Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:19

Nyu-Yorkda IShIDga qo‘shilmoqchi bo‘lgan o‘zbeklar hibsga olindi


AQSh da hibsga olingan uch o‘zbekning dastlabki mahkamasiga oid Amerika matbuotida chop etilgan qalamtasvir.
AQSh da hibsga olingan uch o‘zbekning dastlabki mahkamasiga oid Amerika matbuotida chop etilgan qalamtasvir.

AQSh Federal tergov byurosi (aksar o‘zbekistonliklar orasida FBR qisqartmasi bilan tanilgan) Nyu-Yorkning Bruklin mavzesida yashab kelgan ikki O‘zbekiston va bir Qozog‘iston fuqarosini qo‘lga oldi.

O‘zbekistonlik 24 yashar Abdurasul Jo‘raboyev, 30 yashar Abror Habibov, qozog‘istonlik 19 yashar Ahror Saidaxmetov “Islomiy davlat” guruhiga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatishga harakat qilganlik va Turkiya orqali Suriyaga o‘tib “Islomiy davlat” jihodiy guruhiga qo‘shilmoqchi bo‘lganlikda ayblanmoqda.

Chorshanba kuni mahkamaga keltirilgan uch o‘zbek qalamtasviri.
Chorshanba kuni mahkamaga keltirilgan uch o‘zbek qalamtasviri.

Biri aeroportda¸ ikkinchisi uyida¸ uchinchisi esa Floridada qo‘lga olingan uchala o‘zbek chorshanba kuni dastlabki mahkamaga olib kelindi. Ularni qamoqqa olish haqida order berishni so‘rab mahkamaga topshirgan arizasida federal tergovchilar¸ Saidaxmetovning 25 fevral kuni Istanbulga uchib ketmoqchi bo‘layotganida Kennedi aeroportida qo‘lga olingani bildirgan. Mazkur hujjatga ko‘ra¸ Jo‘raboyev 29 mart kuni Istanbulga uchib ketishi kerak bo‘lgan. Habibov esa Saidaxmetovning “Islomiy davlat” guruhiga qo‘shilishi uchun kerakli bo‘lgan xarajatlarni o‘z zimmasiga olganlikda gumonlanmoqda.

Federal tergov byurosining N yu-York bo‘limi rahbari o‘rinbosari Diyego Rodrigez hibsga olinganlar AQShda terror hujumlarini amalga oshirmoqchi bo‘lganlarini aytdi:

- Gumonlanuvchilar "Islomiy davlat" (birlamchi nomi Iroq va Shom islom davlati - IShID) guruhiga qo‘shilish maqsadida Turkiyaga maxfiy tarzda uchib ketmoqchi bo‘lishgan. Agar uchib keta olishmasa, AQShda terror amaliyotlarini sodir etishni , jumladan, FBR agentlariga suiqasd uyushtirishni rejalashtirishgan, dedi Rodrigez.

Federal tergov xodimlari qo‘yayotgan ayblar

Chorshanba kungi mahkamaga taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra¸ IShIDning o‘zbek tilidagi Hilofatnews.com saytidagi yozuvlarini ko‘rgan federal agentlar o‘tgan avgust oyida Abdurasul Jo‘raboyevning uyiga borgan.

Ню-Йоркда "Исломий давлат"га қўшилмоқчи бўлган ўзбеклар ушланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:32 0:00

(Federal tergov byurosi xodimlarining mahkamaga uchala gumonlanuvchini qamoqqa olish uchun order berishni so‘rab topshirgan arizasi.)

“Men hozir AQShda yashayman¸ lekin hozircha qurolim yo‘q. Bu yerda yashab turib ham o‘zimizni shahidlikka bag‘ishlashimiz mumkinmi? Masalan¸ Obamani o‘ldirish uchun xudkushlik qilsak¸ shahid bo‘lamizmi? Bu bilan biz kofirlar yuragiga qo‘rquv solamizku”¸ deyiladi¸ federal agentlarga ko‘ra¸ Jo‘raboyevning IShID saytidagi yozuvlarida.

FBR agentlariga ko‘ra¸ ular bilan suhbatda Jo‘raboyev bu sharhlarni o‘zi yozganini tan olgan¸ puli bo‘lsa¸ Suriyaga borish rejasida ekani va Obamaga ziyon yetkizishga urinishini bildirgan. Jo‘raboyev shuningdek¸ agentga yaqin do‘sti Saidaxmetovning ayni qarash va orzuda ekanini aytib bergan.

Federal agentlar bilan suhbatdan so‘ng Jo‘raboyev IShIDning Iroqdagi sayti ma‘muri Abu Bakr Bag‘dodiy bilan bilan Internet orqali bog‘lanib¸ Suriyaga ketishda nihoyatda ehtiyotkor bo‘lish¸ aks holda aeroportda qo‘lga olinishi mumkinligi ehtimolini muhokama qilgan¸ undan maslahat so‘ragan.

Tergovchilar mahkamaga topshirgan hujjatlarda Jo‘raboyev va Saidaxmetovning Turkiyaga borgandan keyin qanday qilib IShID nazoratidagi hududlarga o‘tish yo‘llarini qidirgani va dekabr oyida Habibov moliyaviy ko‘magi bilan Turkiyaga ketish uchun bilet sotib olgani aytiladi.

Jihodchilikni orzu qilgan ikki o‘zbekka Istanbulga bilet olib bergan Abror Habibov¸ Florida¸ Jorjia¸ Pensilvaniya va Virjiniya shtatlarida mobil telefon tuzatish va idish-tovoq sotish bilan shug‘ullanuvchi kichik do‘konchalar tarmog‘ini boshqarib kelgan va Saidaxmetov uning qo‘lida ishlagan.

Federal tergov byurosiga pul evaziga josuslik qilgan shaxs sentyabr oyida masjidga kelgan Jo‘raboyevga o‘zini ham IShID tarafdori qilib ko‘rsatib¸ o‘zaro suhbatni yozib olgan va bu suhbat uni hibsga olishga asos bo‘lgan dalillardan biridir.

Ayni shunday Saidaxmetov ham FBR josusiga Suriyaga ketish orzusida ekani¸ biroq buni sezib qolgan onasi pasportini olib qo‘yganidan shikoyat qilgan.

Saidaxmetov shuningdek josusga o‘zining Amerikada avtomat sotib olib¸ agar Suriyaga ketishiga xalaqit bersa¸ politsiya va FBR agentlarini otib tashlash niyatini izhor qilgan.

Jo‘raboyev bilan FBR agentlari yozib olgan telefon suhbatida Saidaxmetov shuningdek IShIDga qo‘shilishdan oldin AQSh armiyasiga kirish va o‘sha yerdan turib jihodchilarga strategik muhim ma‘lumot yuborib turish rejasini muhokama qilgan. Bu taklifi Jo‘raboyevga ma‘qul kelmaganidan keyin Saidaxmetov¸ Amerika askarlariga o‘t ochib¸ imkon boricha ko‘prog‘ini o‘ldirishni taklif qiladi.

Advokat e‘tirozi

Saidaxmetov advokati Adam Perlmutter¸ chorshanba kungi mahkama eshituvlarida o‘z himoyasidagi yigitning advokat ishtirokisiz FBR agentlari tomonidan savol-javob qilinganining qanchalik qonuniyligini savol ostiga oldi va o‘z mijoziga qo‘yilgan ayblarni rad qildi:

- Bu shaxslar hozircha gumonlanmoqda va ularga nisbatan rasmiy ayblov e‘lon qilinmadi. Agar bu ayblar haqiqat bo‘lsa¸ hozircha bu shunchaki ayblov¸ bu bizni federal hukumatning Amerikadagi yosh musulmon yigitlariga nisbatan yondashuvini savol ostiga olishga majbur qiladi¸ dedi advokat Perlmutter.

“Bu judayam yosh¸ juda yosh yigit”¸ deya ta‘kidlagan Perlmutter AQSh federal tizimlarining yosh musulmon yigitlariga munosabati¸ xususan¸ Jo‘raboyev bilan bir kvartirada yashagan shaxsni pul evaziga FBRga josuslikka yollash taktikasini tanqid qildi:

- Jarayonga aralashish¸ bu yigitlar bilan gaplashish¸ vaziyatni o‘rganish¸ ularni tushunishga harakat yo‘q. Federal hukumat darhol bu yigitlarni ta‘qib qilish¸ hibsga olish va jazolashga hovliqmoqda. Men bugun hammaga aybsizlik prezumptsiyasining Amerika tuprog‘ida hamon qonun ekanini eslatib qo‘ymoqchiman. Va biz hibsga olingan shaxslar haqlarini himoya qilish uchun qattiq kurashish rejasidamiz¸ dedi advokat Perlmutter.

AQSh prokurori yordamchisi Duglas Pravda chorshanba kungi mahkamada ushlangan uchala yigit garov evaziga ozodlikka chiqarilsa¸ jamoatchilik xavfsizligiga tahdid solishi va imkon topib¸ AQShdan qochib ketishi bois¸ ularni qamoqqa olishni so‘radi.

Pravdaga ko‘ra¸ qo‘lga olinganidan keyin yigitlar Istanbulga borishdan maqsad IShIDga qo‘shilish ekani va u yerdan qaytmaslik rejasida bo‘lganini e‘tirof qilgan.

Agar gumonlanayotgan uch o‘zbekka qo‘yilayotgan bu ayblovlar mahkamada o‘z tasdig‘ini topsa¸ ular 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

AQShdagi IShID "oshiqlari"

Loretta Linch xonimning yaqin kunlarda AQSh Bosh prokurori Erik Holder o‘rnini egallashi kutilmoqda.
Loretta Linch xonimning yaqin kunlarda AQSh Bosh prokurori Erik Holder o‘rnini egallashi kutilmoqda.

- Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilayotgan xorijliklar oqimi mamlakatimiz va ittifoqchilarimiz uchun kuchayib borayotgan tahlikadir. Biz Suriyaga borib¸ IShID safida vahshiy jihod qilishga urinayotganlar va ularni qo‘llovchilarni keskin ta‘qib qilishda davom etamiz¸ dedi Bruklin prokuraturasi uchun mas‘ul va yaqinda AQSh Bosh prokurori etib tayinlanishi kutilayotgan Loretta Linch.

Turkiya orqali Suriyadagi jihodga ketish arafasida hibsga olingan ikki o‘zbek bilan AQSh aeroportida ayni shunday ayb ortidan ushlanganlar sonining o‘ndan oshgani aytilmoqda.

AQSh va boshqa G‘arb hukumatlari “Islomiy davlat” guruhining G‘arbdagi yoshlarni ijtimoiy tarmoqlar vositasida o‘z safiga tashviq qilish kampaniyasidan jiddiy tashvish bildirib kelmoqda.

“IShIDchilar Internetdan ustamonlik bilan foydalanib odamlarni radikallashtirish va ularni zo‘ravonlikka undashga chaqirib kelmoqda”¸ degan edi bu haqdagi chiqishlaridan birida Federal tergov byurosi direktori Jeyms Komi.

FBR taxminicha¸ hozirga qadar 150 ka yaqin amerikalik Suriyadagi jihodga qo‘shilgan yoki qo‘shilishga uringan.

AQShda terror fitnasida gumonlangan o‘zbekistonliklar

25 fevral kuni Nyu York va Floridada ushlanganlar bevosita "Islomiy davlat" bilan aloqadorlikda gumonlanib ushlangan dastlabki o‘zbeklar bo‘lsa-da¸ ular radikal islomiy guruhlarni qo‘llashda ayblanayotgan birinchi o‘zbekistonliklar emas.

2012 yil 13 iyul kuni AQShning Birmingem okrugidagi Federal sud hakamlari prezident Barak Obamani o‘ldirmoqchi bo‘lganini tan olgan 22 yashar o‘zbekistonlik Ulug‘bek Qodirovni 15 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

Prezident Obamani o‘ldirmoqchi bo‘lgan toshkentlik Ulug‘bek Qodirov.
Prezident Obamani o‘ldirmoqchi bo‘lgan toshkentlik Ulug‘bek Qodirov.

AQShda noqonuniy yashab kelgan Ulug‘bek Qodirov 2011 yil 13 iyulida Alabama shtatining Birmingem shahri yaqinidagi motelda o‘zini qurollar sotuvchi deb tanitgan maxfiy xizmat agentidan qurol sotib olayotgan paytda hibsga olingan edi.

Qodirov ijtimoiy tarmoqlarda prezident Obamani o‘ldirish niyatida ekani haqidagi ma‘lumotlarni tarqatganidan so‘ng AQSh maxsus xizmatlari kuzatuvchiga olingan edi.

Qodirovning advokati Lans Bell o‘z himoyasidagi odam “ashaddiy terrorist emasligi”, u ijtimoiy tarmoqda islomiy mafkura tashuvchilar bilan tanishib, mana shu mafkura qurboniga aylangani, shuning uchun ham shafqat qilinishga loyiq ekanini bildirdi.

2012 yilning 21 yanvar kuni Chikagoning O’Hara xalqaro aeroportida 35 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Jamshid Muxtorov hibsga olingan edi.

Jamshid Muxtorov O‘zbekiston islomiy harakati ko‘makchisi sifatida hibsga olingan.
Jamshid Muxtorov O‘zbekiston islomiy harakati ko‘makchisi sifatida hibsga olingan.

AQShdan siyosiy boshpana olgan¸ O‘zbekistonda rasman ro‘yxatga olingan "Ezgulik" inson huquqlari jamiyatining Jizzax bo‘limini boshqargan Muxtorov Islomiy jihod ittifoqiga a‘zolikda ayblanib¸ hibsda saqlanmoqda.

Ayni 2012 yilning martida Filadelfiya shahrida yana bir O‘zbekiston fuqarosi Baxtiyor Jumayev terrorchilikka aloqadorlikda gumonlanib hibsga olindi.

AQSh Federal tergov byurosi xodimlari Baxtiyor Jumayevga qarshi ilgari surilgan ayblovlarga uning Jamshid Muxtorov bilan yaqin do‘stligi, xususan unga 300 dollar pul yuborganini terror tashkilotiga moddiy yordam ko‘rsatganlik dalili sifatida asos qilib keltirilgan.

Fazliddin Qurbonov.
Fazliddin Qurbonov.

Muxtorovga yaqinlik ortidan FBR agentlari nazariga tushgan yana bir o‘zbekistonlik Fazliddin Qurbonov 2013 yilning 16 may kuni Aydaho shtatining Boysi shahrida terrorchi guruhga yordam berganlikda gumonlanib hibsga olindi.

AQSh davlat qoralovchilari Qurbonovga nisbatan AQSh tomonidan xalqaro terror tashkilotlari ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston islomiy harakatiga odam yollash¸ asosiy bazasi Pokistonning shimoliy Vaziriston mintaqasida ekani aytiladigan ushbu guruhga kompyuter dasturlari va pul yuborish aybini rasman mahkamaga taqdim etdi.

Bunday ayblar qo‘yilishining ashyoviy dalili sifatida prokurorlar Qurbonovning Boysidagi kvartirasidan topilgan qo‘l granatasi¸ snaryad trubkasi¸ o‘q-dori va portlovchi moddalarni mahkamaga taqdim etgan. Shuningdek¸ maxsus xizmat xodimlari bir necha kompyuter¸ qattiq disk va telefonni dalil sifatida qo‘lga olgan. Yangi dalil va ayblar asosida QurbonovO‘zbekiston islomiy harakati tomonidan ommaviy qirg‘in uchun ishlatilishini yaxshi bilgan holda ular safiga odam va pul jo‘natishda ayblanmoqda.

AQSh mahkamasi hozircha bir-biriga aloqador bo‘lgan Jamshid Muxtorov¸ Baxtiyor Jumayev va Fazliddin Qurbonovlar ishi yuzasidan hukm chiqarganicha yo‘q.

XS
SM
MD
LG