Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:57

Samarqandda o‘g‘lini otib o‘ldirgan ota qayinog‘asini garovga oldi


Ov miltig‘i, illyustrativ surat
Ov miltig‘i, illyustrativ surat

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida 47 yashar ota 20 yashar o‘g‘lini otib o‘ldirib, qayinog‘asini 7 soat davomida garovda ushlab turdi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, tumanning tog‘li hudududagi Pangat qishlog‘ini larzaga solgan jinoyatchini qo‘lga olish uchun viloyatdan OMON guruhi borgan. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, g‘irt mast ota oilada janjal chiqarib, ov miltig‘i bilan o‘g‘lini otib qo‘ygan, xotiniga uzgan o‘q nishonga tegmagan.

Ozodlikka shu kunlarda kelgan maktubda aytilishicha, voqea 16 maydan 17 mayga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan:

"... Qo‘shrabot tumani, Pangat qishlog‘ida 16 may kech soat 21lar atrofida 40-45 yoshlar atrofidagi odam 20 yoshli o‘g‘lini otib o‘ldirib qo‘ygan, shu payti xotinining akasi, ya’ni o‘lgan bolaning tog‘asini miltiq tirab, 7 soat davomida garovda ushlab turgan. 17 may tongi soat 4da viloyat markazidan 5ta mashinada kelgan omonchilar 1 soatda qo‘lga olgan va olib ketgan", deb yozdi ismini oshkor etmaslikni so‘ragan manba.

Qo‘shrabot tuman hokimiyatidagi manbaning tasdiqlashicha, shunday voqea sodir bo‘lgan va hozir qotil - 1969 yilda tug‘ilgan T.N. (ma’lum sabablarga ko‘ra, bu shaxsning ismi oshkor qilinmayapti - tahr.) Qo‘shrabot tumani IIVda saqlanmoqda. Unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 97-moddasi asosida "qasddan odam o‘ldirish" gumoni bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, bu manba jinoyat motivi "oilaviy mojaro" deya gumon qilinayotganini ham qo‘shimcha qildi:

"Shu ozroq ichib olgan bo‘lgan, xotini bilan urushib qolib, o‘g‘lini otib qo‘ygan. Keyin qayinog‘asini zalojnikka olgan. Sabab shu. Viloyatdan OMONning bolalari bordi, tuman militsiyasidan borib, tezda qo‘lga olishdi. Boshqa hech kimga zarar yetmagan. Hozir prokuratura tergov qilyapti", dedi ismini oshkor etmayotganimiz manba.

Ozodlik bilan suhbatlashgan qo‘shrabotlik manba bunday voqea Pangat qishlog‘i va umuman, Qo‘shrabot tumanida ilgari sodir bo‘lganini eshitmagani, bu voqea qo‘shni qishloqlarda ham shov-shuv bo‘layotganini qo‘shimcha qildi.

Manba jinoyatchi ota va uning o‘g‘illarini yaxshi tanishi, mudhish qotillikka ishsiz otaning ichkilikka ruju qo‘ygani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytadi:

"O‘zi qishloqda to‘ylarga chiqib yurardi, yaxshi odam edi ko‘rinishidan. Ba’zida ichib turardi, shu ichib olganda, o‘zidan ketib qolarkan-da. Janjal chiqarib, o‘g‘lini otib qo‘ygandan keyin uyiga er-xotinni ajratish uchun kelgan katta yoshli qayinog‘asiga miltiqni tirab, garovga olgan. U oldin xotininiyam otmoqchi bo‘lgan, o‘q tegmagan ekan. O‘sha payt uyida xotini, 2ta o‘g‘li, yana 1ta kichkina qizi bo‘lgan ekan, qochib qolishgan", deydi voqea tafsilotlaridan xabardor qo‘shrabotlik manba.

Uning aytishicha, mojaroda o‘tib o‘ldirilgan 20 yashar o‘g‘il ishsiz otayu oilasini mardikorlik qilib, boqib yurgan:

"O‘zi u kishining 5ta bolasi bor. Katta qizini turmushga bergan, katta o‘g‘li Qashqadaryoda ishlardi. Shu o‘lgan bolasi va yana bir o‘g‘li, kichkina qizi o‘zi bilan edi. O‘lgan bolasi 1996 yilda tug‘ilgan, Furqat, degan juda yaxshi bola edi. Ustachilik, mardikorlik qilib oilasini boqib yurardi-da! Uylanmagan edi. Bolalarda ayb yo‘q, yaxshi bolalar ular. Ertasi kuni soat 4 larda o‘g‘lini dafn qilishdi. Bunaqa voqea bizni qishloqdayam, umuman Qo‘shrabotdayam bo‘lmagan, eshitmaganmiz", dedi qo‘shrabotlik manba.

Darvoqe, ayni paytda huquq-tartibot idoralari T.N.ning uyida saqlangan ov miltig‘i masalasini ham surishtirmoqda.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirining 2015 yil iyulda e’lon qilingan 2700-sonli buyrug‘i bilan huquq-tartibot idoralari balansidagi o‘qotar qurollar, shuningdek, sport to‘pponchalari ham bino ichiga o‘rnatilgan maxsus temir sandiqlarda saqlanishi lozim. Ayni qoidaga muvofiq O‘zbekiston bo‘ylab ov miltig‘iga rasman ega bo‘lgan fuqarolar qaytadan nazoratga olingan.

Qo‘shrabotlik manbaning aytishicha, o‘tgan yili yashab turgan hududdagi xonadonlarda bo‘lgan ov miltiqlari va boshqa turdagi sport qurollari olib qo‘yilgan. Ammo, T.N. qo‘lidagi miltiq izn bilan saqlanganmi yoki yashirinmi - bu hozircha noma’lum.

Buning barobarida xonadonlarida iznsiz qurol saqlaëtganlarni “fosh qilish” bo‘yicha reydlar ham o‘tkazilmoqda.

Ozodlikka Samarqand viloyatida oilaviy zo‘ravonlik va maishiy sabablar bilan sodir etilgan mudhish jinoyatlarga oid bir necha xabar kelgan.

Shu yilning mart oyida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Qumoq qishlog‘ida yashovchi 43 yashar erkak suv muammosi ustidagi janjal ortidan uch qo‘shnisiga bolta bilan hujum qilgan, 46 yashar ayol vafot etgan, yana bir ayol va erkak og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan edi.

Ayni viloyatning Ishtixon tumanida istiqomat qiluvchi 18 yashar qiz o‘tgan yilning iyun oyida 21 yashar yigitini ov miltig‘idan otib o‘ldirgan edi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, oshiq yigit miltiqni peshonasiga tirab, qizga "ot" degan va u ham o‘ylab o‘tirmay tepkini bosib yuborgan.

XS
SM
MD
LG