Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:20

Qrimliklar alamini kuylagan Jamala Yevronigohga yo‘llanma olishi mumkin


Bu yil “Yevronigoh” xalqaro tanlovida Ukrainani tamsil etishi mumkin bo‘lgan peshqadam da’vogarlar orasida qrim-tatar millatiga mansub Jamala ham bor. “1944” deb nomlangan qo‘shig‘ida Jamala sovet diktatori Iosif Stalin tomonidan 1944 yilda ommaviy ravishda O‘rta Osiyoga badarg‘a qilingan o‘z xalqi azob-uqubatlari haqida fig‘on qiladi.

6 fevral kuni “Yevronigoh”ga tanlovning Kievda o‘tkazilgan birinchi yarim finalida 32 yoshli qo‘shiqchi Jamala hakamlarning eng yuqori bahosiga ega bo‘ldi va teletomoshabinlardan ham eng ko‘p, ya’ni 160 mingta SMS yig‘di.

Qo‘shiqchining millatdoshlaridan ko‘pi 2014 yilda Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimda yashagani uchun SMS ovoz berishda ishtirok eta olmaganlar.

- Juda afsusdaman. Meni qo‘llaganlarning ko‘pi aynan Qrimda ekanini bilaman. Menga ularning juda ko‘pi xat yozishdi, qabul qilinmasa ham, meni qo‘llaganlari uchun SMSlar yuborishibdi. Men ularga: “Pulingizni havoga sarflaysiz, SMSlar hisobga olinmaydi” desam ham, baribir yuborishibdi, - dedi Jamala Ozodlikning ukrain xizmatiga bergan intervyusida.

Jamalaning yarim finaldagi chiqishi davomli olqish va shov-shuvga sabab bo‘ldi.

- Sen bugun menga musiqa vositasida Qrim yo‘qotganimizdan paydo bo‘lgan dard-og‘riqni anglatgan bo‘lding. Men sen bilan birgalikda yum-yum yig‘ladim, - dedi jyuri a’zosi va Yevronigoh-2004 g‘olibasi bo‘lgan Ruslana Lijichko Jamala o‘z qo‘shig‘ini ijro etib bo‘lganidan so‘ng.

“1944” deb nomlangan, so‘zlari inglizcha, naqorati esa qrim tatarcha bo‘lgan kompozitsiyada 1944 yil mayida 250 ming chog‘li qrim tatari yurtidan badarg‘a etilgani haqida hikoya qilinadi. Sovet hukumati ularni nemis istilosi paytida natsistlar bilan hamkorlik qilganlikda ayblagan hamda Markaziy Osiyo va Rossiyaning chekka hududlariga deportatsiya qilish haqida buyruq bergan.

Hushing qayda qoldi sening? Insoniyat xo‘ngraydi,

“Xudoman” deb o‘ylaysiz, ammo siz ham foniysiz,

Qalbimni, qalbimizni hargiz yulib olmangiz,

deya inglizcha kuylagan Jamala naqoratda qrim tatar tilida “Yoshligimga to‘yolmadim,//Men bu yerda yasholmadim”, deya afg‘on chekadi.

Deportatsiyadan keyin o‘tgan ikki yil ichida vatanidan badarg‘a qilingan qrim tatarlarning 30 foizdan 50 foizgachasi o‘lib ketgani aytiladi. 2015 yil noyabrida Ukraina parlamenti Qrim tatarlarning 1944 yildagi deportatsiyasini “genotsid” o‘laroq tan olish haqidagi qarorni ma’qullagan.

- Bu qo‘shiq haqiqatan mening oilam, mening buvim haqida. Bu haqda yozmasam bo‘lmasdi. Men bu fojiani yozayotgan paytimda ham, sahnada kuylayotgan paytimda ham ich-ichdan his qilib turdim. Bu bir bag‘ishlov qo‘shiq edi. Men uni kuylashga qiynaldim, - deydi Jamala Ozodlikka bergan intervyusida.

“1944” kompozitsiyasini eshitgan Jamalaning millatdoshlari ijtimoiy tarmoqlarda bu qo‘shiq bugungi kunda yarimorolda Rossiya rasmiylari tomonidan qrim tatarlari haqlarining toptalishini ham aks ettirganini yozmoqdalar. Bu fikrga Jamala ham qo‘shiladi.

- Hozir qrim tatarlari okkupatsiya qilingan hududda yashayaptilar, ular juda ham qiyin. Ular katta bosim ostida qolganlar, ular izsiz g‘oyib bo‘lmoqdalar. Bu dahshatli bir hol. Men tarix takrorlanishini istamasdim, - deydi Jamala.

Asli ismi Susana Jamaladinova bo‘lgan qo‘shiqchi 1983 yili Qirg‘izistonda tug‘ilgan. U bolaligidan musiqa bilan shug‘ullana boshlagan. Ajdodlari badarg‘a qilingan Qirg‘izistondan oilasi bilan vatanga - Qrimga ko‘chib kelgan Jamala avval Simferopol musiqa bilim yurtida, keyin esa Kiev Milliy musiqa akademiyasida opera qo‘shiqchiligi bo‘yicha tahsil olgan.

Ukrainada “Yevronigoh”ga tanlovning final bosqichi 21 fevral kuni o‘tkazilishi kutilmoqda. Shu kuni ukrainaliklar o‘z mamlakatlarini xalqaro tanlovda tamsil etajak qo‘shiqchini tanlaydilar.

XS
SM
MD
LG