Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 03:11

Jizzaxliklar metallolom topolmay uni sotib olishga majbur bo‘lmoqda


Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanidagi umumta’lim maktablarining o‘quvchilari metallolom topshirishga majburlanyapti. Ota-onalar maktabda o‘qituvchilar tomonidan kamsitilgan, urishilgan farzandlari uchun o‘zlari metallolom sotib olishga majbur bo‘layotganini aytmoqdalar.

Mirzacho‘l tumani hokimiyati barcha umumta’lim maktablariga metallolom yig‘ish topshirig‘ini bergan.

O‘quvchilar soniga qarab 10-20 tonnadan metallolom yig‘ish maktablarga shart qilib qo‘yilgan.

Bu haqda xabar bergan Ozodlik manbasi 10, 14, 17, 18-umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning maktabga metallolom tashiyotganini kuzatganini aytadi:

“Qaysi maktabga bormang hovlisida temir-tersaklar uyulib yotganini ko‘rasiz. Hatto quyi sinf o‘quvchilari ham ko‘chada temir parchalarini sudrab ketayotganiga guvoh bo‘lasiz”, dedi manba.

Mirzacho‘l tumanida istiqomat qiladigan Haydarjonning aytishicha, uning farzandi maktabdan kelib, otasidan metallolom topib berishni yig‘lab so‘ragan:

- O‘g‘lim oltinchi sinfda o‘qiydi. 30 kilo metallolom olib kelasan, deb o‘qituvchisi aytibdi. O‘zi u yoq bu yoqdan o‘n kilocha topib olib boribdi. Nega normani bajarmading, deb o‘qituvchisi rosa urishibdi. Uyga kelib, temirni o‘zi yo‘q bo‘lsa qaerdan topaman deb yig‘lab yubordi. Haqiqatan ham hech qaerda yo‘q, o‘sha temir-tersakning o‘zi. Keyin o‘zim uyma-uy yurib, odamlardan iltimos qilib, kilosini 500 so‘mdan sotib oldim va maktabiga olib borib berdim, deydi Haydarjon.

Uning aytishicha, buning ustiga o‘quvchilar topib borgan metallolomning har o‘n kilosidan bir kilosi chiqitga chiqarilyapti:

- Hayron qoldim, o‘zi allakimlardan qidirib, pulimizga sotib olib bersagu, yana o‘n kilodan bir kilosini skidkaga chiqaryapti. Masalan, 30 kilo topshirsa, 3 kilosi skidga, yana uch kilo topib kelasan, deb aytyapti. Achchig‘im chiqib o‘qituvchisidan so‘rasam, “aka endi xafa bo‘lmaysiz, hokimiyatning topshirig‘i bu”, deydi.

Ovozi yozib olinmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan Mirzacho‘l tumanidagi maktablardan birining direktoriga ko‘ra, tuman hokimi bu topshiriqning bajarilishini qat’iy qilib qo‘ygan:

“To‘g‘risini aytsam, biz ham bezor bo‘lib ketdik bu ishdan. Tuman hokimi va uning o‘rinbosari barcha maktab direktorlariga metallolom yig‘ishni majburiy qilib qo‘ygan. Xalq ta’limi bo‘limimiz mudiri ham o‘qitishni emas, balki qachon metallolom planini bajarasan, deb so‘raydi. Biz maktab emas, temir-tersak, bakalajka, shisha yig‘adigan tashkilotga aylanib qoldik”, dedi maktab direktori.

Ozodlik ushbu masalaga munosabat olish uchun Mirzacho‘l tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Ashur Oqbo‘taev bilan bog‘landi. Hokim o‘rinbosari savolimizni obdon eshitgach, majlisda ekanligini bahona qilib, aloqani uzib qo‘ydi.

O‘zbekistonda o‘quvchilardan metallolom, makulatura yoki obuna uchun pul talab qilinishi mamlakatning barcha kollej, litsey va maktablarida muntazam davom etayapti.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining metallolom jamg‘arish haqidagi qarorini bajarish mas’uliyati, asosan, maktab-kollejlar o‘qituvchiyu o‘quvchilari, tibbiyot muassasalarining shifokoru hamshiralari zimmasiga yuklangan.

Keyingi paytda hatto bog‘chalarga qatnaydigan bolalarning ota-onalariga ham metallolom solig‘i solinmoqda.

XS
SM
MD
LG