Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:55

Islomiy Davlat: Amerikaga o‘t qo‘yamiz!


“Islomiy Davlat” guruhi tarqatgan yangi targ‘ibot roligida jangarilar AQShga hujum uyushtirilishini aytib tahdid qildi. Videoda Amerika fuqarolarini xavf-xatar kutayotgani aytiladi.

11 daqiqali video “Biz Amerikani yoqib yuboramiz” deb nomlanadi. Rolikda 2001 yilning 11 sentabrida terrorchilar tomonidan Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi egizak binolariga qilingan hujum hamda 2014 yili Ottavada - Kanada parlamenti binosida sodir bo‘lgan otishma qayta-qayta ko‘rsatilgan.

“Amerika geografik joylashuvi tufayli o‘zini xavfsizman, deb o‘ylaydi. Shuning uchun ham, ko‘rib turganingizdek, musulmon o‘lkalarga bostirib kiradi va jihod armiyasi o‘z yerlariga yetib bormaydi, deb o‘ylaydi”, deyiladi videoda.

Kadr ortidagi ovoz: “Amerikaliklarning xavfsizlik haqidagi orzulari sarobga aylandi. Bugungi kunda yer yuzida hech bir amerikalik uchun bexatar joy yo‘q”, deb so‘zlaydi.

“Islomiy Davlat” jangarilari AQSh fuqarolariga hujum qilganini ko‘rsatish uchun videodan amerikalik jurnalistlar Jeyms Foley va Stiven Sotloffning boshi tanasidan judo qilingani aks etgan mudhish tasvirlar ham o‘rin olgan. Videoda yana “Jihodchi Jon” laqabini olgan britaniyalik jangari Muhamman Emvazi ham ko‘rsatilgan. Emvazi asirlar boshi tanasidan judo qilingani aks etgan bir necha videoning qahramonidir.

Yangi videoning asosiy g‘oyasi “Islomiy Davlat”ning AQSh uchun Al-Qoidadan ko‘ra ancha katta xavf tug‘dirishidir.

“Islomiy Davlatdan ko‘ra kamroq imkoniyatga ega bo‘lgan mujohidlar 9 sentabr hujumlarini amalga oshirdilar”, deyiladi videoda, - “Alloh irodasi bilan mujohidlar hozir avvalgidan ko‘ra ancha kuchli va ko‘proq resursga ega”.

Rolikdan “Islomiy Davlat” jangarilarining bir guruh suriyalikni qatl qilayotgani tasvirlangan video ham o‘rin olgan.

Tasvirlar orasida iordaniyalik uchuvchi Muaz al-Kasasbehning tiriklayin yoqib yuborilgani ham bor.

Videoda yana Iroq va Suriyadagi “Islomiy Davlat” jangarilarining zamonaviy qurol-aslahalardan foydalanayotganini ko‘rish mumkin.

Unda 12 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan Charlie Hebdo hajviy jurnali tahririyatidagi hujum ham tilga olinadi. Bu hujumdan ikki kun o‘tib Parijdagi oziq-ovqat do‘konida to‘rt kishini o‘ldirgan Amed Kulibali ham ko‘rsatilgan.

“Ana qanday qilib Yevropa hozirgi ahvoliga tushdi. U yerda hozir xavfsizlik yo‘q. Alloh izni bilan yaqinda Amerika ham shu ahvolga tushadi”, deyiladi videoda.

Bu video Suriya va Iroqda AQSh yetakchiligidagi koalitsiya kuchlari hujumlari davom etayotgan bir paytda chiqarildi.

O‘tgan oy oxirida Iroq harbiylari “Islomiy Davlat” jangarilarini Tikrit shahridan siqib chiqardi. Bu jangarilar shu kungacha uchragan eng katta mag‘lubiyatdir. Suriyada esa kurd jangchilari so‘nggi bir necha kun ichida Raqqa viloyatida jangarilar tomon siljishga muvaffaq bo‘lgani aytilmoqda.

Joanna Parasyuk qalamiga mansub ushbu maqola Nodir Atayev tomonidan o‘zbekchaga o‘girildi.

XS
SM
MD
LG