Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:31

Suriya chorlamoqda: Jihodchilar xalifatni O‘zbekistonga yoymoqchi​


Islomiy davlat kuni-kecha chormix qilingan ikki erkak va xiyonatda ayblanib¸ toshbo‘ron oqarli o‘ldirishga hukm etilgan ayol videosini e‘lon qildi.
Islomiy davlat kuni-kecha chormix qilingan ikki erkak va xiyonatda ayblanib¸ toshbo‘ron oqarli o‘ldirishga hukm etilgan ayol videosini e‘lon qildi.

Suriya va Iroqning kattagina hududini ishg‘ol qilgan Islomiy davlat terror guruhi safiga qo‘shilayotgan markaziy osiyoliklar¸ ayniqsa¸ o‘zbekistonliklar sonining ortayotgani kuzatilmoqda. Bu jarayonni mintaqa xavfsizligiga jiddiy tahdid deb atagan Bo‘hronlarni o‘rganish xalqaro guruhi hukumatlarni aholi orasidagi radikallashuvni to‘xtatish uchun jiddiy siyosiy-ijtimoiy¸ iqtisodiy islohotlarni boshlashga chaqirdi.

Suriya chorlamoqda...

“Yaqin Sharq hududiga jihodchilar safiga qo‘shilish uchun ketayotgan¸ yoxud ularni boshqa yo‘llar bilan qo‘llab-quvvatlayotgan markaziy osiyoliklar soni oshib bormoqda. Postsovet hududiga xos siyosiy marginallashuv va iqtisodiy istiqboldan mahrumlik o‘tgan uch yil davomida 2000-4000 mingga yaqin odamni dunyoviy davlatdan yuz o‘girib¸ uning radikal muqobilini izlashga undadi. Bugun Islomiy davlat faqat janggarilikka tashnalarnigina emas¸ balki islomiy aqidalarga mos hayot kechirishni orzu qilgan taqvodorlarni ham o‘ziga tortmoqda”¸ deyiladi Bo‘hronlarni o‘rganish xalqaro guruhi e‘lon qilgan “Suriya chorlamoqda: Markaziy Osiyodagi radikallashuv” deb nomlangan yangi hisobotda.

Guruhning Markaziy Osiyo dasturi direktori Deirdre Tynan Ozodlik bilan suhbatda Islomiy davlat terror guruhi uchun hozirgi sharoitda Afg‘oniston yoki Pokistondan ko‘ra¸ Markaziy Osiyodan odam yollash osonroq bo‘lib qolganini aytadi:

- Islomiy davlatning mintaqadagi erkagu ayolni o‘ziga jalb qilayotgani bosh sababi aholining siyosiy va ijtimoiy o‘zgarishlar orzusi sarob bo‘lib qolayotganidadir. Bugun Islomiy davlat safiga qo‘shilgan¸ yoki unga ochiq va yashirin xayrixohlik qilayotganlar qiyofasi bir xil emas¸ ular orasida boy va kambag‘al¸ o‘qigan va o‘qimagan¸ yosh va qari¸ erkak va ayol bor¸ deydi tahlilchi.

Islomiy davlatga eng ko‘p o‘zbeklar qo‘shilmoqda

Hisobotda ta‘kidlanishicha¸ Islomiy davlat janggarilari safiga qo‘shilayotganlar orasida Markaziy Osiyoning beshala davlati fuqarolari bo‘lgani holda¸ o‘zbeklar eng ko‘pchilikni tashkil qiladi va taxminlarga ko‘ra o‘zbeklar soni kamida 2500 nafarga yetgan. Bular asosan O‘zbekiston fuqarolari¸ qolaversa¸ 2010 yilgi O‘sh qirg‘inidan keyin radikallashgan qirg‘izistonlik o‘zbeklardir¸ deyiladi Bo‘hronlarni o‘rganish guruhi hisobotida.

Suriyadagi o‘zbeklar kim?

Ozodlikning Farg‘ona vodiysida yashovchi manbasi (xavfsizlik nuqtai nazaridan shaxsi ochiqlanmayotir) o‘z atrofida asosan Islomiy davlat tarafdorlari yashayotganini aytadi.

Islomiy davlat safida jihod qilaëtgan jizzaxlik janggari.
Islomiy davlat safida jihod qilaëtgan jizzaxlik janggari.

“Yaqinda o‘z qarindoshlarimdan biri oilasi bilan butunlay Suriyaga ko‘chib ketdi va oxirgi marta o‘zining “Olloh yo‘lida jihodga qo‘shilgani va bu yo‘lda shahidlikka tayyor”ekanini aytib¸ bizni ham o‘z safiga qo‘shilishga undadi. Biz unga bu xato yo‘ldan qaytishni maslahat berganimizdan keyin¸ bizdan voz kechganini aytib¸ aloqani butkul uzib qo‘ydi”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan vodiylik manba.

- Suriyaga asosan erkaklar¸ erlar ketayapti¸ keyin oilasi borayapti. Yaqinda bitta o‘rtog‘im ham bordi¸ lekin ikki haftadan keyin u yerdagi ahvolni ko‘rib¸ zo‘rg‘a qochib keldi. Akalariga qo‘shilib ketayotgan qizlar¸ tul xotinlar ham bor ekan. Boshi ochiq ayollarni darhol nikohlab qo‘yishar ekan. O‘zimiz tarafdan borgan bitta qiz nikohlanganidan keyin kim bilandir telefonda gaplashgan ekan¸ hammaning oldida toshbo‘ron qilib o‘ldirishibdi. Shundan keyin o‘rtog‘imning ko‘zi ochilibdi. Qanaqa odamlar borayapti desam¸ ko‘pchiligi Rossiyadan kelayapti¸ sal gaplashib ko‘rsang¸ ilmi yo‘q odamlar¸ deyapti. Ko‘pchiligi yoshlar¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan farg‘onalik manba o‘z shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan.

Ozodlik yaqinda o‘tkazgan kichik bir surishtiruv davomida¸ Surxondaryoning 2000 dan oshiq odam yashovchi birgina qishlog‘idan ayni kunlarda Suriyadagi jihodchilarga qo‘shilgan kamida to‘rt nafar 20-30 yoshlardagi yigit borligini aniqladi.

Islomiy davlat O‘zbekistonga ko‘z tikmoqda...

Islomiy davlatga qarshi kurash strategiyasi nafaqat Markaziy Osiyo¸ balki aksar dunyo uchun dolzarb masala bo‘lib turgan ayni kunlarda¸ qirg‘izistonlik dinshunos Qodir Malikov Islomiy davlat guruhi Markaziy Osiyoda qator terror xurujlari amalga oshirish uchun 70 million dollar ajratgani haqidagi iddao bilan chiqdi.

Islomiy davlat safida jihod qilaëtgan qarshilik sobiq militsioner.
Islomiy davlat safida jihod qilaëtgan qarshilik sobiq militsioner.

20 yanvar kuni Bishkekda jurnalistlar bilan uchrashgan Din¸ qonun va siyosat deb atalgan tahliliy markaz rahbari Malikov¸ Islomiy davlat tarkibida asosan markaziy osiyolik janggarilardan tashkil topgan “Movarounnahr” deb ataluvchi guruh borligini bildirdi.

O‘z talqinidagi islomiy xalifatni Suriya va Iroq hududidan yaqin kelajakda Markaziy Osiyoga kengaytirishni maqsad qilgan Islomiy davlat¸ qirg‘iz eksperti iddaosicha¸ Qirg‘iziston janubi orqali O‘zbekistondagi vaziyatni izdan chiqarish niyatida.

Ayni paytda Qodir Malikov¸ bu ma‘lumotning qaysi manbadan olinganini jurnalistlarga ochiqlamadi.

Malikov bayonotidan bir hafta avval Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolarini Turkiya orqali Suriyaga yuborish bilan shug‘ullanib kelgan guruh fosh etilganini bildirib¸ bu guruhning Istanbulda qo‘lga olingan a‘zosi iqrorini jamoatchilikka e‘lon qilgan edi.

Ayni paytda¸ Suriyadagi janggarilikdan qaytgach¸ joriy oy boshida O‘shda qo‘lga olingan Adaham Rayimjonov¸ hibsxonadan turib jurnalistlarga bergan intervyusida¸ Islomiy davlat tomonidan o‘ziga O‘zbekistonda terror hujumlari o‘tkazishni tashkillashtirish vazifasi yuklatilganini bildirgan edi:

- U yerdagi bir do‘stim, ismi Abdulloh, "agar qaytsang yordam ber", dedi. Men qanday yordam, dedim. U "agar u yerga borsang ansor bo‘lasan", dedi. Men qanday yordam bera olaman desam, u "O‘zbekistonga hujum qilamiz, Milliy havfsizlik xizmati va boshqa joylarni portlatamiz", dedi. Meni mayli, agar Olloh uchun bo‘lsa qilaman, nima qilish kerak dedim. U "sen Turkiyaga borasan, u yerda seni kutib olishadi¸ keyin ketaverasan", dedi. Men Qirg‘izistonga kelib, bu yerdan minyorlarni jo‘natishim kerak edi. Men Qozog‘istonga kelganimda meni qo‘lga olishdi¸ dedi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi hibsxonasida jurnalistlar bilan gaplashgan o‘shlik jihodchi yigit.

Muammoning yechimi bormi?

Tahlilchilar fikricha¸ dunyoviy davlatdan hafsalasi pir bo‘lib¸ Islomiy davlat tomon burilayotgan o‘zbekistonliklarni radikallashtirayotgan sabablar qorishiq bo‘lgani¸ bu radikallarning ijtimoiy qiyofasi ham qorishiq bo‘lgani bois¸ bu jarayonni to‘xtatish muammosiga ham yagona yechim yo‘q.

O‘zbekiston kabi avtoritar davlatlar birinchi chora sifatida Islomiy davlatga qo‘shilgan yoki unga xayrixohlik ko‘rsatganlarni keskin jazolashni tanladi. O‘zbekistonlik huquq faollari ta‘kidicha¸ keyingi oylarda 244 va 159-moddalar bo‘yicha ayblanayotganlarga aynan shu guruhga aloqadorlik aybi qo‘yilmoqda.

Bo‘hronlarni o‘rganish guruhi tahlilchilarga ko‘ra¸ o‘z aholisining Islomiy davlat kabi radikal terror guruhlari safiga tortilishini to‘xtatish uchun mintaqa¸ xususan¸ O‘zbekiston hukumati avvalambor siyosiy-ma‘muriy jihatdan yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklarni tan olib¸ darhol o‘z fuqarolari haqlarini kamsituvchi qonunlar va siyosatni o‘zgartirishi¸ erkagu ayolga¸ ayniqsa¸ kelajak istiqbolidan mahrum qolayotgan qishloq hududlaridagi yoshlar uchun iqtisodiy imkonlar yaratishni boshlashi lozim. Bundan tashqari guruh¸ mintaqa hukumatlariga xavfsizlik borasidagi o‘zaro hamkorlikni yaxshilashni ham tavsiya qiladi.

Asosan Turkiya orqali Suriyadagi jihodchilar yoniga o‘tib ketayotgan o‘zbekistonliklar¸ birlamchi hukumatning o‘zi yaratgan muammo va uning birlamchi yechimi ham ayni shu hukumat qo‘lidadir¸ deydi Istanbuldan boshpana topgan o‘zbekistonlik jurnalist Narzulla Oxunjonov:

- Bu muammoni yaratganlarning birinchisi O‘zbekiston hukumatidir. Odamlarni chiqib ketishga undayotgan sabablarni kimdir yaratdi¸ yana shu hukumat. Endi muammoni o‘zlari hal qilsin. Bu radikallarni yig‘ishtirib olsin¸ ish o‘rinlari yaratsin¸ oyligini vaqtida to‘lasin. Hatto bolalarga beradigan nafaqagacha yig‘ishtirib olganidan keyin¸ ishsiz odamlar qanday bola-chaqa boqsin! Ishsizlik darajasi osmon bo‘lib turgan bir paytda¸ ishsizlik nafaqasi degan narsaning o‘zi yo‘q. Nima qilsin bu bechora xalq¸ ishsiz bo‘lsa¸ ish bermasa¸ tadbirkorlik qilaman desa¸ yo‘l bermasa? Namoz o‘qiyman¸ masjidga boraman desa¸ buniyam cheklab¸ kuzatuvga olgan bo‘lsa¸ deydi jurnalist.

Hozircha na O‘zbekiston va na mintaqaning boshqa hukumatlari aholi¸ xususan¸ yoshlarni radikallashtirayotgan sabablarni ildizi bilan yo‘q qilishga qaratilgan chora-tadbirlarga qo‘l urish rejasi borligini ko‘rsatganicha yo‘q.

Prezident Karimov o‘tgan yil 31 avgust kuni ulamolar bilan uchrashuvda yoshlarni Islomiy davlat degan “balo”dan qanday qaytarish masalasida bosh qotirishga chaqirib¸ bu borada bir maslahatlashib olishni taklif qilgan edi. Hozircha bunday maslahatlashuvning bo‘lgan-bo‘lmagani¸ bo‘lgan bo‘lsa¸ unda qanday choralar ma‘qul topilgani haqida ma‘lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG