Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:04

Buxoro ko‘chalaridan GAZellar olib tashlandi


Buxoro shahri ichida qatnovchi marshrut-taksilari o‘rniga ham endi SamAuto zavodida ishlab chiqarilayotgan Isuzu avtobuslari qo‘yiladigan bo‘ldi.
Buxoro shahri ichida qatnovchi marshrut-taksilari o‘rniga ham endi SamAuto zavodida ishlab chiqarilayotgan Isuzu avtobuslari qo‘yiladigan bo‘ldi.

1 maydan boshlab Buxoro shahrida GAZel rusumli mikroavtobuslar qatnovi to‘xtatildi va bir necha yuz odam ishsiz qoldi. Shu kuni ishga chiqqan haydovchilarga 60 million naqd pulga Isuzu avtobusi sotib olib¸ eski yo‘nalishda qatnovni davom ettirish¸ yoki boshqa ish topish aytildi. Buxoro viloyat hokimligi bu qarorni shahardagi tirbandlikni bartaraf etish chorasi sifatida izohladi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Buxoro shahrida yillardan beri besh yo‘nalishda marshrut-taksilar harakatlanib kelgan va bu yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish haqqi shahar hokimligi e’lon qilgan tenderda yutgan xususiy shirkatlarga berilgan.

Bu xususiy shirkatlar esa¸ Rossiyada ishlab chiqarilgan GAZel rusumidagi mikroavtobus egalari bilan tuzilgan kelishuv asosida hozirga qadar yo‘lovchi tashib kelgan.

Ozodlikka kelgan ma’lumotga ko‘ra¸ 1 may kuni ishga chiqqan bu kichik tadbirkor-haydovchilarga shu kundan e’tiboran Buxoro shahrida GAZel qatnovi taqiqlangani aytilgan:

- Bizga osmondan tarasha tushgandek¸ bugundan GAZel olib tashlandi¸ dodingni xudoga ayt¸ deyishdi. Nima emish¸ biz yo hozir cho‘ntagimizdan 60 million so‘m chiqarib¸ Isuzu avtobusi sotib olarmishmizda¸ keyin yana shu marshrutda qatnayverarmishmiz. Bo‘lmasa¸ osmon baland yer qattiq¸ boshqa ish qidiring¸ deyishdi. Shaharda kamida 125 ta GAZel qatnardi¸ haydovchini yonida biletchi ham qatnardi. Men bilganim¸ 250-300 odam bir kunda to‘satdan ishsiz qoldi¸ deydi Ozodlikka Buxoro shahridagi marshrut-taksi yo‘nalishlaridan birida yo‘lovchi tashib kelgan GAZel egalari nomidan gapirgan tadbirkor.

Ozodlik bilan suhbatda Buxoro viloyat hokimligining masalaga aloqador rasmiysi¸ GAZel qatnovi to‘xtatilganini e’tirof etdi:

- Shaharda tirbandlikning oldini olish maqsadida qilindi bu ish. Sessiyada shunaqa qaror qabul qilingan. GAZellar o‘rniga endi Isuzu avtobuslari qo‘yiladi. Ular ayni yo‘nalishda ko‘proq odam tashiydi¸ dedi Buxoro viloyat hokimligi rasmiysi.

Bu mulozim iddosicha¸ O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining Buxoro viloyat bo‘yicha hududiy bo‘limiga¸ shahardagi marshrut-taksi qatnovi bo‘yicha tenderda yutib¸ hokimlik bilan shartnoma tuzgan xususiy shirkatlarni o‘z vaqtida ogohlantirish vazifasi yuklatilgan:

- Bu tenderlar ko‘pining muddati o‘zi 1 mayda tugadi¸ shuning uchun GAZelchilar e’tirozi asossiz¸ deya iddao qildi bu rasmiy.

GAZel egalari ta’kidicha¸ ularga 1 maydan boshlab o‘zlarining shahardagi qatnovi to‘xtatilgani shu kuni tushga yaqin e’lon qilingan va bungacha hech kim ularni hokimlikning marshrut-taksilar o‘rniga Isuzu avtobuslari qo‘yish qarori borligi¸ uning1 maydan kuchga kirishi haqida ogohlantirmagan:

- Oldindan aytilganda¸ odamlar shunga qarab tayyorgarligini qilardi. O‘nga yaqin odam o‘tgan yil 13-14 ming dollarga yap-yangi GAZel oldi¸ bilsa olmasdi. Bechoralar kuyib o‘tiribdi. Hamma GAZellar yaxshi ahvolda¸ texnik jihatdan hech qanday e’tiroz bildira olmaydi. Bir yo‘nalishdagi shofyorlar kuniga davlatga 600 ming so‘m berib kelayotgan edi. Hokimiyadagilarning kimidir bu yo‘nalishlarni o‘ziga olayapti¸ yana kimidir¸ shaharga Isuzu kelgan va shuni sotishi kerak. Bizning shirkat boshlig‘ini kecha olib ketib¸ ertalabgacha olib o‘tirishgan. Qattiq qo‘rqitish bo‘layapti¸ deydi Ozodlikka shaxsi sir qolish sharti bilan gapirgan GAZel egalaridan biri.

Ozodlik O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining Buxoro viloyat bo‘yicha hududiy bo‘limi mas’ullaridan ushbu masala yuzasidan izoh ola olmadi. Agentlikning Toshkentdagi bosh idorasi vakili¸ Buxorodagi yangilikdan bexabarligi¸ ammo butun mamlakat bo‘ylab shaharlar ichida qatnovchi marshrut-taksilar¸ xususan¸ Damas va GAZellarni Samarqandda ishlab chiqarilayotgan Isuzu avtobuslariga almashtirish jarayoni borayotganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG