Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:52

Piketga chiqmoqchi bo‘lganlarning gazdan qarzdorligi bekor qilindi


Samarqand viloyati Chelak shahrida yashovchi Bahodir Sarimsoqov Toshkentga prezident devoni oldida norozilik piketi o‘tkazish uchun kelib ketganidan so‘ng,uning va mahalladoshlarining gazdan bo‘lgan noqonuniy qarzdorligi sud hukmi bilan bekor qilindi. Bu haqda Ozodlik radiosiga Bahodir Sarimsoqovning o‘zi aytib berdi.

Samarqand viloyati Chelak shahrida yashovchi Bahodir Sarimsoqov Toshkentga prezident devoni oldida norozilik piketi o‘tkazish uchun kelib ketganidan so‘ng,uning va mahalladoshlarining gazdan bo‘lgan noqonuniy qarzdorligi sud hukmi bilan bekor qilindi. Bu haqda Ozodlik radiosiga Bahodir Sarimsoqovning o‘zi aytib berdi.

"Piket o‘tkazmoqchi bo‘lganimizdan so‘ng qarzdorligimiz bekor qilindi"

Samarqand viloyati Payariq tumani Chelak shahrida yashovchi 56 yoshli Bahodir Sarimsoqov 25 noyabr kuni prezident devoni oldida piket o‘tkazish niyati bilan Toshkentga kelgani haqida Ozodlik radiosi avval xabar qilgan edi.

O‘shanda uni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman militsiyasi ushlab, ichki ishlar bo‘limiga olib ketgan va uch soat suhbatlashilganidan so‘ng qo‘yib yuborgan edi.

Bahodir Sarimsoqovning aytishicha, 25 noyabr kuni militsiyada bo‘lgan suhbati chog‘ida, u Toshkentga adolat izlab kelganini, mahallasida gaz uzib qo‘yilganiga 7 yil bo‘lganiga qaramay, “Chelakgaz” korxonasi uni 2 million so‘m qarz qilib qo‘yganini, sud ijrochilari mol-mulkini musodara qilmoqchi bo‘lishayotganini aytgan. Shundan so‘ng militsya xodimlari uning arizasini tegishli idoralarga etkazishga va’da qilib, qo‘yib yuborgan.

Bahodir Sarimsoqovning 30 noyabr kuni Ozodlik radiosiga bildirishicha, o‘sha voqeadan ikki kun o‘tganidan so‘ng o‘zi va bir guruh mahalladoshlarining gazdan bo‘lgan qarzdorligi bekor qilingan.

- So‘nggi vaziyat mana bunday bo‘ldi. Toshkentdan qaytib kelganimizdan so‘ng qarzdorliklar yo‘q bo‘ldi. Nimaga deganda, mahallamizga gaz 2008 yildan beri berilmagan, turba uzilgan. 2015 yilda esa bizni qarzdor qilishib, ishimizni sudga o‘tkazib yuborishgan.Hozir qarzdorligimiz haqidagi sud qarori ham bekor bo‘ldi, qarzlarimiz ham bekor bo‘ldi, -dedi Bahodir Sarimsoqov.

"O‘zbekistonda aholini gazdan noqonuniy qarzdor qilib qo‘yish amaliyoti avj olgan"

Aholining gazdan sun’iy tarzda qarzdor qilinayotgani yuzasidan mustaqil tekshiruv olib borayotgan toshkentlik huquq faoli Shuhrat Rustamov Bahodir Sarimsoqov o‘z qarzdorligini yo‘q qila olishga muvaffaq bo‘lgan kamdan kam iste’molchilardan biri ekanini aytdi. Shuhrat Rustamovga ko‘ra, aholiga ishlatilmagan gaz uchun qarz ilinishi holatlarini O‘zbekistonning barcha viloyatlarida kuzatish mumkin.

- Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida, Qamashi, Yakkabog‘, Nishon tumanlarida bunday holat avj olgan. Ishlatilmagan gaz uchun qarzdor qilib qo‘yilgan odamlar soni juda ko‘p. Biroq ularning ko‘pchiligi bundan shikoyat qilib, huquq faollariga murojaat qilishdan qo‘rqadi, -dedi Shuhrat Rustamov.

Faolning aytishicha, gazdan noqonuniy ravishda qarzdor qilib qo‘yilgan fuqarolarning ishlarini sudda ko‘rib chiqilishi ham yillarga cho‘zilib ketadi. Masalan, Shuhrat Rustamov ikki yildan beri samarqandlik opa-singil Muhayyo va Mastura Murodovalarning huquqini himoya qilib kelayotganini aytdi. Unga ko‘ra, gazdan noqonuniy qarzdor qilib qo‘yilganidan huquq-tartibot tuzilmalariga shikoyat qilganidan so‘ng bu opa-singillarga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.

"Holvani hokim, kaltakni etim yoydi"

Navoiy viloyatidagi Karmana tuman “Karmanagaz” idorasida ishlagan To‘xtagul Turdieva bir necha yillardan beri aholining gazdan noqonuniy qarz qilinishiga qarshi kurashib kelayotgan insonlardan biri. Uning aytishicha, o‘zbekistonliklarning ommaviy tarzda gazdan qarz bo‘lib qolishlari mamlakatda avj olgan korruptsiya bilan bog‘liqdir.

- Qonun bo‘yicha, ishchilarning oylik maoshlaridan ishlatilgan gaz uchun haq olib qolinishi kerak. Gaz iste’mol qilinganidan so‘ng, uning haqi bir oy mobaynida to‘lanishi lozim. Agar bir oy ichida to‘lay olmasa, to‘lov muddati o‘tganiga o‘n kun bo‘lganidan keyin penya yozila boshlaydi. Lekin bizda byudjet tashkilotlarida ishlaydigan odamlar qarzdor, deb topilib, ularning ishxonalariga hisob jo‘natiladi va ular hali ishlatilmagan gaz uchun yana haq to‘lashadi.

Ko‘pchilik: “Gaz haqini oldindan to‘laganman,menga "gazdan qarzi yo‘q”, degan qog‘oz bering", deb shikoyat qilib keladi. Lekin ularga bunday ma’lumotnoma berish taqiqlangan. Chunki bu odamlarning ish haqidan oy sayin ishlatilmagan gaz uchun 200, 300, 500 ming so‘mdan ushlab qolinaveradi. Gaz qorxonasida gazdan noreal qarzdorlik paydo bo‘lganidan so‘ng, bu qarz aholi zimmasiga yuklatiladi, ya’ni aholi soniga qarab, qarz bo‘lishtiriladi.

Ozodlik: O‘sha noreal qarzdorlik nimadan paydo bo‘ladi?

- Aholi buncha miqdorda gaz iste’mol qilishi mumkin emas. Bu narsani faqat ulgurji gaz iste’molchilaridan so‘rash kerak. Asosiy ulgurji iste’molchilar yog‘, gipsokarton, ohak ishlab chiqaruvchi tsexlar. Keyingi o‘rinda oshxonalar va novvoyxonalar turadi. Aholiga bo‘lishtirilgan gaz uchun qarzdorlikni aynan mana shu ulgurji iste’molchilar to‘lab, joyiga qo‘yishi kerak.

Ozodlik: Siz aytgan iste’molchilar gazni o‘g‘irlab yoqadimi yoki pulini bermaydimi? Nega ular to‘lashi kerak?

-Endi bu narsani aytganim bilan isbotlab bera olmayman. Lekin o‘zim bu voqeaning guvohi bo‘lganman, ko‘p marta. Ulgurji iste’molchilar gaz korxonasi bilan kelishgan holda ishlaydi. Masalan, “Karmanagaz”ga tekshiruvchilar keladi. Biron bir oshxonada tekshiruvchilarga ziyofat qilib beriladi. Buning uchun oshxona gaz korxonasidan haq olmaydi. Gaz idorasi esa buning evaziga oshxonanining hisoblagichini to‘xtatib qo‘yadi yoki boshqa bir yo‘llarini topib, gaz uchun haq olmaydi, - dedi To‘xtagul Turdieva.

Mazkur lavhani tayyorlash jarayonida suhbatdoshlarimiz aytgan masalalar yuzasidan ikkinchi tomonning fikrini o‘rganish maqsadida Chelak, Samarqand va Karmana gaz idoralariga ham murojaat qildik. Lekin mazkur shaharlardagi gaz mutassadilari Ozodlik savollariga javob berishdan tiyildilar va “Bunday narsalardan xabarimiz yo‘q”, deb gapni qisqa qildilar.

XS
SM
MD
LG