Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:37

O‘zbekiston: Gulnora Karimova milliard dollarni qanday o‘mardi​?


Ўзбекистон: Гулнора Каримова миллиард долларни қандай ўмарди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:41 0:00

Xalqaro mobil aloqa shirkatlari O‘zbekistonda izchil o‘sib borayotgan bozorga sarmoya qilish imkonidan foydalanib qolishga oshiqqan paytda bu mamlakat prezidenti qizining qanchalik pulga o‘ch bo‘lgani ularning tushlariga kirmagan.

Miranda Patrutsich (OCCRP)

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Skandinaviya davlatlari va Rossiyaga doir TeliaSonera va VimpelCom shirkatlarining O‘zbekistonda faoliyat qila olishlari uchun pora olganlikda ayblanmoqda. Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani yoritish loyihasi (OCCRP) qo‘lga kiritgan hujjatlar to‘ng‘ich qizning avval xabar qilinganidanda ochko‘zroq va iddao qilingan korrupsiya ko‘lami ancha kengroq bo‘lganini ko‘rsatadi.

OCCRP qo‘lga kiritgan moliyaviy hujjatlar Gulnora Karimova xalqaro telekom shirkatlaridan 1 milliard AQSh dollaridan ortiqroqqa teng mablag‘ va shirkatlardagi ulushlarni undirib olgan bo‘lishi mumkinligiga oid tafsilotlarni fosh etadi. Ayni paytda, qashshoqlikka yuz tutgan O‘zbekistonda telekom shirkatlari mijozlari mobil xizmat uchun to‘laydigan haq dunyodagi eng qimmatlardan biri hisoblanadi.

OCCRP Karimova telekom sohasiga aloqador kamida oltita shirkat, jumladan tolali optik kabellarini yotqizish hamda WIMAX va WIFI xizmatlarini yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullangan kompaniyalardan pul undirishda ayni bir xil sxemalardan foydalanganini aniqladi. U o‘z talablariga ko‘ngan shirkatlarga litsenziya olishda yordam bergan, shartlarni qabul qilmaganlarni esa, jualadan AQShga doir uchta shirkatni mamlakatdan chiqartirib yuborgan.

U o‘zi tuzgan sxemalar yordamida o‘margani taxmin qilinayotgan millionlar O‘zbekistonda pensiya va sog‘liqni saqlashga sarfalanishi mumkin edi. Buning o‘ringa bu mablag‘lar prezident qiziga doir offshor hisob raqamlarga tushgan va dunyoning turli nuqtalarida, jumladan Fransiyada hashamatli qasr va Hong Kongda qimmatbaho pentxauz uy sotib olishga sarflangan. Unga doir biznes hujjatlarning barchasi oshkor bo‘lmagani bois, Karimova qo‘l urgani iddao qilinayotgan tamagirlik va poraxo‘rlik jarayonlarida aylangan pullar hatto 1 milliard AQSh dollaridan ancha ko‘proq bo‘lishi ehtimolga yaqindir.

Gulnora Karimova qo‘l urgani iddao qilinayotgan poraxo‘rlik jarayonida aylangan pullar 1 milliard AQSh dollaridanda ko‘proq bo‘lishi ehtimolga yaqindir.
Gulnora Karimova qo‘l urgani iddao qilinayotgan poraxo‘rlik jarayonida aylangan pullar 1 milliard AQSh dollaridanda ko‘proq bo‘lishi ehtimolga yaqindir.

Xalqaro shirkatlar o‘zlarining aybsizligi va prezident qizining tuzog‘iga bilmay ilinib qolganlarini iddao qilayotgan bo‘lsa-da, Karimova surbetlarcha ochiqchasiga foydalangani aytilayotgan sxemalar bu shirkatlarning unga pora berayotganlarini bilmaganliklarini ehtimoldan soqit qiladi.

Yaramas urug‘

Karimova yillar davomida matbuot sarlavhalaridan tushmay kelgan. Bir paytlar otasining vorisi sifatida ko‘rilgan Karimova bugun uning qahriga uchrab, uy qamog‘iga olingan. O‘zbekiston prokurorlari u tuzgan uyushgan jinoiy guruh hujjatlarni qalbakilashtirish, shantaj va tamagirlik orqali davlatdan 53 million AQSh dollariga teng mablag‘ni o‘marganlikda ayblamoqda. Bu jinoyatlar, o‘zbek tergovchilarga ko‘ra, uning O‘zbekiston havo yo‘llari, Coca Cola va boshqa shirkatlarni o‘z nazoratiga olgani bilan bog‘liq bo‘lgan. Unga qarshi jinoyat ishi ochilganidan beri bizneslari yopilib, uning bir necha hamkori hibsga olindi va qisqa muddatlarga qamoqqa hukm etildi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi "uyushgan jinoiy guruh a‘zosi" G. Karimovaga jinoyat ishi ochgan.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi "uyushgan jinoiy guruh a‘zosi" G. Karimovaga jinoyat ishi ochgan.

AQShda tahsil olgan Karimova o‘zini ba‘zan pop yulduz, ba‘zan esa moda dizayneri, jahon tanigan olifta, diplomat va oshig‘i olchi tadbirkor sifatida taqdim etgan. Lekin aftidan uning haqiqiy mahorati siyosiy korrupsiyaning shavqatsiz uslubida namoyon bo‘lgan. Karimovaning sobiq yordamchilariga ko‘ra, u tamagirlik va prezident qizi maqomidagi nufuzidan foydalanib, istagan narsasiga erishgani hamda buning evaziga katta miqdordagi pora va shirkatlarda o‘z ulushiga ega bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan. Ayni paytda, hujjatlardan ayon bo‘lishicha, u har qanday shantajchi kabi bir marta pora olish bilan tinchimagan, shirkatlar har safar litsenziyani yangilashiga ehtiyoj paydo bo‘lishi bilanoq u yangidan haqini talab qilgan. Wikileaks oshkor qilgan AQSh elchixonasiga doir kablogrammalardan birida u O‘zbekistonda eng yomon ko‘rilgan shaxs sifatida tasvirlangan.

Karimovaning sobiq yordamichisiga ko‘ra, u o‘zi biznesni boshqarishga urinmagan, balki o‘z ulushini olib, ortiqcha e‘tibor qaratmaslik uchun imkon qadar tezroq qochishni xush ko‘rgan. Aslida Karimova, uning jamoatchilik orasidagi imijidan farqli o‘laroq, hech qachon pichoqqa ilinadigan biznes boshlamagan.

U telekom sohasida amalga oshirgan faoliyati bilan bog‘liq ayblovlar rasman e‘lon qilinganicha yo‘q, lekin bu jarayon ichida aylangan pullar Karimovaga hozircha qo‘yilayotgan ayblarni ancha ortda qoldiradi.

Karimovaning telekom sohasidagi oldi-berdilari ilk bor 2012 yilda Shved jamoatchilik televideniyesi tayyorlagan reportajlar tufayli oshkor bo‘ldi. Undan keyin Shvetsiyaning TT xabar agentligi va Norvegiyada chiqadigan Klassekampen gazetasi ham qator materiallarni e‘lon qildi. Reportajlarning barchasi OCCRP bilan hamkorlikda tayyorlandi. Bu materiallar Shvetsiya va Finlyandiyaga doir TeliaSonera hamda Rossiya va Novegiyaga qarashli VimpelCom kompaniyalari O‘zbekistonda mobil aloqa litsenziyalarini qo‘lga kiritish maqsadida Karimovaga millionlab dollar to‘laganini oshkor qildi. TeliaSonera va VimpelCom shirkatlari hozirda Shvetsiya, Hollandiya va AQSh rasmiylari tomonidan tergov qilinmoqda.

Bir paytlar otasi Islom Karimovning vorisi sifatida ko‘rilgan Gulnora hozirda uning qahriga uchrab, uy qamog‘iga olingan.
Bir paytlar otasi Islom Karimovning vorisi sifatida ko‘rilgan Gulnora hozirda uning qahriga uchrab, uy qamog‘iga olingan.

OCCRP qo‘lga kiritgan hujjatlarga ko‘ra, Karimova telkom sohasidagi shirkatlardan 1 milliard AQSh dollaridan ortiqroqqa teng pul va shirkatlardagi ulushlarni undirib olgan. TeliaSonera 381 million AQSh dollari to‘lagan va yana qo‘shimcha 75 million dollar va‘da qilgan; VimpelCom va uning Rossiyadagi ega shirkati Alfa Telecom 176 million AQSh dollari bergan; Rossiyaning MTS kompaniyasi 350 million AQSh dollari to‘lagan. U shuningdek, yana ikkita boshqa shirkatdan O‘zbekistonda tolali optik liniyalarni yotqizish hamda WiMAX va WIFI xizmatlari uchun 90 million dollarga yaqin pul olgan.

Shvetsiya Bosh prokuraturasi tergovchisi Gunnar Stetlerning OCCRP-ga aytishicha, TeliaSonera shirkatiga nisbatan ayblov shu yilning oxiriga qadar e‘lon qilinadi.

Ishlash uslubi

Karimovaga doir hujjatlar va u bilan ishlagan odamlarga ko‘ra, prezident qizi boylik orttirishning asosan uchta usulidan foydalangan. Ba‘zan u hadya sifatida nishonga olingan shirkatning ulushini talab qilgan yoki mahalliy hamkor sifatida qalbaki firma ochib, go‘yoki sarmoyador sifatida harakat qilgan. Ba‘zan esa, tegishli litsenziyani qo‘lga kiritishda o‘zining shaxsiy ko‘magi va lobbichilik faoliyati uchun mukofot puli to‘lanishini talab qilgan. Iddao qilinayotgan yana bir usul oddiy, shirkatlar xo‘jayinlarini qamoqqa olish yoki mamlakatdan chiqarib yuborish bilan qo‘rqitish orqali o‘z talablariga bo‘ysindirish bo‘lgan. U serdaromad telekom sohasiga aloqador shirkatlardan mutlaqo tekinga ulush (uning odatiy stavkasi 26 foiz bo‘lgan) undirib olishda shavqatsizlik bilan harakat qilgan. Shartnomalarga bu shirkatlarni kelgusida uning ulushini bir necha barobar qimmatroqqa sotib olishga majbur etuvchi shartlar kiritilgan.

Boshlanishi

2001 yil oxirlarida u AQShda eridan ajrashib, vataniga qaytgach, qarorgohi Atlantada joylashgan International Communications Group (ICG) shirkati prezidenti Shohid Feruz bilan tanishib qoladi. Undan o‘n yilcha avval ICG O‘zbekiston hukumati bilan tashkil qilingan Uzdunrobita qo‘shma korxonasi Markaziy Osiyodagi birinchi mobil operatoriga aylangan edi.

Karimovaning Feruzga taklifi ochiq, oydin va oddiy bo‘ldi: o‘zining maslahat xizmatlari evaziga mobil operatorining 20 foizi talab etildi.

Gulnora Karimova serdaromad telekom sohasiga aloqador shirkatlardan mutlaqo tekinga ulush (uning odatiy stavkasi 26 foiz) undirib olishda shavqatsizlik bilan harakat qilgan.
Gulnora Karimova serdaromad telekom sohasiga aloqador shirkatlardan mutlaqo tekinga ulush (uning odatiy stavkasi 26 foiz) undirib olishda shavqatsizlik bilan harakat qilgan.

2001 yil Karimova uchun O‘zbekiston telekom bozoriga kirishning qulay fursati edi. 29 million aholisi bilan atigi 12 ming mobil aloqa abonenti bo‘lgan O‘zbekiston butun Yevropa va Yevroosiyo mintaqalaridagi bozori katta o‘sish potentsialga ega bo‘lgan sanoqli mamlakatlardan biri edi. Bu davrda yillar davomida izchil o‘sib kelgan Rossiya va Yevropadagi telekom shirkatlarida sekinlashish kuzatila boshlagan edi. Hamma O‘zbekiston telekom bozorida o‘z ulushiga ega bo‘lish ishtiyoqida edi. 2012 yilga kelib, o‘zbek bozoridagi abonentlar soni 25 millionga yetdi.

Karimovaning sobiq yordamchisi Farhod Inog‘omboyev AQSh sudiga kiritgan bidirishnomasida, “u o‘z yordamisiz Uzdunrobita yo‘q qilinishini taqozo etuvchi vaziyatni yaratdi”, deyiladi. U amerikalik sarmoyadorlarni o‘z talablariga bo‘ysinishga majburlash uchun ularning litsenziyalari hukumat tomonidan bekor qilinishini kafolatlagan.

1994-2001 yillar oralig‘ida Inog‘omboyev Dubayda Karimovaning sobiq eri, asli aqfg‘onistonlik o‘zbeklardan bo‘lgan AQSh fuqarosi Mansur Maqsudiyning qo‘lida ishlagan. Karimova Maqsudiy bilan AQShda yashagan, lekin turmushi buzilgach, u 2001 yilda vataniga qaytadi. O‘zbekistonga qaytgach, Karimova, iddao qilinishicha, Ing‘omboyevni Dubaydan qatyish va o‘zi tomonga og‘dirish maqsadida uning akasini qamoqqa oldiradi. 2003 yilda AQShga qochguniga qadar Inog‘omboyev Karimova biznesi va shaxsiy hayotiga yaqin bo‘lgan. Ular birgalikda bank hisob raqamlari, soxta firmalarni ochish va nishonga olingan shirkatlardan ulush undirish bilan shug‘ullangan.

Tahdidni jiddiy qabul qilgan ICG Uzdunrobitaning 20 foizlik Revi Holdings nomli firma hisobiga o‘tkazib berdi. Inog‘omboyev bu firmani Birlashgan Arab Amirliklaridagi offshor holding sifatida 2001 yil noyabrida tashkil qilgan. Karimovaning qolgan barcha firmalarini nazorat qiluvchi bu holding Sharja Erkin savdo zonasida tashkil qilinib, Dubayda ro‘yxatga olinadi. Bu firma Karimovaning ishtaxasi ochilgan sari, ikkovlon tashkil qilgan ko‘plab firmalarning biridir xolos.

​“Bunday ochiq tahdidlar yordamida, Karimova bir tiyin to‘lamasdan, ko‘p million dollarga teng shirkatda katta ulushni qo‘lga kiritdi”, deya ko‘rsatma berdi uning sobiq yordamchisi.

Oradan ikki oy o‘tib, Karimova O‘zbekiston Davlat mulk qo‘mitasini ham 31 foizlik ulushni o‘z hisobiga o‘tkazishga ko‘ndiradi va shirkatning katta qismiga ega chiqadi. Karimova davlatga ham bir tiyin to‘lamaydi.

Karimovaning ishtaxasi yil sayin oshib boradi. Avval bir-ikki million dollar tama qilgan Karimova, vaqt o‘tib, o‘nlab million, keyin esa yuzlab million talab qilishga o‘tadi.
Karimovaning ishtaxasi yil sayin oshib boradi. Avval bir-ikki million dollar tama qilgan Karimova, vaqt o‘tib, o‘nlab million, keyin esa yuzlab million talab qilishga o‘tadi.

Nazorat to‘laligicha o‘z qo‘liga o‘tgach, “Karimovaga doir shirkatlar hisob raqamlariga O‘zbekistondan AQSh dollaridagi katta mablag‘lar kelib tusha boshladi”, ko‘pincha bu mablag‘lar go‘yo u o‘zi ko‘rsatgan marketing va konsultatsiya xizmatlari uchun to‘lov shaklida tushgan, deydi sobiq yordamchi. Bu soxta shartnomalar vositasida, aslida ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun, u millionlarni o‘mardi va o‘zining shaxsiy hisob raqamiga joyladi, deya ko‘rsatma berdi Inog‘omboyev Vashingtonda federal sudda bo‘lib o‘tgan eshituvda. Masalan, Inog‘omboyev Financial Times gazetasiga taqdim qilgan hujjatlarga ko‘ra, 2002 yil iyulida Uzdunrobita hujjatlashtirilmagan “konsultatsiya xizmatlari” uchun Revi Holdings hisob raqamiga 330 ming AQSh dollari miqdorida pul o‘tkazadi.

Revi Holdings Xitoyga qarashli Huawei Technologies telekommunikatsion shirkatidan ham pul olgan. Xitoy kompaniyasi Uzdunrobita va boshqa telekom shirkatlariga Toshkent tashqarisida mobil aloqa tarmog‘ini yo‘lga qo‘yishda yordamlashgan.

Uning pul undirish jinoyatlaridan masofalanish va o‘zini himoya qilish maqsadida 2003 yilda O‘zbekistonni tark etgan Inog‘omboyev o‘zi bilan Karimova faoliyatini oshkor qiluvchi ko‘plab ichki hujjatlarni olib chiqadi va Britaniyadagi korrupsiya muammosini yoritadigan Global Witness tashkilotiga taqdim qiladi.

Karimova keyinchalik Uzdunrobitaning yanada kattaroq qismini o‘z nazoratiga oladi. Lekin oxir-oqibat shirkatning qancha ulushi uning qo‘liga o‘tgani haqida aniq ma‘lumotlar yo‘q.

Mahalliy hamkor

Uzdunrobitaning 26 foizlik ulushi Karimovaning o‘sha paytdagi jazmani, pop qo‘shiqchi Rustam Madumarov nomiga Gibraltarda ochilgan Swissdorn shirkatga rasmiylashtirilgan.
Uzdunrobitaning 26 foizlik ulushi Karimovaning o‘sha paytdagi jazmani, pop qo‘shiqchi Rustam Madumarov nomiga Gibraltarda ochilgan Swissdorn shirkatga rasmiylashtirilgan.

Inog‘omboyevning aytishicha, 2004 yil iyulida u Uzdunrobita ulushlarining nazorat paketini O‘zbekistondan tashqaridagi shirkatga 100 million AQSh dollaridan ortiqroqqa pullaydi.

Xaridor Yevropa va Yevroosiyodagi eng yirik mobil shirkatlardan biri bo‘lgan Rossiyaga qarashli MTS shirkati Uzdunrobitaning 74 foizlik ulushi uchun 121 million AQSh dollari to‘laganini e‘lon qiladi.

O‘sha paytda Moscow Times gazetasiga intervyu bergan tahlilchi Evgeniy Golossnoy “MTS yo‘q deganda, Uzdunrobita narxining ikki barobarini to‘lamoqda”, deya bildirgan edi.

Karimova Uzdunrobitaning 26 foizlik ulushini ham saqlab qoladi. Keyinchalik ma‘lum bo‘lishicha, bu ulush uning o‘sha paytdagi jazmani, pop qo‘shiqchi Rustam Madumarov nomiga Gibraltarda ochilgan Swissdorn shirkatga rasmiylashtirilgan. MTS ham, uning bu bitim bo‘yicha moliyaviy konsulьtanti bo‘lgan Renaissance Capital ham Moscow Times gazetasining Uzdunrobita egalariga doir savollariga javob bermaydi. Faqatgina, “bu loyihadan chiqishga rozi bo‘lgan” ikkita xususiy shirkat bilan kelishib olindi, qabilidagi javob beriladi.

Rossiyaning MTS shirkati Karimovaga kamida 350,3 million AQSh dollari to‘lagan.
Rossiyaning MTS shirkati Karimovaga kamida 350,3 million AQSh dollari to‘lagan.

MTS Swissdorn firmasi bilan uch yillik “put and call” shartnomasi borasida kelishib oladi. Ikki opsionli bu shartnoma xaridor shirkatning 26 foiz ulushini minimal narx – 37,7 million AQSh dollariga sotib olish imkonini beradi. Birinchi "put" opsioniga ko‘ra, xaridorga istagan paytda ulushlarni kamida avvaldan o‘rnatilgan narxda sotish imkonini beradi. Shu tariqa bu ulush narxi arzoanlashishdan himoyalanadi. Bu shartnoma MTS zarariga ishlagani bois uning uchun ma‘nisiz bo‘lgan, faqat uning ortida Karimovadek qudratli shaxs turmagan bo‘lsa, albatta. Bu taktika Karimova boshqa oldi-berdilarda foydalanadigan o‘ziga xos usulga aylanadi. Minoritar aktsiyalarni qo‘lga kiritib, keyinchalik “put and call” shartnomasi yordamida bo‘rttirilgan narxlarda pullash orqali Karimova mobil aloqa shirkati hisobidan katta boylik orttiradi. Oradan uch yil o‘tib, 2007 yilning iyunida, Karimova o‘z ulushini olti yarim barobardan qimmatroqqa, 250 million AQSh dollariga pullaydi.

Navbatdagi nishon: VimpelCom

Norvegiya va Rossiyaga qarashli Vimpelcom shirkati va uning haqdorlari 2005 yilda O‘zbekiston bozoriga kirib kelganlarida ham voqealar ayni vaziyatda rivojlanadi. VimpelCom Norvegiyaning Telenor va Rossiyaning Alfa Grup shirkatlari o‘rtasida tuzilgan qo‘shma korxona bo‘lgan.

Alfa O‘zbekiston bozoriga 2004 yilning dekabrida, 2700 abonentga ega Bakrie Uzbekistan Telecom nomli (Buztel nomi bilan tanilgan) kichkina firmani 4 million AQSh dollariga sotib olish orqali kirib keladi. Bu raqamlar firmaning sobiq hissadori Indoneziyaning Bakrie firmasiga doir 2005 yilgi moliyaviy hisobotlarda keltirilgan.

Matbuot xabarlariga ko‘ra, 2005 yil fevralida Alfa Uzmacom firmasining 74 foiz ulushini 13 million AQSh dollariga sotib olish orqali GSM litsenziyasini qo‘lga kiritadi. Firmaning qolgan qismi davlatga qarashli telekom shirkati nazoratida qoladi. 9 ming abonentga ega bo‘lsa-da, Uzmacom-ning o‘sha paytda butun mamlakatni qoplab oluvchi GSM aloqasiga litsenziyasi, undan ham muhimrog‘i, boshqa operatorlardan farqli o‘laroq, 900 MHz to‘lqini uchun litsenziyasi bo‘lgan.

Takilant Gulnoraning xos yordamchisi Gayane Avakyan nomiga Gibraltarda ochilgan, lekin tergovchilar bu firmaning haqiqiy egasi prezident qizi ekaniga shubha qilmaydi.
Takilant Gulnoraning xos yordamchisi Gayane Avakyan nomiga Gibraltarda ochilgan, lekin tergovchilar bu firmaning haqiqiy egasi prezident qizi ekaniga shubha qilmaydi.

Lekin sotib olinishi bilanoq Uzmacom yo litsenziya to‘lovini to‘lashdan bosh tortadi, yoki hukumat to‘lovni rad etadi va natijada 2005 yil avgustida davlat idoralari litsenziyani vaqtincha bekor qiladi. Alfa Uzmacom menejmentini tanqid qilsa-da, litsenziya amal qilishining to‘xtatilishidan foyda ko‘radi. Alfa o‘ziga qarashli Buztel shirkati nomidan Uzmacom-ning litsenziyasini so‘rab ariza topshiradi. Ko‘p o‘tmay, 2005 yilning iyulida Buztel-ga litsenziya beriladi. Bu jarayon natijasida davlat ham serdaromad litsenziyasidan mahrum bo‘ladi.

Alfa Buztel-ni o‘ziga qarashli VimpelCom qo‘shma korxonasiga 60 million AQSh dollariga sotib, ulkan daromad ko‘radi. Oradan ikki kun o‘tib, Alfa Gibraltarda ro‘yxatga olingan Takilant Ltd. firmasi banki hisobiga 19 million AQSh dollari miqdorida pul o‘tkazadi. Pul jo‘natmasi to‘laligicha Alfaga qarashli Britaniya Virgin Orollarida ro‘yxatga olingan Aqute Holdings & Investments sho‘ba korxonasi orqali amalga oshiriladi.

Takilant kelgusi bitimlarda, ayniqsa TeliaSonera ishida ham ishga solinadi. Skandinaviyalik tergovchilar Takilant uning yordamchisi Gayane Avakyan nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lsa-da, firmaning haqiqiy egasi Karimova ekanini aytmoqda. Takilant Karimovaning boshqa oldi-berdilari, jumladan “duty free” do‘konlari, kiyim-kechak va farmatsevtika firmalari bilan bog‘liq bizneslari uchun holding vazifasini bajargan.

Alfa nima uchun Karimovaga bu pulni to‘langani hech qayerda izohlanmagan, lekin Alfaga tegishli Buztel O‘zbekistonning nazorat organlari 2005 yil davomida qabul qilgan qarorlardan katta foyda ko‘radi.

2006 yil fevralida VimpelCom O‘zbekiston bozoridagi eng yirik mobil operatorlardan biri bo‘lgan Unitel shirkatini 200 million AQSh dollariga sotib oladi. Oradan ikki oycha o‘tib, Buztel bilan Unitel birlashtiriladi. O‘shanda VimpelCom matbuot vakili Takilant ikki shirkatni birlashtirish jarayonida konsultatsiya xizmatini ko‘rsatdi, deya bildirgan, lekin konsultatsiya aynan nimadan iborat bo‘lgani va qanday shartlar bajarilgani hech bir tarzda aniqlashtirilmagan edi.

2007 yilning aprelida Karimova VimpelCom bilan Unitel-ning 7 foizlik ulushini, sho‘ba korxona orqali, 20 million AQSh dollariga sotib olish to‘g‘risida bitimga kirishadi. Yana opsionli shartnomaga ko‘ra, tomonlardan bittasi ikki yildan keyin 7 foizlik bu ulushni 57-60 million AQSh dollariga Vimpelcom-ga majburan qaytarib sotish imkonini qoldiradi. 2009 yilda Karimova bu imkondan foydalanib, g‘oyibdan 37 million AQSh dollariga teng daromad ko‘radi. Bu bitimning ham VimpelCom uchun zararli ekani yaqqol ko‘zga tashlanadi va shirkat faqatgina Karimova uchun katta daromad keltiradigan bitimni nima sababdan imzolagani noaniq qolmoqda.

VimpelCom Gulnora Karimovaga kamida 155,5 million AQSh dollari to‘lagan.
VimpelCom Gulnora Karimovaga kamida 155,5 million AQSh dollari to‘lagan.

Bir necha oy avval anonim informator Norvegiya rasmiylariga VimpelCom Karimovaga yana kamida 100 million AQSh dollari to‘lagani haqidgi ma‘lumotni taqdim qildi. OCCRP bu qo‘shimcha to‘lovlarning kamida bittasini tasdiqlashga muvaffaq bo‘ldi – VimpelCom 2007 yilda Qimmatbaho qog‘ozlar va birja operatsiyalari bo‘yicha komissiyasiga topshirgan hisobotlarida O‘zbekistonda litsenziya sotib olish uchun 43 million AQSh dollari to‘laganini ko‘rsatgan. Bu mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi, chunki O‘zbekistonda litsenziya uchun to‘lanadigan haq ancha kichikroqdir kichikdir.

TeliaSonera va Karimovaning investitsion gruppasi

Shvetsiya va Finlyandiyaga qarashli TeliaSonera shirkati ham izchil o‘sayotgan o‘zbek bozori mevalarini qidirib keladi. Bu kompaniya ham MTS va Vimpelcom shirkatlari bosib o‘tgan ayni qadamlarni qaytaradi.

Lekin, Shvetsiya rasmiylari va TeliaSonera shirkatining o‘zi poraxo‘rlikka oid ayblovlarni Rossiya va Norvegiya rasmiylaridan farqli o‘laroq, sinchkovroq tergov qilgani tufayli bu borada ko‘proq ma‘lumot mavjud. Jumladan, 2013 yilda Shvetsiyadagi Mannheimer Swartling yuridik firmasi o‘tkazgan mustaqil tergov hisobotida TeliaSonera-ning 2007 yilda O‘zbekiston telekom bozoriga kirib kelishiga doir tafsilotlar berilgan. Unda Karimova amalga oshirgani iddao qilinayotgan qilmishlar tasvirlab berilgan.

TeliaSonera Gulnora Karimovaga pora berganiga doir iddaolar hozirda Shvetsiya prokuraturasi tomonidan tergov qilinmoqda.
TeliaSonera Gulnora Karimovaga pora berganiga doir iddaolar hozirda Shvetsiya prokuraturasi tomonidan tergov qilinmoqda.

TeliaSonera menejerlari keyinchalik “Karimovaga qarashli sarmoya shirkati” rahbari sifatida tasvirlashgan Behzod Ahmedov MTS shubhali vaziyatda Uzdunrobitani sotib olgan paytda bu shirkat bosh ijrochi direktori bo‘lgan. Ahmedov keyingi besh yildan ortiq vaqt davomida Karimovaga aloqador oldi-berdilarda asosiy shaxsga aylanadi. U hatto o‘zi rahbarlik qilgan MTSga raqib bo‘lgan telekom shirkatlari bilan Karimova nomidan muzokara olib boradi. U 2012 yilda shoshilinch tarzda O‘zbekistonni tark etguniga qadar Uzdunrobita bosh ijrochi direktori lavozimida qoladi.

2007 yilda TeliaSonera O‘zbekistondagi uchinchi yirik telekom shirkati AQShning MCT Corp. kompaniyasiga qarashli Coscom operatorini sotib olish niyatini bildiradi. Bu paytda hukumat bir necha oydan beri MCT shirkatini ta‘qib qilayotgan, litsenziyalarini vaqtincha to‘xtatib, soliq inspektsiyasini firma idorasiga yuborayotgan edi. Amerika firmasi 23 million AQSh dollariga teng soliqdan bo‘yin tovlaganlikda ayblanishi ortidan, MST bu mamlakatda istiqbol qolmayotganini anglaydi va bir nechta firma bilan Coscom-ni sotish borasida muzokaralar olib boradi. TeliaSonera paydo bo‘lishidan avval barcha shirkatlar bilan muzokaralar turli to‘siqlar bois natija bermaydi.

Wikileaks oshkor qilgan diplomatik kablogrammalarga ko‘ra, ismi keltirilmagan Coscom direktori AQSh elchixonasini hukumat tarafidan shirkatga nisbatan to‘xtamyotgan ta‘qib ortidan o‘z foydasini ko‘zlayotgan prezident qizi turgani to‘g‘risdagi gumonlaridan xabardor qilgan. TeliaSonera hukumat bilan muzokaralarni boshlashi bilanoq MST-ga nisbatan bosim va sudga tortish tahdidlari ham o‘z-o‘zidan bartaraf etiladi.

Muzokaralar davom etgan bir paytda, sahna ortida boshqa bir yashirin so‘zlashuvlar ketayotgan edi. Karimova TeliaSonera shirkatining O‘zbekistondagi sarmoyalaridan ham o‘z ulushiga ega bo‘la olishini kafolatlash vazifasi Ahmedovga yuklangan edi.

TeliaSonera MCT-ni sotib olib, Coscom operatorini qo‘lga kiritishidan bir necha kun avvalroq Ahmedov va TeliaSonera hamkorlik kelishuvini imzolashadi. Coscom O‘zbekiston bozorida raqobat qila olish uchun 3G litsenziyasiga ega bo‘lishi lozim edi. Kelishuvga binoan mahalliy hamkor 30 million AQSh dollari va yangi qo‘shma korxonada 26 foizlik ulush evaziga Coscom-ga aloqa to‘lqinlarini taqdim qilishi ko‘zda tutilgan edi.

Gulnora Karimova nomidan yashirin muzokaralar olib borgan Behzod Ahmedov 2012 yildan beri Interpol qidiruvida qolmoqda.
Gulnora Karimova nomidan yashirin muzokaralar olib borgan Behzod Ahmedov 2012 yildan beri Interpol qidiruvida qolmoqda.

Kelishuv imzolanadi, lekin qonun jihatidan bu bitim bir necha muammoga duch keldi. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, aloqa to‘lqinlarini bir shirkatdan ikkinchisiga o‘tkazib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, o‘tkaziladigan litsenziyalarga egalik huquqi u yoqda tursin, mahalliy hamkorning o‘zi yo‘q edi.

Kelishuga ko‘ra, O‘zbekistondagi hamkor Britaniya Virgin Orollarida firma tashkil qilishi, bu firma esa O‘zbekistonda sho‘basini ochishi ko‘zda tutiladi. Buning o‘rniga esa, Ahmedov 2007 yilning oxirlarida Gulnoraga qarashli va uning yordamchisi Gayane Avakyan yuritadigan Takilant firmasini TeliaSonera-ga mahalliy hamkor sifatida taqdim etadi.

Avakayan barcha shartnomalarni sirtdan imzolaydi va TeliaSonera bilan hech qachon to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara qilmaydi.

Takilant keyin to‘laligicha o‘ziga qarashli Teleson Mobile sho‘basini tashkil qiladi. Takilant va uning sho‘basi Teleson Mobile O‘zbekiston qonunlari talab etuvchi telekom sohasida hech qanday tajribaga ega bo‘lmaganiga qaramasdan, yilning oxiriga qadar barcha kerakli litsenziyalarni qo‘lga kiritadi. TeliaSonera bilan Takilant o‘rtasida aktsiyadorlik va 3G litsenziyasiga doir kelishuvlarni imzolaydi va Takilant qo‘shma korxonada haqdorga aylanadi. Kelishuvda bitta shart - Teleson Mobile o‘z litsenziyasidan voz kechishi lozimligi belgilanadi.

Teleson litsenziyasidan voz kechishi bilanoq, Coscom bu litsenziyani tegishli rasmiy idoradan oladi va shundan keyin TeliaSonera xizmat haqini to‘ladi. Takilnat firmasiga 26 foiz ulushni shundoq o‘tkazib qo‘yish o‘rniga, TeliaSonera 80 million AQSh dollarini uning hisob raqamiga jo‘natadi. Takilant o‘sha kuniyoq 50 million dollarni TeliaSonera bank hisobiga qaytaradi. Bu oldi berdi natijasida Takilant 30 million dollarni o‘ziga olib qoladi va go‘yo Karimova 50 million dollarni 26 foiz ulush uchun to‘lagan, degan ko‘rinish paydo bo‘ladi. Aslida esa, Karimova 26 foizlik ulushni ham, pulni ham shunchaki litsenziyaning Coscom operatoriga berilishini ta‘minlagani uchun oladi.

TeliaSonera Gulnora Karimovaga kamida 381 million AQSh dollari to‘lagan.
TeliaSonera Gulnora Karimovaga kamida 381 million AQSh dollari to‘lagan.

Keyinchalik Karimova ulushlarning 20 foizini 220 million AQSh dollariga sotadi. Uning qo‘lida yana 6 foiz ulush qoladi. Bu hissalarni u, Takilant shartnomasiga ko‘ra, yana kamida 75 million dollarga sotish huquqini saqlab qoladi.

Litsenziya, yordam, xizmatlar va tolali optik liniyalar uchun to‘lovlar

Karimova tekin yoki arzon-garovga qo‘lga kiritgan turli shirkatlardagi ulushlarini sotib, katta boylik orttirishdan tashqari, telekom sohasiga doir turli litsenziyalarni olib berish va yangilash uchun ham katta miqdordagi pullarni olib kelgan. 2006-2001 yillar oralig‘ida telekom shirkatlari Takilant va Karimovaga tegishli boshqa firmalarga 200 million AQSh dollaridan ziyod pul o‘tkazib bergan. OCCRP o‘z ixtiyoridagi hujjatlardan bu shirkatlarning ikkitasiga doir tafsilotlarni biladi xolos va bu kabi to‘lovlar ko‘p bo‘lganini xulosa qilish mumkin.

Masalan, TeliaSonera O‘zbekiston telekom bozoriga 3G litsenziyasi bilan kirib kelish uchun Takilant-ga dastlab 30 million AQSh dollari to‘laydi. 2008 yilda qo‘shimcha raqamlar uchun yana 9,2 million dollar to‘laydi, 2010 yilda 4G litsenziyasini qo‘lga kiritgan paytdaboshqa bir shirkatning 15 million dollarlik qarzini to‘lab beradi. 2010 yilning oxirlarida TeliaSonera qo‘shimcha to‘lqinlar va tolali optik tarmoqlaridan foydalanish imkoni uchun yana 55 million dollar to‘laydi. Oldi-berdilarning so‘nggi ikkitasida Uzdunrobita litsenziya va to‘lqinlardan TeliaSonera foydasiga voz kechadi.

VimpelCom ham ayni yo‘llar bilan 75 million AQSh dollaridan ortiq pul to‘lagan.

Boshqa qurbonlar

Lekin bular haq to‘lab kelgan yagona shirkatlar emas.

Hujjatlarga ko‘ra, AQSh va Lyuksemburgda joylashgan Eastwell SA va Eastwell Invest Holding shirkatlari Takilant va Karimovaga tegishli yana bir tuzilma Finex firmasiga 2006 va 2007 yillarda pul o‘tkazib turgan. Bu ikki shirkatni o‘z ichiga oluvchi shubhali Eastwell Group vakillari OCCRP muxbirlari bilan gaplashishdan bosh tortishdi. Eastwell shirkatining dastlabki haqdorlariga doir 1994 yilgi hujjatlar tekshirilib, Irlandiya va Malьtadagi biznes reyestrlardan olingan rasmiy imeyllarga ko‘ra, ulardan kamida ikkitasi soxta bo‘lgani aniqlandi. Haqdorlar va direktorlarning ba‘zilari turli yillarda qurol kontrabandasidan tortib, soliqlardan bo‘yin tovlash kabi jinoyatlarga qo‘l urgani ham aniqlandi.

Gulnora Karimova bir martalik pora bilan kifoyalanmagan, u oddiy shantajchi kabi shirkatlarni qayta-qayta sog‘ishda davom etgan.
Gulnora Karimova bir martalik pora bilan kifoyalanmagan, u oddiy shantajchi kabi shirkatlarni qayta-qayta sog‘ishda davom etgan.

Eastwell texnikaviy yordam va konsultatsiya xizmatlari uchun Karimovaga tegishli firmalarga kamida 3,8 million AQSh dollari to‘lagan. Bu shirkat East Telecom bilan birgalikda Uzdunrobitaning ilk asoschisi bo‘lgan. East Telecom mamlakatdagi eng yirik raqamli kommunikatsiya operatori va Super iMAX simsiz aloqa provayderidir. Eastwell 2007 yilda East Telecom va Super iMAX tuzilmalaridagi ulushlarini Yaponiyaning Sumitomo Corporation hamda Janubiy Koreyaning KT Corporation shirkatlariga sotadi.

Eastwell Group rasmiy saytida o‘zini MDH va Markaziy Osiyo davlatlarida sarmoya kapitali va yangi texnologiyalarni yetkazib beruvchi biznes sifatida taqdim etadi. Shirkat O‘zbekiston, Rossiya, Ukraina, Xorvatiya, Turkiya, Tojikiston va Gruziyada telekommunikatsiya, gaz, eneregiya va sanoat loyihalarida biznes qilishi aytiladi rasmiy saytida.

Aftidan, bu Karimova telekom shirkatlaridan pul olganiga doir yagona holatlar emas. Offshor firmalarga o‘tkazilgan boshqa to‘lovalar tegishli tarzda izohlanmagan va Karimova shirkatlari bilan hamkorlik qilgan bizneslar ko‘pincha o‘z zarariga qaror qilish orqali Karimovaga katta daromad keltirgan.

Masalan, hujjatlar va sudda berilgan ko‘rsatmalarga ko‘ra, Rossiyaning MTS telekom shirkati Uzdunrobitani sotib olgan paytda Karimova 350 million AQSh dollaridan ortiqroq daromad qilgan. MTS 2009 yilning may oyida rasmiy idoralarga yuborgan bildirishnomasida Britaniya Virgin Orollarida joylashgan va xo‘jaini noma‘lum bo‘lgan Tammaron firmasi bank hisobiga 21,2 million AQSh dollari yuborganini oshkor qiladi.

MTS Rossiya matbuotiga Tammaron firmasiga sarmoya qilish sababini mazkur shirkat yangi standartdagi 4G mobil aloqa litsenziyasiga ega bo‘lgani bilan izohlaydi. Lekin rasmiy nazorat idoralariga berilgan bildirishnomalarga ko‘ra, oradan ko‘p o‘tmay, MTS bu sarmoyani “salbiy qarz” sifatida hisobdan o‘chirib tashlagan va buni “bunday tranzaktsiyani amalga oshirish bilan bog‘liq noaniqliklar mavjud”, deya izohlaydi.

Bu qarzni hisobdan o‘chirib tashlashidan biroz o‘tib, MTS O‘zbekiston nazorat idoralaridan litsenziya olishga muvaffaq bo‘ladi, lekin buning uchun yana Karimovaga aloqador firmaga 40 million AQSh dollari to‘lab qo‘yadi. 2009 yilning sentyabь oyida MTS Kolorit Dizayn nomli firmani sotib oladi. “Ko‘cha reklamasi xizmatlari”ni taqdim etishi iddao qilingan bu firma Karimovaning jazmaniga qarashli bo‘lgan. MTS o‘zining rasmiy bildirishnomalarida mazkur reklama firmasi 13 million AQSh dollariga baholangan, lekin MTS bundan uch baravar ko‘proq haq to‘lagan.

Bundan tashqari Merkony nomli firma bilan bog‘liq sirli jarayon ham bor.

2006-2008 yillar oralig‘ida Britaniya Virgin Orollarida ro‘yxatga olingan Merkony Investment Group kompaniyasi Takilant va Krimovaga doir yana bir shirkat Hong Kongda ro‘yxatga olingan Finex nomli firmaga 85,7 million AQSh dollari miqdorida pul o‘tkazib bergan. Mazkur to‘lovlar, qog‘ozda ko‘rsatilishicha, WiMAX va tolali optik xizmatlar uchun haq sifatida o‘tkazilgan. Lekin na Takilant-ning na Finex-ning O‘zbekistonda bunday xizmatlarni taqdim qilish uchun ruxsati bo‘lgan.

2004 yilda tashkil etilib, besh yildan keyin tugatilgan Merkony kimga tegishli bo‘lgani ham noaniqdir. Merkony firmasi direktori sifatida Oleg Sviridov ko‘rsatilgan. U MTSda yurist lavozimini egallagan va shirkat bosh direktori Behzod Ahmedovning o‘ng qo‘li bo‘lgan. Ahmedov TeliaSonera oldi-berdisida Karimovaning vakili bo‘lgan. Ayni paytda, sizdirilgan hujjatlarga ko‘ra, Sviridov Karimovaga tegishli Takilant firmasidan haq olib turgan. Sviridov va Ahmedovlarni topish harakatlari besamar qoldi.

Muzqoyaning uchi

Karimova bu shirkatlar bilan boshida tuzilgan bitimdangina daromad qilmagan. Aftidan u tamagirlik vositasida o‘z qurbonlarin doimiy sog‘ib kelgan.

Bugun uy qamog‘ida ekani iddao qilinayotgan Gulnora Karimova aviasanoat, transport, tsement, eksport-import, moda, farmatsevtika va sohalarga aralshgan.
Bugun uy qamog‘ida ekani iddao qilinayotgan Gulnora Karimova aviasanoat, transport, tsement, eksport-import, moda, farmatsevtika va sohalarga aralshgan.

2013 yil may oyida shvetsiyalik jurnalistlar oshkor qilgan hujjatlarga ko‘ra, TeliaSonera-dan hukumat idoralaridan himoya hamda yangi mijozlarning yetkazib berilishi uchun katta miqdorda pul talab qilingan. Karimova soliq inspektsiyasi, bojxona, monpoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi, kommunikatsiya nazorati va ichki ishlar vazirligi kabi davlat idoralaridan himoya uchun TeliaSonera-dan ochiqdan-ochiq 15 million AQSh dollari talab qilgan. Hujjatlarda aytilishicha, har bir idora uchun alohida to‘lash imkoni ham bo‘lgan, lekin bu qimmatroqqa tushgan. Karimova aviasanoat, transport, sement, eksport-import, moda, farmatsevtika va sohalarga aralshgan. Agar Karimova bu soahalarda ham xuddi mobil aloqa biznesidagidek ochko‘zlik bilan harakat qilgan bo‘lsa, u o‘margan pullar OCCRP aniqlashga muvaffaq bo‘lgan 1 milliard AQSh dollaridan ancha ko‘proq bo‘lgani ehtimolga juda yaqin. O‘zbek xalqiga u qancha zarar yetkazgani hech qachon aniqlanmasligi mumkin.

Muharrirdan: Mazkur reportajga hissa qo‘shgan muxbir va tadqiqotchilar quyidagilardir: Leyla Kamajich (OCCRP), Dragana Petso (OCCRP), Olesya Shmagun (OCCRP), Inge Shpringe (Re:Baltica), Fraderik Lorin (Shvetsiya radiosi), Yoaxim Divfermark (Shved jamoatchilik televidenisi), Alisher Siddiq (Ozodlik/RFERL) va Farrux Yusufiy (Ozodlik/RFERL). OCCRP Shved jamoatchilik televideniyesining “Missiya tekshiruv” dasturi jamosiga yordamlari uchun minnatdorchilik bildiradi.

XS
SM
MD
LG