Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:20

So‘xda IShIDga aloqador, deb ushlangan 12 kishiga ayblov qo‘yildi


Farg‘ona viloyati So‘x tumanida IShIDga aloqadorlikda gumonlanib, qo‘lga olingan shaxslardan 12 nafariga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 159, 244-moddalari asosida fuqarolarni IShIDga targ‘ib qilganlik aybi qo‘yildi. Ayni kunda tergovga tortilgan so‘xliklarning Farg‘ona viloyati IIBda saqlanayotgani aytilmoqda. Ayblanuvchilarning Rossiya hududida radikal terrorchi guruhlar ta’siriga tushgani va O‘zbekistonga qaytib, yurtdoshlarini da’vat etgani da’vo qilinmoqda.

Farg‘ona viloyatining So‘x tumanidagi jami aholisi 15 ming atrofida bo‘lgan uchta qishlog‘i - Tul, Qal’acha va G‘aznov qishloqlarida istiqomat qilgan 12 kishi o‘tgan bir necha hafta davomida qo‘lga olingani Ozodlikka xabar qilingan edi.

Bulardan 4 nafarining shaxsi Ozodlikka ma’lum. Bular - 1984 - 1990 yillarda tug‘ilgan Majnunali H., Iqboljon M., Sherzod T., Asror X. ismli shaxslardir.

Hozirda So‘xning uchta qishlog‘idan bo‘lgan bu 12 kishilik guruhning tergoviga oid tafsilotlarni aniqlagan farg‘onalik inson huquqlari faoli Abdusalom Ergashev yigitlar aybini tan olganini aytmoqda:

- Men bu yigitlarning advokatlari bilan gaplashdim. Aytishlaricha, 2-3 kun ichida ular aybini tan olishgan va eshitishimcha, hozir tergovga ham hamrohlik qilishmoqda. 2010 yillardan beri Rossiyada ishlab yurishgan. Rossiyaga ketguncha namoz ham o‘qishmagan va u yoqqa borganda radikal guruhlar ta’siriga tushgani, da’vatchilik bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tganini tan olishgan. O‘zbekistonga bir yilcha oldin kelishgan va bu yerdagi hamyurtlarini da’vat qilishni boshlashgan,- dedi Abdusalom Ergashev.

So‘xlik yana bir manba ham Ozodlik iltimosiga ko‘ra, tumanda vahimalarga sabab bo‘lgan hibslarga oid qo‘shimcha tafsilotlarni o‘rgandi.

Ozodlik avval xabar qilgani kabi, ish markazida g‘aznovlik aka-uka Nozil va Nusrat T.lar qolmoqda. Ammo, bu faol surishtiruvi davomida O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari ayni paytda Suriyada ekanini gumon qilayotgan yana bir g‘aznovlik yosh oila bor, deb da’vo qildi:

"Bu aka-uka Nozil va Nusrat​lar Rossiyadan Turkiyaga ketishgan va o‘sha yerdan ota-onasiga telefon qilishgan ekan. Hozir MXX bu yigitlarni surishtirayotgan ekan. Bularning Otasi Tojiboy T. shu G‘aznovdagi maktabda tarixdan dars berayapti, bir singlisi va bir ukasi, onasi - hammasi shu qishloqda. Lekin, g‘aznovlik Dadaxon N. degan kishining bir 30-35 yashar o‘g‘li oilasini olib Turkiyaga ketib qolgan ekan. O‘sha yerdan turib, otasiga telefon qilib, shu radikal guruhlar tomoniga o‘tganini aytgan ekan. Otasi bechora qayt, yuzimni yerga qaratma, deb achchig‘i chiqqan ekan. O‘sha bola keyin o‘libdi, shuning xabari kelgan ekan. Hozir hibs qilingan bolalar hammasi shu ikkalasini tanigan-bilgan g‘aznovlik bolalar, deyishdi", deydi so‘xlik manba.

Ozodlik bog‘langan har ikki manba - inson huquqlari faoli Abdusalom Ergashev va ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan so‘xlik manba tergovga tortilgan yigitlarning radikal jamoalar ta’siriga tushganiga iqror bo‘lganini aytmoqda.

Ammo, ayni paytda ularning ikkisi ham hibsga olingan va tergovga tortilgan yosh yigitlarga nisbatan qonun doirasida, adolatli munosabat bo‘lishiga umid bildirdi.

Jumladan, huquq faoli Abdusalom Ergashev hozircha tergov izolyatorida saqlanayotgan yigitlarga nisbatan qiynoq qo‘llanganiga oid ma’lumotga ega emasligini aytarkan, jazo asl jinoyatchiga qo‘llanishi lozim, deb ta’kidlab o‘tdi.

- Agar odil sudlov bo‘lsa, jazo adolatli bo‘lsa, bunga hech kim e’tiroz qilmaydi. Ammo, asl jinoyatchi yoki qotil tashqarida qolib, o‘rniga aybsiz odam qamab qo‘yilsa, unda ahvol badtar bo‘ladi, jinoyatchilik ko‘payaveradi. Xavotir mana shundan,- deydi huquq faoli.

Quyida faol bilan suhbatni tinglashingiz mumkin:

Абдусалом Эргашев Сўхдаги ҳибслар ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:23 0:00
Бевосита линк

So‘nggi bir hafta ichida Ozodlikka So‘xdagi hibslar haqida ketma-ket xabarlar kelmoqda. Hozircha Farg‘ona viloyati va So‘x tumani IIBlari bu haqda biror ma’lumot bergani yo‘q.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, bir - bir yarim hafta muqaddam hibsga olingan o‘nlab so‘xlik yosh yigitlar 2008-2010 yillar oralig‘ida Rossiyaning Qozon shahriga mehnat muhojirligiga ketishgan.

Hozir nomi tilga olinayotgan g‘aznovlik aka-uka Nozil va Nusrat T.lar hamda bugun nomi tilga olingan Ahkom N. va uning oilasi aynan Qozon shahridan Turkiyaga ketishgan. Hozirga kelib Farg‘ona viloyati kuch ishlatar tuzilmalari ularning Rossiyada radikal guruhlar ta’siriga tushgani va Turkiyaga Suriyadagi "Islomiy davlat"ga qo‘shilish uchun o‘tganini gumon qilmoqda.

Shu bois, bu g‘aznovliklar bilan Qozonda va So‘xda yaqin aloqada bo‘lgan fuqarolar birma-bir so‘roq qilinayotgani, hibsga olinayotgani xabar qilinmoqda.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda xorijdan borayotgan fuqarolarning so‘roqqa tutilayotgani, hibsga olinayotgani haqida ma’lumotlar ko‘paymoqda.

Xususan, 2015 yilning oktyabr va noyabr oylarida Toshkent viloyati hamda shahrida 200dan ortiq odamning hibsga olingani inson huquqlari faollari tomonidan xabar qilingan.

Bundan tashqari, yana o‘nlab odam Farg‘ona, Xorazm va Namangan viloyatlarida hibsga olingani haqida ma’lumotlar bor.

O‘zbekiston IIV faollar tarqatgan bu xabarlarni qisman tasdiqlagan,ammo bu borada aniq raqamlarni ma’lum qilmagan.

XS
SM
MD
LG