Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:32

ShOShILINCh! Qamchiq dovonida ro‘y bergan ko‘chki oqibatida odamlar halok bo‘ldi


Qamchiq dovonida sodir bo‘lgan ko‘chki oqibatida odamlar halok bo‘ldi. O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar qilishicha, Qamchiq dovonining Namangan viloyati Pop tumaniga doir qismida 4 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 14.00 atrofida ko‘chki sodir bo‘lgan.

A-373 M-39 avtomagistralida ro‘y bergan "ko‘chki ostida ikkita avtomobil qolib ketgan", deyiladi xabarda. Qurbonlar va jarohatlanganlar borligini ma’lum qilgan vazirlik necha kishi halok bo‘lgani va jarohatlanganini aniqlashtirgani yo‘q.

Jarohatlanganlarga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, deya ilova qildi vazirlik.

Tabiiy ofat ro‘y bergan joyga maxsus xizmatlar jo‘natilgani ham aytiladi rasmiy xabarnomada.

Ayni paytda Qamchiq dovoni yopiqligicha qolmoqda. Voqea sodir bo‘lgan joydan Ozodlik mobil muxbirining xabar berishicha, ikki tomondan yuzlab avtoulov dovon yo‘lining tozalanishini kutmoqda. Ko‘plari ortga qaytib ketmoqda.

"Odamlar yo‘l ochilishini yo‘l chetidagi choyxonalarda kutishmoqda" - deydi mana bu choyxona fotoni yuborgan yo‘lovchilardan biri.

Qamchiq dovoni yo‘lidagi choyxonalardan biri
Qamchiq dovoni yo‘lidagi choyxonalardan biri

Ozodlik bilan bog‘langan yo‘lovchilardan biri voqea joyida xavfsizlik xizmati vakillarining ko‘pligini tasdiqladi. Tasdiqlanmagan ma’lumotga ko‘ra, yo‘lning 200 metrini tosh bosgan.

Qamchiq dovoni orqali O‘zbekiston aholisining 1/3 qismi istiqomat qiladigan Farg‘ona vodiysini mamlakatning qolgan qimsi bilan bog‘lovchi A-373 yagona avtomagistral o‘tadi. Strategik ahamiyatga ega ushbu dovon orqali kuniga 10 - 15 ming avtoulov o‘tadi.

Ozodlik voqea bilan bog‘liq tafsilotlarni o‘rganishda davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG