Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:10

"O‘g‘irlab, yo‘q qilinganlar": Oqiljon Yunusov va Farrux Haydarov


Xorijdagi o‘zbekistonlik huquq himoyachilari, muxolifat faollari va dindorlar O‘zbekistonda maxsus xizmatlar tomonidan o‘g‘irlab ketilgani ishonilgan shaxslar ro‘yxatini tuzish va xotirlash kampaniyasini davom ettirmoqda.

Bu kampaniya muxolifatdagi "Muqobil O‘zbekiston" guruhi tomonidan olib borilmoqda.

Guruh faollariga ko‘ra, yangi tashabbus andijonlik taniqli imom Abduvali qori Mirzayev Toshkent aeroportida nom-nishonsiz g‘oyib bo‘lganiga 20 yil to‘lishi munosabati bilan 29 iyulda boshlatilgan.

Shuningdek, guruh faollari har yili "Zo‘ravonlik ostida g‘oyib bo‘lganlarni xotirlash" kuni arafasida xalqaro hamjamiyat e‘tiborini O‘zbekistonda yo‘qolgan dindorlar va muxolifat faollari taqdiriga qaratishga umid qilmoqda.

"Zo‘ravonlik ostida g‘oyib bo‘lganlarni xotirlash" kuni har yili 30 avgustda nishonlanadi.

"Muqobil O‘zbekiston" hozirga qadar bedarak ketgan 25 nafar o‘zbekistonlik ro‘yxatini e‘lon qildi.

Ozodlik g‘oyib bo‘lgan shaxslardan uch nafari – Abduvali qori Mirzayev, Abdulloh O‘tayev va Husniddin Nazarovlar borasida ma‘lumot bergandi.

Bu gal Ozodlik yana ikki diniy faol – Oqiljon Yunusov va Farrux Haydarovlar taqdirini yoritishga qaror qildi.

Ikki sharqunos do‘st

Qibraylik Oqiljon Yunusov va toshkentlik Farrux Haydarov 1989 yilda Toshkent Sharqshunoslik Instituti arab tili bo‘limiga o‘qishga kirdi.

Ularning ikkalasi ham boshqa yana o‘nlab talabalar qatorida 1991 yilda davlat dasturi bilan Saudiya Arabistoni Madina shahridagi Islomiy Universitetga o‘qishga yuborildi.

Oqiljon Yunusov va Farrux Haydarov dastlab arab tili kurslarida, keyinchalik Madina Islom Universitetida diniy ta‘lim olishdi.

Ular bilan birga Madinada ta‘lim olgan Ibrohim Qashqar xotirlaydi.

"Men bu yigitlar bilan Madinada tanishgan edim. Madinai Munavvarada ko‘rishdik, o‘qishda birga bo‘ldik. Farrux hadis fakulьtetida o‘qirdi. Oqil shariat fakulьtetida o‘qirdi. Hammamizni birlashtirib turadigan narsa – bizning dinimiz edi. Ularning hech qanday O‘zbekiston hukumatiga qarshi fikrlari yo‘q edi. Maqsadimiz – ilm olish edi," - dedi Ibrohim Qashqar.

1997 yilda O‘zbekistonga Madina universiteti diplomlari bilan qaytgan yigitlar ishsiz qoldi.

O‘zbekiston Oliy ta‘lim vazirligi Saudiya Arabistoni diplomlarini e‘tirof etmasdi.

Chorasizlikdan Farrux Haydarov Qozog‘iston poytaxti Ostonaga yo‘l olib, u yerda ochilgan Saudiya Arabistoni ta‘lim markazida arab tili va islomdan dars bera boshladi.

Oqiljon Yunusov esa tijorat yo‘lini tanladi.

2001 yilda Ostonadagi ta‘lim markazi yopilishi ortidan Farrux Haydarov O‘zbekistonga qaytdi va Toshkentdagi Misr madaniyat markaziga mudarris sifatida ishga kirdi.

"Diniy bo‘shliq"

Bu paytga kelib O‘zbekistonda diniy sohada bir bo‘shliq paydo bo‘lgandi, deya xotirlaydi Oqiljon Yunusov va Farrux Haydarovni yaqindan tanigan diniy faol Mirahmad Mo‘‘minov.

Oqil aka va Farrux akalar... O‘zbekistonda, bilasiz, ma‘lum va mashhur imomlardan keyin bir qandaydir bo‘shliq paydo bo‘ldi. O‘zbekistondagi yoshlar yoki dindorlar orasida ilm bo‘shlig‘i paydo bo‘ldi. Va o‘sha bo‘shliq paytida bu kishilar, qandaydir ma‘noda, o‘sha bo‘shliqni to‘ldirib turgan ilmlik kishilar edi. Misol uchun, Oqil Yunusov Madinadan o‘qishdan kelgan paytda, men esimda bor, biz u kishi bilan 1999 yil mart oylarida ko‘rishganmiz. O‘sha paytda Toshkent portlashlariga aloqador ishlar bo‘layotgandi. U kishi: “Bizni chaqirishdi va ilm berish harakatlarimizga cheklovlar bo‘ldi, diplomimiz bo‘lsa ham bizga dars berishni ta‘qiqlab qo‘yishdi,” deb aytgandi” - deydi hozirda Qo‘shma Shtatlarda istiqomat qilayotgan diniy faol Mirrahmad Mo‘‘minov.

"Uzviy bog‘liqlik"

2004 yil 16 may kuni Toshkentdagi To‘xtaboy masjidining sobiq imomi, taniqli ulamo Obidxon qori Nazarovning o‘g‘li Husniddin Nazarov to‘satdan g‘oyib bo‘ldi.

Oradan 8 kun o‘tib Oqiljon Yunusov Qibraydagi hovlisidan mashinasida chiqib ketadiyu, qaytib kelmaydi.

Oila a‘zolari qidirmagan qarindosh–urug‘, tanish–bilishlar, kasalxonalar, morg va militsiya uchastkalari qolmaydi, deya ta‘kidlanadi "Muqobil O‘zbekiston" guruhi xabarnomasida.

O‘sha paytda 32 yoshda bo‘lgan Oqiljon Yunusov yo‘qolishidan 3–4 kun ilgari ketidan qandaydir mashina kuzatib yurganini oila a‘zolariga aytgan.

Guruhga ko‘ra, yaqinlari Oqiljon Yunusovning dindorligi uchun xavotirda bo‘lgan.

Oqiljon Yunusov yo‘qolishidan bir oydan ko‘proq vaqt o‘tib, ya‘ni 24 iyunda uning do‘sti Farrux Haydarov ham ayni shu tarzda g‘oyib bo‘ladi.

"Muqobil O‘zbekiston" guruhi faoli, sobiq imom Muhammadsolih Abutov esa ikki dindor yigitning g‘oyib bo‘lishi taniqli imom Obidxon qori Nazarov faoliyati bilan "uzviy bog‘liqlik" borligini aytadi.

"Bizning shu paytgacha yiqqan ma‘lumotlarimizdan xulosa qiladigan bo‘lsak, mana shu yigitlarning yo‘q bo‘lishi va ularning diniy faoliyati mashhur imom Obidxon qori Nazarovning faoliyati bilan bog‘liqligi ko‘rinadi. Ya‘ni bu bolalar avvalida Obidxon qorining masjida diniy ta‘lim ola boshlashgan. Keyinchalik shu kishi yordamida ular Madinaga o‘qishga ketgan. 1996 yilda Obid qori masjidida faoliyatini to‘xtatib, yashirinib yurdi. Shu paytda ular o‘qishdan qaytib kelgan. Obidxon qori yo‘q, mana shu yigitlar masjiddagi jamoatga ta‘lim bergan, nazoratiga olgan. Obidxon qorining ishini bular bajargan qisman," deydi Muhammadsolih Abutov.

Obidxon qori Nazarovning farzandi Dovudxon ham Oqiljon va Farruxlarning otasi bilan birga diniy ma‘rifiy faoliyat yuritganini tasdiqladi.

"Ular bilan men bir-ikki marta yuzma-yuz ko‘rishganman. Ammo, u paytda ancha yosh bo‘lganimiz uchun, ularni hayotlari va shaxsiyatlarini to‘liq bilmayman, esimdayam yo‘q. Lekin, ularning diniy faoliyati va ishlarini yaqindan bilganman, ko‘rganman, guvohi bo‘lganman. Sababi, Farrux aka va Oqil aka dadamlarga faoliyatlari davomida yaqindan sherik bo‘lishgan, hamkorlik qilishgan. Aytishimiz mumkin, dadamning boshchiligida ko‘p ilmiy-ma‘rifiy ishlarida faol bo‘lgan shaxslar bular," – deydi Dovudxon Obidxon o‘g‘li.

Unga ko‘ra, akasi Husniddin hamda Oqiljon va Farruxlarning bedarak ketishida yagona maqsad ko‘zlangan - Obidxon qori Nazarovni topish.

"Bunga shubha yo‘q. Ular bir maqsadni ko‘zlab amalga oshirilgan. Husniddin akaning, Farrux aka va Oqiljon akaning o‘g‘irlanishi hammasi bir tomondan uyushtirilgan va bir buyruq asosida qilingan. Bularning orasida bog‘liqlik borligi aniq. Maqsad – dadamni topish yoki ularga ta‘sir, bosim o‘tkazish bo‘lgan," deydi Dovudxon Obidxon o‘g‘li.

Maxsus xizmatlar

Obidxon qori Nazarov O‘zbekiston hukumatining musulmonlarga bosimini ochiq va keskin tanqid qilishi bilan tanilgan edi.

Shvetsiyada boshpana olgan taniqli imom 2012 yil fevralida noma‘lum qurolli shaxs tomonidan otib ketildi.

O‘zbekiston hukumati Obidxon Nazarovni "Vahhobiylik" diniy-siyosiy oqimining O‘rta Osiyodagi rahnamolaridan biri sifatida ko‘rardi.

Biroq Obidxon Nazarov hukumatning bu da‘volarini davomli rad etib kelgan.

Diniy faol Mirrahmat Mo‘‘minovga ko‘ra, "Vahobiylik" markazi sifatida ko‘rilgan Saudiya Arabistonidan ta‘lim olib qaytgan Oqiljon Yunusov va Farrux Haydarov ham o‘z o‘zidan huquq tartibot idoralari nazoratiga tushib qolgan edi.

Oqiljon Yunusov va Farrux Haydarovning yo‘qolishi borasida Ozodlik suhbatdoshlarining barchasi bir xulosada yakdil – ikkovlon yo‘qolishi ortida O‘zbekiston maxsus xizmatlari turibdi.

"Muqobil O‘zbekiston" guruhi faoli Muhammad Solih Abutov ham ayni qarashga qo‘shilishini aytdi.

Oqiljon Yunusov va Farrux Haydarovlarning g‘oyib bo‘lganiga 11 yildan oshdi.

Ammo hozirga qadar ulardan hech qanday darak chiqmadi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:00 0:00
Бевосита линк
XS
SM
MD
LG