Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:07

"Farg‘onaazot" 8 ming ishchisidan 15 milliard so‘m qarzdor bo‘lib qoldi​


"Farg‘onaazot" 7800 nafar ishchisi 15 milliard so‘mlik qarzini uzolmayapti.
"Farg‘onaazot" 7800 nafar ishchisi 15 milliard so‘mlik qarzini uzolmayapti.

O‘zbekistondagi eng yirik kimyo zavodlaridan biri – Farg‘onaazot korxonasi ishchi-xizmatchilar maoshlarini yana kechiktirib bermoqda. Farg‘onaazotning Ozodlikka murojaat qilgan ishchilariga ko‘ra, korxonaning 8 mingga yaqin ishchisidan 15 milliard so‘mga yaqin qarzi to‘planib qolgan. O‘zkimyosanoat davlat hissadorlik shirkati tasarrufidagi Farg‘onaazot va boshqa korxonalarda maoshlarning kechiktirilishi bilan bog‘liq muammoni Ozodlik aval ham yoritgan.

“Farg‘onaazot” korxonasining bir guruh ishchilari Ozodlikka murojaat qilib, yana bir necha oydan beri maoshsiz ishlayotganlaridan shikoyat qilishdi. “O‘tgan yilning yoz oylari uchun pul to‘landi xolos. Rahbariyat qarzdorlik qachon yopilishini aytmayapti”, deydi korxona ishchilaridan biri.

O‘zbekistondagi eng yirik kimyoviy zavodlardan biri hisoblangan “Farg‘onaazot” rasmiylari maoshlardan qarzdorlik borligini tan oldi. Ismini ochiqlamayotganimiz korxona mulozimi o‘tgan yilning avgust va sentabr oylari uchun maoshlar bo‘yicha qarzdorlik dekabr oiyda yopilganini ma‘lum qildi.

“O‘tgan oyda, yangi yil arafasida avgust, sentyabrь oylarini yopdik. Oktarb oyini ham boshlab qo‘ydik. Hozir boshliqlar Toshkentga shu masala bo‘yicha borib kelishdi, muammoni hal qilish bo‘yicha ishlar olib borilyapti”, deydi “Farg‘onaazot” mulozimi.

Uning aytishicha, 7800 nafar ishchisi bo‘lgan zavodning maoshlar bo‘yicha qarzdorligi shu kunda qariyb 15 milliard so‘mni (6,2 million AQSh dollari) tashkil qiladi.

“Bu qarzdorlikni yopish uchun zavodga tijorat krediti ajratilishini kutyapmiz. O‘sha kredit kelsa, qarzdorlikni to‘la qoplaymiz”, deydi suhbatdoshimiz.

“Farg‘onaazot” shirkati vakiliga ko‘ra, ishchilar haqining vaqtida berilmayotganiga O‘zkimyosanoat tarkibidagi “Qishloqxo‘jalikkimyo” tashkiloti olgan mahsuloti pulini vaqtida to‘lab bermayotgani asosiy sababdir. “Fermerlardan pul chiqmayapti-da”, deydi suhbatdoshimiz.

O‘zkimyosanoat davlat aksiyadorlik shirkati tasarrufidagi korxonalarda bir necha oylab maoshlar to‘lanmasligi bilan bog‘liq muammo keyingi yillarda surunkali tus olgan.

“Farg‘onaazot”, “Navoiyazot” va “Samarqandkimyo” zavodlaridagi maosh kechiktirilishi bilan bog‘liq muammoni Ozodlik o‘tgan yili bir necha marta yoritgan edi.

O‘tgan yilning aprel oyida “Farg‘onaazot” va “Navoiyazot” korxonalarining jami 20 mingga yaqin ishchi-xizmatchisi bir necha oylik haqini ololmayotgani to‘g‘risidagi xabar ortidan qarzdorlik qisman qoplangan edi.

Bundan tashqari “Samarqandkimyo” zavodi ishchilari sakkiz oy davomida maoshsiz ishlagani to‘g‘risida o‘tgan yilning avgustida xabar qilgan edik.

Ozodlik “O‘zkimyosanoat” davlat shirkatidan maoshlar bilan bog‘liq muammo nega surunkali tus oldi, degan savolga javob ololmadi.

XS
SM
MD
LG