Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:19

Sevgisiga yetisha olmagan O‘zMU talabasi o‘zini o‘ldirdi


O‘zbekiston Milliy universitetining 3- kurs talabasi bo‘lgan qashqadaryolik Maftuna oliygoh stadioni projektori tepasiga chiqib, 30 metr balandlikdan o‘zini tashlab, joniga qasd qildi. Maftunaning kursdoshlariga ko‘ra, ota-onasi uni sevgan yigitiga turmushga bermagani uchun u o‘zini o‘ldirgan. Ushbu voqeadan so‘ng oliygohda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universtitetida 24 kun avval yuz bergan ushbu voqea haqidagi xabar Ozodlikka 9 fevral kuni yetib keldi.

Milliy universitetning geografiya fakulteti 3-kursida o‘qiydigan Maftuna. S.N (talabaning to‘liq-ismi sharifi Ozodlikka ma’lum. Biroq ma’lum sabablarga ko‘ra buni oshkor qilmayapmiz. - tahr.)ning o‘ligi 17 yanvar kuni oliygoh stadionidan topildi.

Maftunaning kursdoshlaridan biri ismini ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlikka gapirishicha, u sevgilisiga yetisha olmagani uchun o‘zini o‘ldirgan:

Maftuna 30 metr balandlikdagi ushbu projektor ustidan o‘zini tashlab, o‘lgan.
Maftuna 30 metr balandlikdagi ushbu projektor ustidan o‘zini tashlab, o‘lgan.

“Maftuna stadionning 30 metr balandlikdagi projektori ustiga chiqib o‘zini pastga tashlagan. Projektorning tepasiga chiqadigan narvoni bor ekan. O‘shandan projektor tepasiga chiqib, o‘zini tashlagan. O‘sha joyning o‘zida joni uzilgan. Maftuna 1-kurs payti 3-kursda o‘qiydigan bir yigit bilan yaxshi ko‘rishib qolgandi. Ularning muhabbati haqida hamma bilardi. “Layli-Majnun” bo‘lib yurishdi. Keyin ota-onasi bilib qolib, qarshi chiqqan. U yigitga bermaymiz deyishganidan so‘ng Maftuna o‘zini o‘ldirgan”, dedi Maftunaning kursdoshlaridan biri.

Maftuna Qashqadaryoning Shahrisabz tumani No‘’monobod qishlog‘idan bo‘lgan. Uning sevgilisi esa surxondaryolik bo‘lgani Maftunaning ota-onasiga yoqmagan. Bu haqda Maftunaning hamqishloqlaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda gapirdi:

“Qizini surxon yigiti bilan sevishib qolganidan xabar topgach, ota-onasi Toshkentga borishgan. Qizini o‘rtaga olib, “Seni Surxondaryoga bermaymiz, uzoq joy. U yigit bilan munosabatingni uz”, deyishgan. Keyin surxondaryolik yigit bilan ham uchrashib, unga Maftunadan uzoq yurishni talab qilishgan. “Sen tog‘da yashar ekansan. Tog‘lik joyga qizimizni bermaymiz” deb, yigitdan Maftuna bilan gaplashmaslik haqida va’da olishgan”, dedi No‘’monobod qishlog‘ida yashovchi manba.

Milliy universtitetdagi Ozodlik manbalariga ko‘ra, Maftunaning o‘z joniga qasd qilganidan so‘ng oliygohda tartib-intizom va nazorat bo‘yicha qoidalar keskinlashtirilgan.

Talabalarning aytishicha, universitet yotoqxonalarining barcha balkonlari mixlab tashlangan va talabalardan tashkil qilingan patrul xizmati soat 21dan so‘ng navbatchilik qilmoqda.

O‘zbekistonda yoshlar orasida muhabbatiga to‘siq bo‘lgan payti sevishganlarning o‘z joniga qasd qilish holatlari uchrab turadi.

Jumladan, o‘tgan yil yozida Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida 15 yashar maktab o‘quvchisi 21 yashar sevgan yigiti bilan o‘zini tog‘dan tashlab, halok bo‘lgandi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, qiz bilan yigit uydan qochib ketib, bir necha kun tog‘da yashirinib yurgan va qidiruvchilar kelganda jonlariga qasd qilgan.

Namanganning Chust tumanida esa 21 yoshli Sardor Nuriddinov bilan 17 yoshli Shamsiya Rasuljon qizi sevgisiga ota-onasi to‘siq bo‘lgani uchun o‘z jonlariga qasd qilgani haqida Ozodlik yoritgan edi.

XS
SM
MD
LG