Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:04

"Novorossiya" ramzlari kimlarni qiziqtirmoqda?​


Ukraina sharqidagi qonli to‘qnashuvlar ko‘lami biroz pasaygan bir pallada rossiyalik tujjorlar ikki qo‘shni davlat chegarasidagi mojarodan mo‘may daromad olish manbaini topdilar. Rossiyada joylashgan Internet-do‘konlardan birida “Janubi-Sharqning barcha terrorchilariga bag‘ishlanadi!” shiori ostida “Novorossiya” va “DNR” simvolikasi solingan va aholining barcha qatlamlariga mo‘ljallangan kiyim-kechak, suvenirlar, hatto tualet qog‘ozlari va “Kiyevning ishg‘ol etilishi uchun” medallari sotilmoqda. Ayrim mutaxassislar tan olinmagan “Novorossiya” tamg‘asi ostida sotilayotgan​ buyumlarga bo‘lgan ruslarning qiziqishini “TV-tashviqot”ga bog‘layotgan bo‘lsa, boshqalari mahalliylarning “o‘ziga xos dunyoqarashi” bilan izohlashga urinmoqda.

“Janubi-Sharqning barcha terrorchilariga bag‘ishlanadi!”

O‘tgan hafta Minskda imzolangan sulh kuchga kirgan bir paytda Rossiyadagi uddaburonlar bu urushdan o‘z foydasini chiqarib olmoqda.

“Voyenpro” Internet-magazini Ukraina sharqida o‘zlarini respublika deb e‘lon qilgan tashkilotlar ramzlari tushirilgan g‘aroyib mahsulotlarni sotuvga chiqardi.

“Novorossiya dunyosi” deya nomlangan tovarlar orasida “Janubi-Sharqning barcha terrorchilariga bag‘ishlanadi!” kollektsiyasi ham mavjud.

Do‘kon saytida “Qrimning qaytarilishi” kabi qalbaki medallardan tashqari “Kiyevning ishg‘ol qilinishi uchun”, “Odessaning ozod etilishi uchun”, “”Lvovning olinishi uchun”, “DNR qahramoni”, “Gumanitar karvon ishtirokchisi-2014” kabi boshqa medallarni sotib olib, unga qo‘shib beriladigan maxsus guvohnomalarga o‘z ismi-sharifingizni yozdirib qo‘yishingiz mumkin. Rossiyalik tadbirkorlar ayol, erkak va hatto bolalarga mo‘ljallangan kiyim-kechak, “DNR”, “LNR” va “Novorossiya” bayroqlari, shevronlar, “Novorossiya kaxramonlari” rasmlari tushirilgan magnit taxtacha, zajigalka va harbiy amunitsiyani pullamoqda.

“Rossiyaning bag‘ri keng. Ba‘zan shu darajadaki, ayrim hukmdorlar bag‘rikengligi uchun ularning avlodlari qarz uzadi. Aleksandr II Alyaskani amerikaliklarga sovg‘a qildi, Nikita Xrushchev hech qanday asossiz Ukrainaga Qrimni berdi, butun sovet davrida Rossiya Pribaltika, Angola, Burkina-Faso va boshqa “banan respublikalarini” boqib keldi. Bolsheviklar esa tarixiy Novorossiyani Ukrainana topshirdi”, deb ularni Rossiyaga qaytarib olish davri kelgani iddao qilinadi savdogarlar saytida.

Sayt orqali sovetlar davriga xos ramzlar bitilgan mahsulotlarga ham buyurtma berish imkoni mavjud.

Xaridorlarga alohida Ukraina bayrog‘i rangidagi tualet qog‘ozlar ham taklif etiladi. Undan tashqari, saytda o‘zini “Donetsk xalq respublikasi” deb atagan tashkilot nomidan qora-ko‘k-qizil rangdagi soat, ayollar ichki kiyimi, sviter, futbolka, sumka, prezervativ va ko‘zonaklar sotilmoqda. (Reklama yozuvida prezervativlar, negadir, archani bezatishga ishlatilishi tavsiya etilgan).

"Novorossiya" so‘rgichi
"Novorossiya" so‘rgichi

Harbiy-vatanparvarlik ruhdagi tovarlarni sotishga mo‘ljallangan bu sayt egalari go‘daklarni ham yoddan chiqarmagan. “Vatanparvar ruhdagi yosh ota-onalar o‘z farzandlariga silikonli so‘rgich yoki “Novorossiya” kombinezonini sotib olishlari mumkin”, deyiladi bu mahsulot reklamasida.

“Bu mahsulotlarni kimlar sotib olmoqda?” degan savolga sayt boshqaruvchilari “Novorossiya” ramzlari tushirilgan mahsulotlar yangi yildan oldin sotila boshlangani, biroq aynan so‘nggi paytlarda bozori chaqqonlashganini aytadi:

- Rossiyadan tashqari biz xorijga ham sotayapmiz - Latviyaga, Ukrainaga va boshqa mamlakatlarga. Bu mavzuga qiziquvchi rossiyaliklardan tashqari uni turli mamlakatlardan kelayotgan turistlar xarid qilmoqda. Ammo, asosiy biznesmimiz rossiyaliklarga mo‘ljallangan,- deydi o‘zini Olya deb tanishtirgan Internet-do‘kon menejeri.

Ma‘lum bo‘lishicha, tovarlarning asosiy qismi Xitoyda ishlab chiqarilar ekan. “Novorossiya” mavzusidagi tovarlarni sotishdan oldin asosan harbiy simvolika sotishga mo‘ljallangan sayt daromadining katta qismini Vladimir Putin rasmlari tushirilgan mahsulotlardan tushgani aytildi.

“Stalinizm” va “Rossiya imperiyasi” davri ulug‘lanmoqda”

Turli Internet-forum va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida bu kollektsiya qizg‘in munozaralarni keltirib chiqardi.

Xo‘sh, oddiy rossiyaliklarning “DNR”, “LNR”, “Novorossiya”, “SSSR” ramzlariga bo‘lgan bunday katta qiziqishi sabablari nimada?

Moskva Psixologiya-pedagogika universiteti professori, psixologiya fanlari nomzodi Viktoriya Yurkevich Ozodlik bilan suhbatda, psixologiya nuqtai nazaridan, Ukraina sharqidagi hodisalarga ruslarning qiziqishi sabablarini sanab o‘tdi.

"Novorossiya" qaxramonlari" magniti
"Novorossiya" qaxramonlari" magniti

- Bilasizmi, har bir guruhda o‘zining “qadriyatlari” mavjud. Odatan, odam o‘z fikrlarini tez-tez o‘zgartirib turishga moyil. Bu uning biror jamoada ijtimoiy moslashuviga, hayot uchun kurash davomida omon qolishi uchun zarurdir. O‘rtahol odamlar guruh liderlariga shu ramzlar orqali taqlid qiladi, ergashadi, ya‘ni buyumlarga sig‘inadi. Hamyurtlarimiz ongida “Urush – bu qaxramonlik”, degan tushuncha o‘rnashib qolgan. Aslida, simvolikaga qiziqish agressiyaning bir ko‘rinishi. Ayrim odamlar bu agressiyani san‘at orqali ifoda etadi, qolganlar esa uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlatadi. Qolaversa, ramzlarga qiziqishni “Mana men! Men shunaqa!”, deya jamiyatga qarata mujda yuborishi deya qabul qilishimiz mumkin. Eng qizig‘i, bunday kuchning namoyon qilinishi rivojlanmagan odamning urush, jangu-jadal to‘g‘risidagi tasavvurlari hosilasidir,- deydi ruhshunos Viktoriya Yurkevich.

Olimning fikricha, har bir odamning u yoki bu narsaga qiziqishida shaxsiy – ijobiy yoki salbiy – manfaatlar yotadi: ular xudbinlik yoki haqiqiy vatanparvarlik asosida kelib chiqishi mumkin.

Ammo, taniqli huquq himoyachisi, “Inson haqlari uchun” harakati yetakchisi Lev Ponomaryov Rossiya jamiyatidagi urush, imperiya va sovet davri ramzlariga bo‘lgan qiziqishning ortib borayotganini hukumat olib borayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari bilan bog‘ladi.

Ozodlik bilan suhbatda Lev Ponomaryov prezident Putin atrofida yig‘ilgan guruhlar “milliy g‘oya” masalasida asosiy ikki tomonga ajralgan deydi:

"Novorossiya" kollektsiyasidan -Strelkov
"Novorossiya" kollektsiyasidan -Strelkov

- Shaxsan o‘zi u KGB-cha konservativ fikrga ega. Unga ikki model taklif etildi: yo Stalin va Ulug‘ Vatan Urushidagi g‘alaba – bu holatda Putin keltirgan barcha qurbonliklarni kechirsa bo‘ladi, yoki imperiya davridagi Rossiyani ulug‘lash. “Imperiya davri” g‘oyasi foydalanishga juda qulay – “Uchinchi Rim”, ma‘naviy yuksalish, qadriyatlar, deganlaridek... Nihoyat, Vladimir Vladimirovich atrofidagi mana shu ikki guruh ideologlar to‘qnashuvidan yagona “milliy g‘oya” yasalib, odamlarning ikki yo‘nalishda “ongini tozalash” siyosati vujudga keldi. Odamlar haqiqatan stalinizmni ulug‘layapti. Televideniye esa “Stalin davrining ajoyibligi”-yu “imperiya davri Rossiyasining ulug‘ligi” to‘g‘risida kechayu-kunduz keskin propagandani kuchaytirmoqda, deydi Lev Ponomaryov.

XS
SM
MD
LG