Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:24

O‘zbekiston qora bozorida dollar narxi keskin ko‘tarildi​


O‘zbekiston qora bozorlarida 1 AQSh dollarining narxi 4 650 so‘mdan oshib ketgan. Toshkentning "Chorsu" bozoridagi sarroflardan birining Ozodlikka aytishicha, bugun dollar 4650-4700 so‘mdan sotilmoqda.

Hafta boshida 1 AQSh dollarining qora bozordagi qiymati 4500 so‘mdan past edi.

- Olish hozir 4650, sotish 4700 so‘m bo‘lyapti, - deydi "Chorsu" bozoridagi sarroflardan biri.

O‘zbekistonda dollar qiymatining keskin ko‘tarilishi Qozog‘iston tangasi va Rossiya rublining qulashi ortidan kuzatilmoqda.

Sarroflar ham O‘zbekistonda dollar kursi oshishini rubl va tanga qadrining keskin tushib ketgani bilan bog‘lashmoqda.

Joriy hafta o‘rtalarida Qozog‘iston hukumati milliy valyutasini erkin bozor ixtiyoriga tashlashi ortidan qozoq tangasi qariyb 30 foizga arzonladi.

Mutaxassislar fikricha, postsovet mamlakatlarning ikki giganti - Rossiya va Qozog‘iston iqtsodining cho‘kishi qo‘shni davlatlar iqtisodlarida o‘z aksini ko‘rsatmoqda.

- Rossiya rubli ikki baravarga qadrsizlandi. Qozog‘iston tangasining qiymati bir kunda 30 foizga arzonladi. Buning aksi o‘z-o‘zidan mintaqadagi boshqa davlatlar iqtisodida ko‘rinishi tabiiy, Tojikiston va Qirg‘iziston qatori O‘zbekiston milliy valyutalarining ham qadrsizlanishiga olib keladi bu, - deydi Qozog‘istondagi Yevrosiyo universiteti dotsenti, asli o‘zbekistonlik iqtisodchi olim Saparboy Jubayev.

Tahlilchilar, jumladan Jubayev ham Rossiya va Qozog‘istondagi iqtisodiy vaziyat o‘nglanmasa, O‘zbekiston qora bozorida dollar narxi ko‘tarilishda davom etaverishini bashorat qilmoqda.

Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz sabab keyingi paytlarda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari keskin kamaydi. Rossiya Markaziy bankiga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida Rossiyadan O‘zbekistonga pul jo‘natish 50 foizga qisqargan. Bu esa O‘zbekistonda so‘mning qadrsizlanayotganiga yana bir sababdir.

Mutaxasislar fikricha, Rossiyadan mehnat muhojirlari yuborayotgan mablag‘lar o‘zbek so‘mini barbod bo‘lishdan asrab qolayotgan asosiy omillardan bo‘lib kelgan.

Jahon bankiga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodining kamida 12 foizi Rossiyadan keladigan pul o‘tkazmalariga bog‘liq.

Ayni paytda O‘zbekistonda AQSh dollarining rasmiy kursi o‘zgarishsiz qolmoqda. O‘zbekiston Markaziy banki belgilagan rasmiy kurs bo‘yicha shu kunda 1 AQSh dollari 2 ming 590 so‘m 38 tiyinni tashkil etmoqda.

XS
SM
MD
LG