Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:34

Qirg‘izistonda o‘qituvchi ona o‘z farzandlarini o‘ldirdi​


Qirg‘iziston poytaxti Bishkekdagi maktabda ingliz tilidan dars berib kelgan ayolning ikki farzandini o‘z qo‘li bilan o‘ldirishi jamoatchilik tarafidan qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Mazkur mudhish voqea 15 fevral kuni Bishkek shahri chekkasidagi yangi mavzelardan birida kuppa-kunduzi ro‘y bergani aytilayapti.

Militsiya ma‘lumotida aytilishicha, 34 yoshli ayol dastlab bolalarini dori berib uxlatishga urinib ko‘rgan, dori ta‘sir qilmaganidan keyin esa ularni pichoqlagan.

Qotillik tafsilotlari haqida Bishkek shahar militsiya boshqarmasi matbuot kotibi O‘ljo‘bay Qazabayev Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga quyidagilarni aytdi.

- U aybini to‘la bo‘yniga oldi. Tergov jarayonida uning poytaxtdagi 44-o‘rta maktabda ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlab kelgani aniqlangan. U dastlab 4 yashar qizi Nurayimga uyqi dorisi bergan. Keyin 3 yashar Chingizga dori berishga urinib ko‘rgan, bolakay yig‘lab turib olgan. Shundan keyin ona oshxonadagi pichoq bilan bolalarini o‘ldirgan, - dedi Qazabayev.

Ona bungacha o‘z joniga qasd qilishga uringan

Yosh bolalarini pichoqlab o‘ldirganlikda gumonlanayotgan ayolga nisbatan jinoiy ish ochilib, hozir Bishkek shahar militsiyasida hibsda ushlab turilibdi. Tergov jarayonida u bungacha ikki marta Respublika psixiatriya sog‘liqni saqlash markazida davolangani va bolalarini o‘ldirishni avvaldan rejalab kelgani, shuningdek, bungacha o‘z joniga qasd qilishga urinib ko‘rganini aytgan.

Militsiya ma‘lumotida aytilishicha, qotillikda gumonlanayotgan ayol o‘tgan yil oktyabrigacha Bishkek yaqinidagi Qant shahridagi maktabda ingliz tilidan dars bergan. 2009 yili turmushga chiqib, eri bilan shu yerda istiqomat qilib kelgan. 2013 yilning yozida oila poytaxtga ko‘chib kelgan. Ayolning turmush o‘rtog‘i bozorda yuk tashuvchi bo‘lib ishlaydi.

Ayni paytda ruhiy xastaligi bor ayolning qanday qilib maktabga o‘qituvchi qilib olingani jamoatchilik orasida qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Qirg‘iziston Ta‘lim va fan vazirligi matbuot kotibi Amantur Aqmatov farzandlarini o‘ldirgan ayol qay tarzda maktabga ishga olingani tekshirilayotganini aytib, aybdorlar jazolanishini urg‘uladi.

- Ayni damda biz tomondan tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Uning qanday ishga olingani o‘rganiladi. Maxsus komissiya barchasini o‘rganib chiqqanidan so‘ng mas‘ul rahbarlarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi, - dedi Amantur Aqmatov.

Shuningdek, Qirg‘iziston Ta‘lim va fan vazirligi matbuot kotibi qotillikda gumonlanayotgan ayol ishlagan maktablar haqida to‘xtaldi.

- Dastlab u Bishkek shahridagi 49-maktabda, so‘ng 64-maktab-gimnaziyada, keyinroq esa Issiq-Ota tumanidagi o‘rta maktabda ishlagan ekan. O‘tgan yilning oktyabridan boshlab u poytaxtdagi 44-maktabda ingliz tilidan dars berib kelgan. Maktab direktori uni ilg‘or o‘qituvchilardan biri bo‘lganini va bu ishga qo‘l urgani butun kollektivni hayratga solganini aytmoqda, - dedi Amantur Aqmatov.

Ruhiy xasta ota-onalarni kim nazorat qiladi?

Bishkekdagi “Bolalarni asrash ligasi” nodavlat tashkiloti yetakchisi Nazgul Turdubekova bahor faslida ruhiy kasallarning dardi qo‘zg‘ashi va bunday insonlar ustidan nazorat kuchaytirilishi kerakligini aytadi.

- Ruhiy xasta ekani aniqlanganidan keyin uni shifokorlar o‘z nazoratiga olishlari kerak edi. Tegishli vrachlar tarafidan ro‘yxatga olinib, vaqti-vaqti bilan tekshirilib turishi kerak edi. Oilasi ham qarab tursa bo‘lardi. Bir tarafdan, bundan insonlarning ishlashiga qonuniy cheklov yo‘q. Chunki ularning huquqi poymol qilinishi mumkin. Aslida bundan odamlar doim nazoratda bo‘lishlari kerak, - deydi mutaxassis.

Ta‘lim sohasidagi mutaxassislar ruhiy xastaligi bor insonlarning maktabda dars berishi to‘g‘ri emasligini ta‘kidlashmoqda. Ularga ko‘ra, o‘z bolalarini o‘ldirishdan tap tortmagan odamning boshqalar hayotiga tahdid qilmasligiga hech kim kafolat berolmaydi.

17 fevral kuni Qirg‘iziston Ta‘lim va fan vazirligi yaqin kelajakda ta‘lim sohasida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning ruhiy holati, sog‘ligi hamda ularning muqaddam sudlangani haqidagi ma‘lumot tekshirilishini bildirdi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda bugungi kunda 2207 ta maktab bo‘lib, ularda 1 million 27 ming o‘quvchi tahsil oladi​. Ularga 70 mingdan ko‘proq o‘qituvchi dars berib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG