha Turkiyada chiqadigan “Hurriyat” gazetasi o‘zbekistonlik imom Abdulloh Buxoriyning Istanbulda o‘ldirilishi bilan bog‘liq yangi tafsilotlarni bosdi.

Dushanba kuni e‘lon qilingan “Suiqasdchi o‘zbek Sobirni hamma bilar emish” sarlavhali maqolada qatl etilishi kerak bo‘lgan shaxslar ro‘yxatida aslida 9 odam borligi yana ta‘kidlandi.

O‘zbek imomining ham ismi kiritilgan 9 kishilik qatl ro‘yxatini o‘zbek maxsus xizmati xodimi Sobir Shukurovdan olganliklarini iddao qilgan 4 kishi ro‘yxatini politsiya va prokuraturaga topshirdi. Uch oydan so‘ng jinoyat sodir bo‘ldi. Politsiya esa jinoyatdan so‘ng buyurtmachi sifatida Sobir Shukurovni qo‘lga oldi”, deb yozdi “Hurriyat” gazetasi.

Maqolada keltirilishicha, shu yilning avgust oyi boshlarida chechen millatiga mansub turk fuqarosi Alijon E. ismli shaxs o‘zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solihning o‘g‘li Timur Solihga qo‘ng‘iroq qilgan va ularga nisbatan tayyorlanayotgan suiqasd rejasini fosh qilishi niyati borligini aytgan.

Timur Solih 19 avgust kuni Istanbulning Pendik mavzesidagi qahvaxonalardan birida Alijon E., chechenistonlik Sulton K. hamda gruzin ekani aytilgan Husayin ismli shaxslar bilan uchrashgan.

Uchrashuv payti ular Timurga o‘zbek maxsus xizmatlarining suiqasd rejasi borligi haqida gapirib berganlar.

Sulton K. iddaosicha, rus maxsus xizmatining "Mingboshi Ivan" taxallusi bilan tanilgan xodimi Muhammad Solih va Abdulloh Buxoriy doxil 9 kishini o‘ldirish uchun o‘zbek MXX xodimi Sobir Shukurovni vazifalantirgan.

Shukurov esa ushbu jinoyatlarni amalga oshirish uchun 250 ming AQSh dollari evaziga yuqorida nomi keltirilgan shaxslarni yollagan.

Timur Solih Ozodlik bilan suhbatda ayni shaxslar bilan avgust oyida Pendikda uchrashganini tasdiqladi. Timur uchrashuv tafsilotlari haqida o‘sha zaxoti politsiyani xabardor qilganini aytdi.

"Hurriyat" gazetasiga ko‘ra, Alijon E. Timur Solih bilan uchrashuvdan so‘ng Istanbulning Zaytunburni mavzusidagi savdo markazida o‘zbekistonlik imom Abdulloh Buxoriy bilan ham uchrashgan.

Alijon E. Abdulloh Buxoriyga ham rejalashtirilgan suiqasd haqida xabar bergan va ehtiyot bo‘lishni tavsiya qilgan.

Oradan sal vaqt o‘tib, sentabr oyida Sulton K., Alijon E., Levan G. va Zelimxon X. ismli shaxslar Turkiya politsiyasining terrorchilikka qarshi kurash bo‘limi tarafidan qo‘lga olindi.

"Yeni Safak" gazetasida bosilgan surat.
"Yeni Safak" gazetasida bosilgan surat.

Sulton K. tergov payti Sobir Shukurov bilan ikki marotaba yuzma-yuz ko‘rishgani, jinoyatni amalga oshirish uchun o‘zining Shukurov tarafidan qistovga olingani, Sobir Shukurovning esa rus maxsus xizmati xodimi Mingboshi Ivan tarafidan qistovga olinganini iddao qilgan.

Sulton K., Alijon E., Levan G. va Zelimxon X.lar prokuraturada tergov qilinganlaridan so‘ng qo‘yib yuborilgan. Tergov ishi ham yopilgan.

Turkiya politsiyasining terrorchilikka qarshi kurash bo‘limi Muhammad Solih, Timur Solih va Abdulloh Buxoriylarni ehtimoliy suiqasd xavfi haqida ogohlantirgan.

"Hurriyat" gazetasiga ko‘ra, suiqasd xavfi haqida xabar topgan kundan boshlab imom zirxli kiyimda yurgan.

Zirxli kiyim kiymagan kuni u otib o‘ldirilgan.

Suriyada jihod qilishga da‘vat qilgan va O‘zbekistonda islomiy davlat qurish targ‘ibotchisi bo‘lgan Abdulloh Buxoriy-Mirzag‘olib Hamidov Istanbulning Zaytunburni mavzeidagi uyi yonida 10 dekabr kuni ertalab otib ketilgan edi.

XS
SM
MD
LG