Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:11

Suriyaga jihodga ketgan besh yigitning o‘lgani haqida xabar keldi​


Keyingi oylar ichi xalqaro koalitsiya kuchlari "Islomiy davlat" pozitsiyalariga havo hujumlarini kuchaytirgani oqibatida¸ jangarilar orasidagi qurbonlarning oshib borayotgani taxmin qilinadi.
Keyingi oylar ichi xalqaro koalitsiya kuchlari "Islomiy davlat" pozitsiyalariga havo hujumlarini kuchaytirgani oqibatida¸ jangarilar orasidagi qurbonlarning oshib borayotgani taxmin qilinadi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ joriy oy davomida Farg‘onaning Besharig‘idan Suriyaga jihodga ketgan uch yigit¸ Toshkentning Bekobodidan ketgan ikki yigitning o‘lgani haqida “shumxabar” kelgan. Rossiyada ishlab yurib¸ to‘satdan g‘oyib bo‘lgan bu yigitlarning o‘lgani haqida Suriyadagi jihoddoshlari xabar yo‘llagan va marhumlarning "jannatda yurgani" bilan tabriklagan.

Kollejni bitirishi bilan onasi yonida ishlash uchun Moskva viloyatiga kelgan 21 yashar bekobodlik Mahmud (ismi yaqinlari so‘rovi bilan o‘zgartirilgan) 2014 yilning 13 dekabr kuni dom-daraksiz g‘oyib bo‘lgan.

Onasi va akasi bilan bitta kvartirada yashab kelgan Mahmudning yo‘qolishidan oldingi hatti-harakatlari uning yaqinlarida hech qanday shubha uyg‘otmagan. Shu bois¸ uning yaqinlari Mahmudga biror kori-hol ro‘y berganidan cho‘chib¸ Rossiya huquq tizimlariga murojaat qilib¸ uni so‘rab-surishtirishga kirishgan.

Rossiya rasmiylari Mahmudning 14 dekabr kuni Rossiya hududini tark qilib¸ Ukrainaga o‘tgani haqida ma‘lumot bergan; undan u yog‘iga oydinlik kiritishning imkoni bo‘lmagan.

Oradan ikki oycha o‘tib¸ 12 fevral kuni Mahmudning yaqinlariga notanish shaxs WhatsUp orqali avvaliga Mahmud va uning mahalladoshi suratini yuborib¸ orqasidan ovozli xabar qoldirgan.

“Yuborilgan suratdagi yigitlar Suriyada shahid bo‘ldi. Ular hozir jannatdadir”¸ deyilgan bu qisqa ovozli xabarda.

Rossiya mobil raqami bilan yuborilgan bu xabarni yuborgan shaxs na o‘zining kimligi¸ na bu yigitlarning qayerda¸ qachon va qanday “shahid bo‘lgani”ga oid ma‘lumot bergan.

"Islomiy davlat" tarafdorlarining "qiëfasi" ana shu ramzlarda aks etgan.
"Islomiy davlat" tarafdorlarining "qiëfasi" ana shu ramzlarda aks etgan.

“Shumxabarchi”ning WhatsUpdagi surat joyida “Islomiy davlat” terror guruhi ramzi bo‘lgan qora bayroq¸ uning ustiga qo‘yilgan Qur‘on va bir necha xanjar¸ bayroq yonida esa¸ avtomat¸ granatomet¸ o‘qlari va bir necha granata surati aks etgan.

Xabar kelgan telefon raqami o‘chgani bois¸ u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmagan¸ o‘zi ham Suriyada bo‘lgani taxmin qilinayotgan noma‘lum xabarchi bilan WhatsUp orqali yozishishdan esa¸ Mahmudning yaqinlari qo‘rqishgan.

Na O‘zbekiston va na Moskvada peshonasi sajdaga tegmagan Mahmud daragining bu shaklda Suriyadan chiqishi¸ uning yaqinlarini qattiq hayratga solgan.

Bu xabar ortidan ularga ayon bo‘lishicha¸ kuniga 12 soatlab ishlab¸ na masjid va na boshqa yig‘inlarga qatnashishga ko‘p ham vaqt topmagan yigit¸ bo‘sh vaqtini Internetda o‘tkazgan.

Odnoklassniki ijtimoiy tarmog‘i orqali Moskvada o‘zi kabi ishlab yurgan bekobodliklar bilan yozishgan va ko‘p o‘tmay ular ta‘sirida radikal diniy g‘oyalarga berilgan.

Mahmudning Odnoklassnikidagi sahifasidan avvaliga qizlar bilan tanishuv¸ bodi-bilding va sportga qiziqqan bu yigitning to‘satdan Suriyadagi musulmon birodarlariga hamdardlik bildirishga o‘tgani kuzatiladi.

Uning Odnoklassnikiga qo‘ygan so‘nggi yozuvlaridan birida qora rang ustiga oq bilan yozilgan (“Islomiy davlat” bayrog‘idagi kabi)“Mening o‘limim Ollohning qo‘lidadir. Qo‘rquvga hojat yo‘q” degan yozuv qo‘yilgan.

Bundan esa¸ 13 dekabr kuni yaqinlarini dog‘da qoldirib¸ Suriyaga jo‘nab ketgan yigitning jihodchilik va shahidlikka mafkuraviy jihatdan hozirlanganini anglash mumkin.

Mahmudning yaqinlariga kelgan xabarga ilova qilingan suratda uni o‘zi bilan Suriyaga olib ketgani taxmin etilayotgan mahalladoshi aks etgan va shundan fevralь oyida bekobodlik ikki yigitning bir paytning o‘zida nobud bo‘lgani taxmin etilmoqda.

Mafkuraviy zombi qilingan o‘zbeklar "qiymaxona"ga tashlanmoqda

Ozodlik Iroq xizmati tahlilchisi Petr Kobalekka ko‘ra¸ “Islomiy davlat” safiga qo‘shilayotgan o‘zbekistonliklar janggarilik mashqini olar-olmas jangovar amaliyotlar o‘chog‘i tashlanmoqda va shu bois tezlik bilan qirilib ketmoqda.

Ayni paytda¸ xalqaro koalitsiya kuchlarining “Islomiy davlat” istehkomlariga havodan uyushtirayotgan hujumlari oqibatida o‘ldirilayotgan jangarilar orasida o‘zbekistonliklar ham anchagina:

- Yaqinda “Islomiy davlat” Kobani shahridan chekinishga majbur bo‘ldi. Amerikaliklar hisobicha¸ Kobanidagi janglarda haftasiga kamida 100 dan oshiq jangari o‘ldirilgan. Ayni kunlarda jangovor amaliyotlar¸ asosan¸ Iroq-Suriya chegarasidagi Anbar viloyati¸ ayniqsa¸ Al-Bag‘dodiy shaharchasi atrofida bormoqda. O‘zbek radikallari bu janglarda piyodalar bo‘lgani uchun¸ birinchi navbatda¸ aynan shundaylar nobud bo‘lmoqda. Ularni shahidlikka targ‘ib qilib¸ jannat va‘da qilayotgan arab qo‘mondonlarining o‘zlari¸ tabiiyki¸ bexavotir joylarda bekinib olib¸ bu yigitlarni qiymaxonaga tashlayapti¸ deydi islomiy ekstremizm bo‘yicha tahlilchi.

Tahlilchiga ko‘ra¸ "Islomiy davlat" qo‘mondonlari¸ asosan¸ Saddam Husayn davrida Iroq xavfsizlik tizimlarida ishlagan sobiq Baas partiyasi a‘zolari va ular piyodalar ongiga quyilayotgan "jihod" va "shahidlik" g‘oyalariga o‘zlari ishonmaydi va amal ham qilmaydi.

Ammo "Olloh yo‘lida jihod qilish va shahid bo‘lish" g‘oyasi nihoyatda kuchli tarzda qiymaxonaga tashlanayotgan piyodalar ongiga quyilmoqda.

Yaqinlari ayni kunlarda Suriyada “Islomiy davlat” janggarilari safida bo‘lgan o‘zbekistonliklardan biri Ozodlik bilan suhbatda o‘z qarindoshlari ayni ana shu mafkura quliga aylanganini hikoya qiladi:

- Opam va pochcham bolalarini olib Suriyaga ketgan. Ular "Islomiy davlat" tarafida. Besh oycha avval 15 yashar qizini o‘sha yerdagi janggarilardan biriga nikohlab bergan - ayol kishining nikohsiz yashashiga ruxsat yo‘q ekan. Ikki oycha oldin shu kuyov jangda o‘libdi. Opam bizga shunaqa xursand bo‘lib xabar qildiki¸ biz yoqa ushladik. "Olloh yo‘lida shahidlik nasib qildi kuyovimizga. Bizga ham shu nasib etsin"¸ deb xursand bo‘lib gapirdi. Ular bir-birini shahidlik bilan tabriklashar ekan. Jiyanimning bo‘yida qolgan ekan¸ erining o‘lganini eshitib qo‘rqib ketgan shekilli¸ bolasi tushib qolibdi. Endi uni yana kimgadir nikohlab berishar ekan¸ deydi bunday munosabatdan hayratini yashirmagan Ozodlik manbasi.

“Islomiy davlat”ga yaqin manbaning Ozodlikka bildirishicha¸ hozirga qadar bu jangari guruh tashviqotiga uchib¸ Suriya hududida o‘lgan o‘zbekistonlik jangarilar soni kamida 900 nafarga yetgan.

Ammo Ozodlik bu norasmiy iddaoni tasdiqlash yoki inkor etish imkoniga ega emas.

Suriyadagi o‘zbek jihodchilari iddaosicha¸ bu yerda jang qilayotgan o‘zbekistonliklar soni 3000-4000 nafarga yetgan.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ ayni kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab Ichki ishlar va MXX ga qarashli terrorizmga qarshi kurash bilan shug‘ullanuvchi bo‘limlar Suriyaga ketganlar yuzasidan ma‘lumot yig‘ishni faollashtirgan.

Aytilishicha¸ maxsus tergovchilarga topshirilgan “jihodchilar” ishi davomida o‘zbekistonlik yigitlarni Suriyaga jalb qilayotgan tarmoqlarni fosh qilishga asosiy e‘tibor qaratilgan.

Ozodlikka kelgan so‘nggi xabarlardan birida yozilishicha¸ joriy oyda Farg‘ona viloyati Beshariq tumanining Vatan mahallasida yashab¸ Rossiyadan Suriyaga ketgan uch yigitning o‘lgani xabari kelgan.

Hozircha Ozodlik bu qurbonlar shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG