Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:53

Surxondaryoda IShIDga qo‘shilmoqchi bo‘lgan ikki fuqaro sud zalidan ozod qilindi


Surxondaryo viloyati sudi IShIDga qo‘shilish maqsadida Suriyaga bormoqchi bo‘lgan Yusuf Esonturdiev va Abdurahmon Eshqobilovni sud zalidan ozod qilgani xabar qilinmoqda. Sudning bunday qaroriga ayblanuvchilarning “sidqidildan pushaymon bo‘lganliklari” sabab bo‘lgani aytiladi. Sho‘rchi tumanida istiqomat qilgan Esonturdiev va Eshqobilov Suriyaga borishga uringan payti hibsga olingani aytilmoqda.

Surxondaryo viloyati sudi IShIDga qo‘shilish maqsadida Suriyaga bormoqchi bo‘lgan Yusuf Esonturdiev va Abdurahmon Eshqobilovni sud zalidan ozod qilgani xabar qilinmoqda. Sudning bunday qaroriga ayblanuvchilarning “sidqidildan pushaymon bo‘lganliklari” sabab bo‘lgani aytiladi. Sho‘rchi tumanida istiqomat qilgan Esonturdiev va Eshqobilov Suriyaga borishga uringan payti hibsga olingani aytilmoqda.

O‘zbekistonda chiqadigan yarim rasmiy nashrlarning xabar berishicha, Surxondaryo viloyati sudi Suriyaga bormoqchi bo‘lgan ikki shaxs – Yusuf Esonturdiev va Abdurahmon Eshqobilovni sud zalidan ozod qilgan.

Xabarlarda ta’kidlanishicha, ayni viloyatning Sho‘rchi tumanida istiqomat qilgan Esonturdiev va Eshqobilov Suriyaga borishga uringan payti hibsga olingan.

O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy hayotni yorituvchi 12news.uz yangiliklar agentligining Surxondaryo viloyati sudi vakiliga iqtibosan ma’lum qilishicha, sudlanuvchilar Yusufning inisi Rahmatilla Esonturdiev bilan birga 2013 yilda ishlash uchun Rossiyaning Dog‘iston mintaqasiga yo‘l olganlar.

Surxandaryo viloyati sudi vakilining bildirishicha, Dog‘istondaligi paytida Rahmatilla Esonturdiev diniy ekstremist g‘oyalar ta’siriga tushib qoladi va “Islomiy Davlat” guruhi jangarilari bilan “Odnoklassniki” tarmog‘i orqali “faol” yozishmaga kirishadi.

Rahmatilla 2014 yil noyabrida Moskva-Kiev-Istanbul yo‘nalishi orqali Suriyaga yo‘l oladi, sheriklariga esa O‘zbekistonga qaytishni buyuradi.

Sud vakili so‘zlariga ko‘ra, 2015 yil yanvarida Rahmatilla Yusuf va Abdurahmonni Suriyaga “jihod”ga kelishga chaqiradi, ularga Andijon orqali orqali Qirg‘izistonga o‘tishni maslahat qiladi.

Ammo, Yusuf va Abdurahmon yo‘lga chiqqan paytda Sho‘rchi-Toshkent avtobusida huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olinadi.

O‘zbekistondagi nashrlarning ismi keltirilmagan sud vakili so‘zlariga iqtibosan ma’lum qilishicha, Rahmatulla Esonturdiev Suriyada kechgan janglardan birida halok bo‘lgani aniqlangan.

Sud, Yusuf va Abdurahmonning "sidqidildan pushaymon bo‘lganliklari, ularning oilaviy ahvoli, yashash joylaridan berilgan kafolatnomani inobatga olib", ularni sud zalidan ozod etishga qaror qildi, deya xulosa qiladi Surxondaryo viloyati sudining vakili.

Ammo u ikkovlonga berilgan jazo turi haqida hech narsa demagan.

“Jazo tahdidi”


O‘zbekistonda jangari guruhlar ta’siri ostiga tushib qolgan shaxslarning sud zalidan ozod etilishi ilk bor kuzatilayotgani yo‘q, deydi farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashev.

U 2014 yil Farg‘ona viloyatida bo‘lib o‘tgan bir sud jarayoniga to‘xtaldi:

“Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida bir sportchi yigit mehnat muhojirligidan qaytgandan keyin o‘ziga yaqin bo‘lgan bir guruh sportchilar orasida diniy, jihodiy da’vat qilmoqchi bo‘lgan. Bu harakat ichki ishlar, xavfsizlik organlariga ma’lum bo‘lganidan keyin bu yigitlar bir necha kun davomida hibsga olingan. Bir necha kun hisbda ushlab turilgach, ular sud boshlangunga qadar garov evaziga qo‘yib yuborildi. Sudda qilmoqchi bo‘lgan harakatlariga pushaymon bo‘lganliklari uchun sud ularga shartli jazo berib, qamoq jazosidan ozod qilgan edi”, deydi Abdusalom Ergashev.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlari “Islomiy davlat” kabi ekstremist guruhlar xavfini barataf etishda faqat “qama-qamalar” naf keltirmasligini tushunib etgan.

Abdusalom Ergashev keyingi paytlarda qamoq jazosini bermaslik "tendentsiyasi kuchayib borayapti”, deydi.

“Tergov jarayonida va sud paytida qilgan harakatiga pushaymon bo‘lsa, ularga shartli jazo berish holatlari tez-tez uchrab turibdi. Huquqni muhofaza qilish organlariyam, tergov organlariyam bir necha yillik tajribani tahlil qilib chiqib, ko‘pchilikni jazolab yuborish agar jamiyatda ko‘pchilikka ta’sir qiladigan bo‘lsa, xavfsizlikka tahdid bo‘lib qolishi mumkin, degan xulosaga kelganga o‘xshaydi”, deydi Abdusalom Ergashev.

“Kuchaytirilgan xavfsizlik choralari”


Surxondaryoda ikki shaxsning javobgarlikdan ozod qilinishi huquqni muhofaza qilish organlari butun mamlakat bo‘ylab xavfsizlik choralarini kuchaytirgan bir pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, o‘tgan bir oy ichida Toshkent shahri, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida “terrorchilarga aloqador 90 kishi” qo‘lga olingan.

Toshkentlik huquq faoli Surat Ikromovning ma’lum qilishicha, u O‘zbekistonning turli hududlarida 200 nafardan ziyod dindorning hibsga olinganini aniqlagan.

Uning aytishicha, O‘zbekiston hukumati mamlakatda "Islomiy davlat" guruhining ta’siri yoyilishidan jiddiy xavotirga tushgan.

Ozodlik tarqatgan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari fuqarolarning Suriya va Iroqdagi “Islomiy davlat” kabi jangari guruhlarga qo‘shilib ketishi oldini olish uchun hibsga olishlar bilan cheklanib qolmay, ulamolar vositasida dindorlar orasida tushuntirish ishlarini kuchaytirgan.

Shuningdek, O‘zbekistonning barcha hududlarida aholi orasida ekstremistik kayfiyatdagi shaxslarni ro‘yxatga olish ishlari keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda, xorijdan qaytgan va chiqayotgan fuqarolar shaxsi aniqlanmoqda.

Bundan tashqari, huquq-tartibot idoralari so‘nggi oylarda O‘zbekistonning barcha viloyatlarida aksilterror mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda, aholi orasida ekstremistik kayfiyatdagi shaxslarni ro‘yxatga olmoqda.

XS
SM
MD
LG