Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:13

O‘zbekistonda qimmatlayotgan, Qirg‘izistonda arzonlayotgan dollar muammosi​


O‘zbekistonda dollar kursi kun sayin qimmatlayotgani haqida xabarlar olinayotgan bir paytda yon qo‘shni Qirg‘izistonda dollar kursi tushib bormoqda. Qirg‘iziston Milliy banki dollar kursini barqarorlashtirish uchun birinchi marta bozordan dollar sotib olishga majbur bo‘ldi.

O‘zbekistonda dollar kursining barqarorlashi hukumatga bog‘liq

O‘zbekistonda esa o‘zbek so‘mining dollar va rublga nisbatan rasmiy qiymati so‘nggi bir oy ichida to‘rt marta pasaytirildi. So‘nggi marta 21 aprel kuni O‘zbekiston Markaziy banki 1 AQSh dollarini oldingi kursga nisbatan 5 so‘m 53 tiyinga qimmatlashtirib, 2 ming 507 so‘m 40 tiyinni darajasida belgiladi. O‘zbekistonning qora bozorlaridagi real kursga ko‘ra, bir dollarning bugungi kungi narxi 4250-4500 so‘mga tengdir.

O‘zbekistonlik iqtisodchi Mirkomil Toshkandiy dollarning rasmiy kursi va qora bozordagi qiymat o‘rtasidagi tavofutni yo‘qotish hamda dollar kursini barqarorlashtirish uchun hukumat tomonidan bir qator choralar ko‘rilishi kerak, deb hisoblaydi.

-O‘zbek so‘mi 1994 yilda muomalaga kiritlgan edi. Mana shunga ham 21 yil bo‘libdi. Ammo haligacha milliy valyuta haqida qonun yo‘q. Shuning uchun birinchi navbatda o‘zbek so‘mi to‘g‘risida qonun qabul qilinishi kerak. Ikkinchidan esa, banklararo valyuta birjasi tashkil etilishi kerak. Bu qachonlardir albatta qilinishi shart bo‘lgan ishdir. Bunday birja faoliyat yuritishi uchun O‘zbekistonning eksport salohiyati kuchaytirilishi, valyuta bozori faqat hukumatning monopoliyasi bo‘lib qolmasligi kerak. Ana shunda dollar kursi barqarorlashadi, -deydi iqtisodchi Mirkomil Toshkandiy.

Qirg‘iziston moliya bozorida esa O‘zbekiston valyuta bozorining tamomila aksi bo‘lgan voqealar yuz bermoqda.

Qirg‘iz Milliy banki bozorga dollar chiqarish o‘rniga bozordan dollar sotib oldi

Qirg‘iziston Milliy banki 20 yildan ko‘proq vaqt davomida qirg‘iz so‘mining qadrini saqlab qolish maqsadida valyuta bozoriga dollar intervensiya qilib kelgan edi. Biroq bugungi kunda Milliy bank dollar kursini barqaror saqlab qolish uchun tarixda birinchi marta bozordan valyuta sotib oldi.

Qirg‘izistonda o‘tgan yil yakunida 1 dollar 55 so‘m qimatida belgilangan bo‘lsa, joriy yilning to‘rt oyida 1 dollarning narxi qariyib 65 so‘mga chiqib ketgan edi. Aprel oyining o‘rtalariga kelib esa dollar narxi keskin arzonladi va 58 so‘m darajasida qayd etildi.

Dollar narxining keskin tushib ketishi ortidan bozordagi keskinlikning oldini olish maqsadida Milliy bank bozordan bir necha soat ichida 13,5 million dollarni sotib oldi. Buning ortidan dollarning kursi 60 so‘m atrofida barqarorlashdi.

- Qirg‘iziston Milliy banki so‘mning qadrini saqlash maqsadida dollarni interventsiya qilar edi. Bugungi kunda esa naqd milliy valyutaning tanqisligi kuzatila boshlandi. Buning ortidan esa banklar aholiga so‘mda kredit bera olmay qolayapti. Milliy bank bozorda so‘mni ko‘paytirish uchun dollarni sotib oldi. Bu bilan esa bozorda so‘m bir oz ko‘paydi va dollar kursi barqarorlashdi, - deb izohladi Milliy bank harakatini iqtisod fanlari doktori Jumakadir Akeneyev.

Qirg‘iziston tijorat banklari birlashmasi raisi Anvarbek Abdrayev esa Milliy bankning bozorda naqd so‘m aylanmasini kamaytirish harakati ortidan dollar narxi tushganini e‘tirof etgan holda, bu siyosat oqibatida tijorat banklarida milliy valyuta miqdorining ozayib ketgani bir qator muammolarni yaratganini ham ta‘kidladi.

Uning fikricha, Milliy bank dollar kursini 50 so‘mgacha tushirishga harakat qilishi zarur. Mana shundagina tijorat banklarida milliy valyuta yetishmasligiga barham beriladi va bozorga kirib kelayotgan mahsulotlar narxi arzonlaydi.

XS
SM
MD
LG