Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:12

ShHT sammiti sabab talabalar ta’tilga haydalayapti


Toshkent, Buxoro, Samarqand va Urganch shaharlaridagi oliygohlar talabalarining o‘qishi 20 kunga qisqartirilib, 10 iyundan ta’til e’lon qilindi. Endilikda talabalar ikki hafta ichida ham ikki smenada o‘qib, ham imtihonlarni topshirib bo‘lishi shart. Rasmiylar talabalarning erta ta’tilga haydalishini iyun oyida O‘zbekistonda o‘tishi rejalangan Shanxay hamkorlik sammiti bilan bog‘lab, xavfsizlik choralari o‘laroq izohlashdi.

20 kun oldinga surilgan ta’til

23 may kuni Toshkent shahri, Buxoro, Samarqand va Xorazm viloyatlaridagi barcha oliygohlar talabalari joriy yil o‘quv jarayoni muddatidan qariyb 20 kun avval tugashi haqida ogohlantirildi.

"Kecha institutimizdagi barcha domlalarni rektoratga chaqirib, 10 iyun kuni o‘qish tugashini aytishibdi. Domlamiz majlisdan chiqib, bizga shuni aytdi. Lekin nima uchun bunaqa o‘zgarish bo‘layotganini tushintirmadi. Yuqoridan buyruq bor degan gapni aytdi xolos", deydi samarqandlik talaba yigit.

O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, mamlakatning to‘rtta shahridagi oliygohlar talabalarining o‘quv jarayoniga kiritilgan o‘zgartirish vazirlikning rasmiy buyrug‘i asosida amalga oshirilayapti.

Ozodlikka jo‘natilgan ushbu buyruq nusxasida yozilishicha, joriy o‘quv yili rejalarida belgilangan barcha yakuniy nazoratlar hamda yakuniy davlat attestatsiya sinovlari, jumladan, bitiruv-malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalari himoyalarini 10 iyungacha tugatilishi ta’kidlangan.

21 may kuni imzolangan 205-sonli hujjatda nima sababdan talabalarning ta’tili oldinga ko‘chirilayotgani sababi ochiqlanmagan.

Talabalar ta’tilga haydalishiga ShHT sammiti sabab

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, to‘rtta shahardagi oliygohlar talabalarining ta’tilga erta jo‘natilishi ShHT sammiti bilan bog‘liqdir:

"Bilasiz ShOS sammitining asosiy qismi Toshkentda o‘tadi. Shuningdek, sammit ishtirokchilari Buxoro, Samarqand va Xorazmga ham borishadi. Shu sabab shaxsan Bosh vazir Mirziyoev nomidan vazirligimizga topshiriq bo‘ldi. Talabalar orasida biror janjal yoki to‘polon chiqmasligi uchun ehtiyot chorasi sifatida shunga qaror qilinganini aytishdi", dedi vazirlikdagi ismini ochiqlamayotganimiz manba.

Dars soatlari qisqartirildi

Talabalarni muddatidan oldin ta’tilga chiqarish uchun to‘rtta shahardagi barcha oliygohlarning o‘quv jarayoni grafigiga o‘zgartirish kiritildi.

Jumladan, Toshkent Tibbiyot akademiyasida dars soatlari ikki barobarga qisqartildi:

"Oldin bir para 90 minut edi. Endi bitta parani 45 minutga tushirdilar. Har kuni 8ta para dars bo‘lar ekan endi", deydi ushbu oliygohda o‘qiyotgan talaba.

Urganchdagi oliygohlar esa dars soatlarini qisqartirish bilan o‘qish vaqtini yarim soat oldinga surishdi.

"Oldin bizda o‘qish ertalabki soat 9da boshlanar edi. Hozir 8:30da boshlanayapti. 90 daqiqalik dars soatlari esa 80 daqiqaga tushirildi. Har kuni avvalgidek, 4 para emas, balki 5 paradan dars o‘tilayapti. Qaysi fanning dars soati tugasa, o‘sha fanga imtihon qo‘yilayapti. Talabalar o‘qish bilan birga parallelь imtihonlarni ham topshirishadi. Shu bilan hammasini 10 iyunga qadar tugatishni rejalashtirganmiz", deydi Urganchdagi oliygohlardan birining mulozimi.

Talabalar ham xursand ham hafa

Ozodlikka ijtimoiy tarmoqlar orqali bog‘langan talabalar bir tomondan ta’til erta boshlanishidan xursandliklarini aytishdi. Lekin ularga ko‘ra, ayni paytda o‘quv grafigiga kiritilgan o‘zgartirishlar natijasida ular qiynalib qolayapti:

"Boshida hammamiz xursand bo‘ldik. Chunki oldingi yillar iyunning oxirigacha imtihonlar davom etar edi. Bu yil 20 kun oldin kanikulga chiqarkanmiz deb quvondik. Lekin hozir har kuni 2 smenada o‘qib charchab qolayapmiz. Soat 4lardan o‘tib dars tugayapti. Darslar ko‘pligidan miya ham charchar ekan. Bu o‘qishimizning sifatiga ham salbiy ta’sir qilayapti. Yana imtihonlarga tayyorlanishga ham vaqt qolmayapti. Imtihonlarni pulga topshirsak kerak, bu ketishda", deya noliydi poytaxtdagi olyigohlardan birining talabasi Ozodlik bilan Feysbuk orqali bog‘lanib.

Talabalarning aytishicha, ta’tilning tezlashtirilishi natijasida ular boshqa muammolarga ham duch kelishayapti:

"Bu kontraktga o‘qiydigan talabalar uchun qiyin bo‘ldi. Chunki ularning ko‘pchiligi kontrakt pulini qoplash uchun darsdan keyin ishlaydi. Hozir esa ishlaydigan talabalar o‘qish 2 smenaga o‘tgani uchun ishini tashlashga majbur bo‘layapti. Nima endi shu ShHTni deb biz viloyatdan kelganlarni uyimizga haydash kerakmi? Nima viloyatlik talabalar ShHT a’zolarini portlatib yuboradimi?", deya shikoyat qiladi tarmoq orqali Ozodlikka bog‘langan talabalar.

Toshkent, Buxoro, Samarqand va Urganchdan tashqari boshqa barcha shaharlardagi oliygohlarda o‘qish odatdagidek iyun oyi oxirigacha davom etadi.

ShHT sammiti oldidan xavfsizlik kuchaytirildi

O‘zbekistonda ShHT sammiti joriy yil 23-24 iyun kunlari o‘tkazilishi rejalangan. Keyingi qariyb bir yil davomida sammit tadbirlari o‘tadigan joylarda tayyorgarlik ishlari davom etayapti.

May oyi boshidan Toshkentda xavfsizlik choralari kuchaytirilgani kuzatilayapti. Poytaxt viloyatlardan kelganlar va mardikorlardan tozalanayapti.

Toshkentda "prezident trassasi"¸ qolaversa Shanxay hamkorlik tashkiloti prezidentlari avtokarvoni o‘tadigan ko‘chalardagi binolar fasadi bezatilmoqda.

Ushbu tadbir oqibatida toshkentlik rassomlar o‘z ustaxonalaridan mahrum bo‘layapti.

ShHT sammiti arafasida nafaqat rassomlar¸ balki derazasi ko‘chaga qaragan oddiy shaharliklar ham TSJ mulozimlari xarxashasini bajarish majburiyatida qolmoqda.

ShHT tadbirlari arafasida binolarning tashqi ko‘rinishini qayta rekonstruktsiya qilish ishlari boshlanib, turar joy va tashkilotlar binolarining qoraytirilgan oynalari, konditsioner va sun’iy yo‘ldosh antennalari oldirib tashlandi.

Ozodlik manbasining aytishicha Nukus ko‘chasining Bobur ko‘chasidan boshlab Abdulla Qodiriy ko‘chasigacha bo‘lgan hududi, so‘ngra Mustaqillik ko‘chasigacha bo‘lgan hududdagi uylar fasadi penoplastdan yasalgan dekorativ bezaklar bilan qoplangan.

ShHT uchun Cadillac va hashamatli dasturxonlar

23-24 may kunlari ShHT a’zolari bo‘lgan davlatlarning Tashqi ishlar

vazirlari Toshkent shahrida uchrashdi.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ushbu uchrashuv ishtirokchilari sharafiga bezatilgan hashamatli dasturxonlar aks etgan suratlar tarqaldi.

Jumladan, tadbirda ishtirok etgan Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova o‘zining feysbukdagi sahifasida "Dasturxon sharqona bozorga o‘xshaydi”, deya tadbirdagi dasturxonlar suratini e’lon qildi.

Tarmoqlarda 24 may kuni tarqalgan boshqa bir surat ham ShHT tadbirlari bilan bog‘landi.

Oq rangdagi o‘nlab yangi Cadillac avtomobillarining Toshkent ko‘chalarida olib kelinayotgani aks etgan suratlar “ShHT sammiti ishtirokchilari uchun 50ta Cadillac avtomobili sotib olingan"i haqida xabar bilan izohlandi.

Biroq ushbu mashinalarning ShHT tadbirlariga qanchalik aloqasi borligi haqida Ozodlikda biror ma’lumot yo‘q.

Xitoy¸ Rossiya¸ Qozog‘iston¸ Qirg‘iziston¸ Tojikiston va O‘zbekiston a’zo ShHTda Afg‘oniston¸ Belarus¸ Eron¸ Mo‘g‘uliston kuzatuvchi maqomiga ega.

Turkiya¸ Shri Lanka¸ Ozarbayjon¸ Armaniston¸ Kambodja va Nepal tashkilotning muloqot sheriklari hisoblanadi.

2015 yil iyulida Ufada bo‘lib o‘tgan so‘nggi sammitda Hindiston va Pokistonni O‘zbekiston raisligi davrida taashkilotga rasman a’zo qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

XS
SM
MD
LG