Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:07

Ma‘shuqasini internetda sharmanda qilmoqchi bo‘lgan oshiq 5 yilga kesildi​


Samarqandda kadastr idorasi rahbari 3 ming dollar pora bilan ushlandi. Xonanda Munisa sayoz she‘r uchun, Afsona ochiq-cochiq kiyim uchun tanqidga uchradi. 2100 yilda O‘zbekiston aholisi 2050 yilga qaraganda keskin kamayadi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“Kadastr idorasi rahbari yer evaziga pora talab qildi”

Samarqand viloyati Oqdaryo tuman resurslari va davlat kadastri idorasi boshlig‘i S.Tursunov xususiy tadbirkordan 3 ming dollar pora olgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi (“Huquq”, 20 avgust).

Kadastr rahbari 3,5 gektar yer ajratish evaziga tadbirkordan pora talab qilgan. Tergovda kadastr idorasi boshlig‘i 35 nafar tadbirkorning murojaatlarini ko‘rib chiqmasdan yo‘qotib yuborgani ham fosh etilgan.

Shuningdek, mazkur viloyatning Urgut tumani davlat soliq inspektsiyasi xodimlari J.Qodirov, Q.Sultonov, B.Umarov va M.Azizovlar yigirmaga yaqin tadbirkordan daromad solig‘i sifatida yig‘ib olingan 33 million so‘mni o‘zlashtirgani aniqlangan.

“IIV rasmiysi Toshkent chorrahalaridagi yangi videokameralar qanday ishlashini tushuntirib berdi”

Toshkent shahrida yo‘l harakati xavfsizligini ta‘minlashning kompьyuterlashtirilgan tizimi ishga tushirilmoqda (“Toshkent oqshomi”, 14 avgust).

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi rahbari Xolmatjon Saydaliyevga ko‘ra, chorrahalarga o‘rnatilgan videokameralar svetoforning taqiqlangan ishorasiga hamda belgilangan tezlik talabiga bo‘ysunmaslik holatlarini qayd etib boradi.

Avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi qoida buzilgan joy, vaqt va transport vositasining davlat raqamini qayd etadi. Lekin tizim qoidani buzgan haydovchining shaxsini aniqlash imkoniyatiga ega emas. Bitta transport vositasini ishonchnoma, ijara shartnomasi orqali bir necha shaxs boshqargani bois qoidabuzarlikni aynan kim sodir etganini aniqlash chigallashishi mumkin.

“Bundan ko‘rinadiki, endilikda transport vositasini ishonchnoma orqali boshqa shaxsga berish unchalik ham ishonchli va maqbul yo‘l hisoblanmaydi”, deydi mamlakatning bosh yo‘l harakati noziri X.Saydaliyev.

Ma‘lum qilinishicha, videokamera qoidabuzarlikni qayd etgan vaqtdan uch kun ichida transport vositasi egasi nomiga ma‘muriy bayonnoma yuboriladi.

“2100 yilda O‘zbekiston aholisi 2050 yilga qaraganda keskin kamayadi”

2100 yilda O‘zbekiston aholisi 2050 yilga nisbatan 5 million kishiga kamayadi (“Adolat ko‘zgusi”, 20 avgust).

BMTning demografiyaga oid hisobotiga ko‘ra, 2050 yilda mamlakat aholisi 37,126 million, yarim asrdan keyin esa 32,077 kishini tashkil etadi.

BMT taxminlariga qaraganda, aholi soni kamayishi qaramay, O‘zbekiston O‘rta Osiyo mintaqasining eng ko‘p nufusli davlati bo‘lib qoladi.

“Qashqadaryoda makkora uch opa-cingil ushlandi”

Qashqadaryolik uch opa-singil So‘g‘diyona, Roziya va Nigina Omonovalar firibgarlik jinoyatida ayblandi.

“Postda” gazetasi xabariga ko‘ra, opa-singillar fuqaro Zilola Ro‘ziyevadan Moskvadagi Zamonaviy gumanitar akademiyaga o‘qishga kiritish evaziga 4000 dollar pul olgan. Bunga ham qanoat qilmagan firibgar opa-singillar Z.Ro‘ziyevaga magistratura, uning ikki ukasiga bakalavriatda o‘qishni va‘da qilib, ularni Rossiyaga olib borgan.

Rossiyada esa jabrlanuvchilarni bir yil davomida ishlatib, maoshini o‘zlashtirgan. Makkora opa-cingillar qilmishi uchun javob beradigan vaqt kelgani ta‘kidlangan.

“Ma‘shuqasini shantaj qilgan toshkentlik oshiq 5 yilga qamaldi”

Toshkentlik 22 yoshli yigit yaxshi ko‘rgan qizining oilasini shantaj qildi. “Huquq” gazetasining yozishicha, yigit nomi oshkor etilmagan qiz bilan ijtimoiy tarmoqda tanishib, ishqiy munosabatga kirishgan, so‘ngra uni turli holatlarda suratga olgan.

Keyin esa o‘sha suratlarni chop etib, konvertda qizning ota-onasiga yuborgan; agar 3 ming dollar berilmasa, suratlarni internetda tarqatib qizni sharmanda qilajagini aytgan.

Qizning ota-onasi huquq idorasiga murojaat qilgach, yigit qo‘lga olingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi tovlamachi oshiqqa 5 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlagan.

“Xonanda Munisa sayoz she‘r uchun, Afsona ochiq-cochiq kiyim uchun tanqidga uchradi”

Yoshlar o‘rtasida taniqli xonanda Munisa Rizayevaning yangi “Sakramento” qo‘shig‘i matnida o‘zbekcha va xorijiy tillardagi so‘zlar mosh va guruchdek aralashib ketgan (“Darakchi”, 20 avgust).

O‘zbek tili qo‘pol ravishda buzilgan qo‘shiqda “Bo‘ldi, bo‘ldi, yig‘lamento, Buzilmasin kosmetiko. Ko‘z yoshlarim tomchilatma, Logika logikali” kabi sayoz satrlar mavjud.

“Ijodda kamnamo, biroq instagramda faol” xonanda Afsona esa o‘ta kalta libosdagi rasmi uchun tanqid qilingan.

“Qiziq, tikuvchilar libosidan mato ayashyaptimi yoki yozning jaziramasi xonandalarni “ochilib-sochilib” yurishga majbur qilyaptimi?” deb yozadi shou biznes nashri.

Xonandaning muxlislaridan biri esa “Ehtiyot bo‘ling, keyingi bekat “O‘zbeknavo...” deya uning litsenziyadan ayrilishiga ishora qiladi.

“Namanganda 762 million so‘mlik uyali telefonlar musodara qilindi”

Namanganda besh kishidan iborat guruh bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzishda ayblandi (“Diyonat”, 20 avgust).

O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan besh yigit Qirg‘izistondan uyali telefon olib o‘tayotganda qo‘lga olingan.

Chet elda ishlab chiqarilgan 1238 dona, 762 million so‘mlik uyali aloqa vositalari hamda jinoyat quroli deb topilgan “Lasetti” mashinasi davlat foydasiga musodara qilingan. Qayd etilishicha, besh yigitga tegishli jazo tayinlangan.

“Kuyovnikiga qirq kungacha ovqat tashish odati hamon saqlanib qolmoqda”

O‘zbekistonning ayrim hududlarida kuyovning xonadoniga kelinnikidan qirq kungacha ovqat tashish odati hamon saqlanib qolmoqda (“Oila davrasida”, 20 avgust).

Ayrim oilalar mana shunday oldi-berdilar tufayli yuz ko‘rmas bo‘lib ketayotir. Tarixchi Dilshodbek Nazarbekovga ko‘ra, bu odat dastavval kelin bo‘lib tushgan qiz yangi xonadonning osh-ovqatiga moslashishi uchun o‘ylab topilgan.

Qayd etilishicha, yangi kelindan qirq kun xabar olib ovqat tashish majburiy emas. Bu holatda ham dabdaba va isrofgarchilikdan saqlanish, mazkur odatni obro‘ga aylantirmaslik lozim.

XS
SM
MD
LG