Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:31

O‘ynashi bilan telefon suhbati oshkor qilingan ayol mobil shirkatidan arz qildi


OzodMikrofon eshittirishiga murojaat qilgan toshkentlik 33 yashar ayol xushtori bilan xufyona telefon suhbatlari yozib olinib, yaqinlariga oshkor qilinganini iddao qilmoqda. Uning da’vosicha, xushtorining xotini Toshkent viloyati IIBdagi qarindoshi ko‘magida mobil shirkatiga buyurtma bergan va ikki xushtorning telefon suhbatlari yozib olingan tasma esa yaqinlariga eshittirilgach, ayol ikki bolasi bilan ko‘chaga quvilgan.

Shu kunda ikki bolasi ko‘chada qolganidan arz qilgan toshkentlik 33 yashar Dilfuza (ayolning ismi o‘zgartirildi - tahr.) o‘zi va xushtori O‘zbekistondagi mobil shirkatlaridan birining (shirkat nomi hozircha oshkor qilinmayotir - tahr.) xizmatidan foydalangani va ularning yozib olingan suhbatlari ayni shirkat telefon raqamlari orqali bo‘lgan qo‘ng‘iroqlar ekanini da’vo qildi:

"O‘tgan yilning 20 iyulidan 20 avgustigacha ... nomerida bo‘lgan suhbatlarning yozib olingan diskini u kishining (xushtorining - tahr.) xotinining organlarda ishlaydigan akasi olib bergan. U diskni menga, ota-onamga eshittirishdi. Shu bilan erim meni ko‘pchilikning ichida taloq qildi va birga qurgan uyimizdan ikki bolam bilan chiqarvordi. Men, mayli, xato qildim, tan olaman, bunga sabablarim bor. Lekin, shu telefon suhbati oshkor bo‘lmaganda, bu o‘zi yo‘q bo‘lay deb turgan edi, bolalarim ko‘chada qolmasdi. Mobil kompaniyasining nima haqqi bor - mening shaxsiy suhbatimni mendan berkitib yozib olib, uni boshqalarga berishga, meni shantaj qilishga?!" deb iddao qildi Dilfuza.

Ayol shu kunda uning telefon suhbatlari yozib olingan disk qaynotasi va xushtorining xotini qo‘lida qolayotgani, sobiq erining oilasi ana shu diskni ro‘kach qilib, uni hamda ikki bolasini uy-joyga bo‘lgan huquqidan mahrum qilishga urinayotganini iddao qilmoqda.

Ayolning da’vosicha, sobiq eri bilan oilasi nomigagina saqlanib turganidan hamma yaqinlari xabardor bo‘lgan, Dilfuzaning xushtori borligini bilgan sobiq eri esa bundan ko‘z yumgan:

"Erim o‘zi ichadi, pul topmaydi, meni umuman qo‘llamagan. Shu to‘rt devori ko‘tarilgan uyni ham o‘zim ishlab, pul topib bitkazganman. Bolalarni ham o‘zim boqdim, edirdim, kiydirdim. Erim Rossiyaga ketdi keyin. O‘shanda men ham, bolalarim ham ketma-ket sariq bo‘ldik, juda qiynaldik. O‘shanda bu kishi yaxshi gaplar bilan kelib ko‘nglimni oldi, quvvatladi. Men endi maqsadini sezdim, lekin ayol zoti shunaqa yaxshi gapga gado bo‘larkanda. Ayniqsa, erga tegib, eridan mehr ko‘rmagan ayol bo‘lsa! Men xato qildim, tushundim. Jazosiga ham tayyorman, lekin voyaga etib borayotgan bolalarim uchun kuyyapman. Bolalarimni haqqini himoya qilmoqchiman", deb iddao qildi toshkentlik ayol.

(Ozodlik hozircha OzodMikrofon eshittirishiga kelgan bu murojaatdagi iddaolarni tasdiqlovchi biror dalilga ega emas)

Ozodlik muxbiri bu iddao ortidan nomi tilga olingan mobil shirkatiga bog‘lanib¸ mijoz buyurtmasi bilan telefon suhbatlarini yozib olish mumkinmi degan savolga javob so‘radi. Shirkat operatori abonentlar o‘rtasidagi telefon suhbatlari yozib olinmasligi, umuman, bunday amaliyot mavjud emasligini ta’kidladi:

"Hurmatli abonent, bizda bunaqa ma’lumot bo‘lmaydi. Telefon suhbatlari yozib olinmaydi. Bizda faqat qo‘ng‘iroqlar tafsiloti bo‘ladi. Kompaniya abonentlar o‘rtasidagi suhbatlarni yozib o‘tirmaydi. Kimdir telefonining o‘ziga zapis qilib olishi mumkin yoki faqat maxsus organ orqali olish mumkin, lekin O‘zbekiston bo‘ylab hech bir mobil kompaniya bunaqa ish bilan shug‘ullanmaydi, - dedi shirkatning mijozlar bilan ishlash markazi operatori.

Bu operatordan tashqari shirkatning Toshkentdagi idorasi rahbariyatidan biror izoh olishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

Ayni paytda bu O‘zbekistonda fuqarolarning shaxsiy telefon suhbatlari yashirin tarzda yozib olinganiga oid birinchi shikoyat emas. Ozodlikka suhbati yozib olinib, so‘ngra maxsus xizmatlar tomonidan o‘ziga eshittirilganiga oid bundan oldin ham shikoyat kelgan.

Toshkentdagi mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov esa yana bir holatni tilga oldi:

- Toshkentda ikkita jurnalistning telefon suhbatlarini yozib olgan hokim tahririyatga kelib eshittirgan edi. O‘shanda biz buni o‘z tajribamiz misolida ko‘rganmiz. Siz aytgan holatda esa, menimcha, shubha tabiiyki¸ birinchi bo‘lib mobil shirkatiga tushadi. Shirkat eng kamida bu ayolning xushtori bilan ayni tarmoq ichidagi suhbatlarini yozib olmaganini isbotlab berishi kerak. Zero, o‘ziga xos avtoritar davlatda ishlayotgan jurnalistlar aniq bilamiz - abonentlarning suhbatlari organlar ko‘magida uyali aloqa shirkatlarining texnik markazlarida yozib olinadi, - deydi jurnalist.

Bundan tashqari, Shvetsiyaning muqaddam TeliaSonera, hozir esa Telia Company deb nomlanayotgani shirkatining O‘zbekistondagi sho‘’basi bo‘lgan Ucell uyali aloqa shirkati O‘zbekiston maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilishiga oid ayblovlar 2012 yilda ilgari surilgan edi.

Bu haqda Shvetsiya radiosi, Svenska Dagbladet, Aftonbladet, Shvetsiya jamoatchilik televideniesi surishtiruv o‘tkazib, ana shu xulosani ilgari surgan edi.

TeliaSonera shirkati sobiq vitse-prezidenti Sisiliya Edstrom Ozodlik bilan suhbatda xavfsizlik xizmatlari bilan hamkorlik qilishini tan olgan va bu hamkorlik mahalliy qonunchilik doirasida olib borilishini, uning shartlarini ham mahalliy hukumatlar belgilashini aytgan edi.

Ozodlik toshkenlik ayoldan tushgan murojaat ortidan surishtiruv boshladi va nomi oshkor qilinmayotgan uyali aloqa shirkati rahbariyatidan rasmiy javob olishga urinishda davom etadi. Yangiliklarni Ozodlikda kuzating!

XS
SM
MD
LG