Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:57

Tojikistonda yashayotgan chechen ayol Ramzan Qodirovdan yordam so‘radi​


Chechenistonlik Lidiya Rahimova-Muxlayeva o‘z yaqinlarini qidirmoqda.
Chechenistonlik Lidiya Rahimova-Muxlayeva o‘z yaqinlarini qidirmoqda.

O‘zbek oilasiga 37 yil oldin kelin bo‘lib tushgan asli chechenistonlik Lidiya Rahimova-Muxlayeva Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovdan o‘zining yaqinlarini topishda ko‘maklashishni so‘ramoqda. Lidiya opa Tojikistonning Sug‘d viloyatida o‘tkazgan hayoti to‘g‘risida Ozodlikka gapirib berdi.

Sug‘d viloyatidan tojikistonlik Lidiya Rahimova Chechenistonda qolib ketgan qarindoshlarini topishda ko‘maklashishni so‘rab Ozodlikka maktub yo‘lladi.

Bu xatni jo‘natishda Lidiya opaga ko‘maklashgan tojikistonlik Nazarbek bu ayolning asli chechenistonlik ekani va Tojikistonga kelin bo‘lib tushganini gapirib berdi.

- 1978 yillarda ularning turmush o‘rtoqlari Qozog‘istonning qayeridadir tanishib, Lidiya opani Tojikistonga - bizning qishloqqa olib kelgan. Opa hozir Tojikistonning Sug‘d viloyati, Spitamen rayoni (avvalgi Nov rayoni), Ko‘rkat qishlog‘ining Vahdat ko‘chasi, 53-uyda istiqomat qiladi. O‘zining aytishicha, otasi chechen, onasi ingush bo‘lgan. Lidiya opaning eng kichkina farzandi mening sinfdoshim. U kishi “Jdi menya” kabi ko‘rsatuvlarga murojaat qilsa bo‘ladi, lekin moliyaviy tomondan sharoiti ko‘tarmaydi. Biz qo‘shnimiz, bitta mahallada turamiz. Hamsuhbat bo‘luvdik, shunda mendan iltimos qiluvdilar, men Ozodlik Radiosi orqali Ramzan Qodirovga murojaat qilishni so‘rashdi, - deydi hamqishlog‘i bo‘lgan Lidiya opa iltimosi bilan xabar jo‘natganini bildirgan Nazarbek.

Shu tariqa, Ozodlik Lidiya Rahimova bilan ham tanishdi.

Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, Ulug‘ Vatan urushidan oldin ota-onalari Chechenistonning Grozniy shahrida yashagani, biroq hamma chechenlar kabi, surgun qilinib, Qozog‘istonga kelib qolgan.

“Men Qozog‘istonning Kustanay shahrida 1952 yilning 8 yanvarida tavallud topganman”, deydi Lidiya opa.

- Xo‘jayinim armiyaga borganlarida yaxshi ko‘rib, olib kelganlar. Ota-onam 1941 yilda urush vaqtida surgun qilingan. Men Kustanayda tug‘ilganman, tog‘alarim katta qilgan meni. Bu hayot shunaqa ekan-da! Xo‘jayinim o‘zbek, musulmon bo‘lgani uchun yaqinlarim indamadi. Agar rusga tekkanimda meni o‘ldirib tashlashardi! Xo‘jayinim yaxshi odam edi. Man 63 yoshga to‘ldim. Onamdan bitta o‘zim bo‘lganman, otamning ikkinchi xotinidan ikkita o‘g‘il tug‘ilgan. Otam Grozniyning Novaya Kotoyama degan joyida yashagan. Otamning familiyasi esimda yo‘q. Dadamning ikkinchi turmushidan ikkita o‘g‘il, to‘rtta qizi bor edi. Mana bu urushdan keyin bilmadim, necha yil bo‘ldi, tirikmikin ular?! - deydi Lidiya opa onasining familiyasi bo‘yicha Muxlayeva ekanini gapirar ekan.

Lidiya Rahimova-Muxlayeva kelin bo‘lib o‘zbek oilasiga tushganidan keyin boshida biroz qiynalgani, ammo keyinchalik ko‘nikib ketganini aytadi. U bu yerda kelin-kuyovlarga ko‘rpa-to‘shak qavish bilan shug‘ullanib kelishini ham ma‘lum qildi.

Лидия Раҳимова-Мухлаева билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:06 0:00
Бевосита линк

Ma‘lum bo‘lishicha, opaxonning turmush o‘rtoqlari Abduhamid aka Rahimov 2012 yilda hayotdan ko‘z yumgan. Lidiya Rahimova-Muxlayeva turmush o‘rtog‘i vafot etganidan keyin o‘zining Chechenistondagi yaqinlarini qidirib topishga ahd qilganini aytadi.

- Mening dadam chechen, onam ingush. Uchta o‘g‘lim bor, ikkita qizim. Rossiya rasvo bo‘lib, qabul qilmayapti, deport qilyapti. Zora, bollarim o‘sha yerlarga borib, qarindoshlari bilan topishsa, ukalari bor, ish topib ketar, deyapman. Necha yil bo‘ldi, to‘g‘risi, bir o‘zimda bu yerda: xo‘jayinim 2 yil bo‘ldi, o‘tdilar... Qarindoshlarim Grozniyda bor, Mozdokda bor. Moldobekskiy rayonining Verxniye Achaluki, degan qishlog‘ida Yevloyeva Makka ismli xolam bo‘lardi. O‘lib ketgan bo‘lsalar kerak. Bolalari bo‘lsa kerak. Xanifa degan qizlari bor edi. Sredniye Achaluki degan qishloqda esa onamning tog‘asi Bekmurza degan odam bor edi. U kishining yoshlari katta edi. Nevaralari bor bo‘lsa kerak. Grozniyda onamning singillari bor edi, - deydi yoshligidan esida qolgan qarindoshlarini ismini aytgan Lidiya opa.

Lidiya Rahimova-Muxlayeva shu yillar davomida biror yaqinini ko‘rmagani, o‘z farzandlarini ona yurtidagi qarindoshlari bilan tanishtirib qo‘yishni istayotganini aytdi.

Обращение Лидии Рахимовой-Мухлаевой
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:35 0:00
Бевосита линк

Rahimovlarning eng kattasi – Bo‘riboy, hozirda Rossiyaning markaziy shaharlaridan birida mardikorlik qiladi. Shu sababli, Rossiyada boshlanib ketgan alg‘ov-dalg‘ovdan tashvish tortayotganini gapirgan suhbatdosh, o‘z qarindoshlarini topishda radio orqali Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovga murojaat qildi:

- Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov ish masalasida chaqiryapti ekan. Meni birov bilib qolar. Uzoq qarindoshlarim bilan ko‘rishmaganimga necha yil bo‘lib ketdi. Grozniydan chiqib ketganimga ham 45 yil bo‘libdi. O‘g‘lim, kattasi, ishlayapti Rossiyada, lekin qo‘rqyapman – uni ham deport qilib yuborishmasa, - deydi chechenistonlik yoki ingushetiyalik yaqinlarini topishda shaxsan Ramzan Qodirovdan yordam so‘ragan Lidiya Rahimova-Muxlayeva.

Tojikistonda 37 yildan beri yashayotgan Lidiya Rahimova-Muxlayevaning Checheniston va Ingushetiyada yashayotgan yaqinlarini topishda jamoatchilik faollari va ommaviy axborot vositalari yordamiga umid qilmoqda.

XS
SM
MD
LG