Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:30

Tergov ostidagi “Gitler-hokim” kasalxonadan uyiga qo‘yib yuborildi


Toshkent viloyati sobiq hokimi Ahmad Usmonov
Toshkent viloyati sobiq hokimi Ahmad Usmonov

Toshkendagi 17-shahar kasalxonasida yuragiga ikkita jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan Toshkent viloyatining sobiq hokimi 59 yashar Ahmad Usmonov shaharni tark etmaslik sharti bilan uyiga qo‘yib yuborilgan. Usmonov xizmat vakolatini suiiste’mol qilganlik, kadrlar tanlashda tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yganlik va poraxo‘rlik kabi jinoyatlarda gumonlanib, tergov qilinmoqda.

Ozodlikning huquq-tartibot organlaridagi manbasi va sobiq hukumat mulozimining aytishicha¸ shu kunlarda biroz o‘ziga kelgan sobiq hokim Usmonov uyida o‘tirib so‘roq bermoqda:

- Usmonov o‘zini avf qilingan kabi tutyapti. Kayfiyati zo‘r. Ertalabki oshlarga ham chiqdi. Lekin har kuni tergovchiga so‘roq beryapti. Yuragi operatsiya bo‘lganidan keyin qayta operatsiya qilinib, yuragiga stent ham qo‘ydirdi. Doktorlar turma sharoiti bemorga to‘g‘ri kelmaydi, deb qog‘oz yozib berishgan. Tergov organlari gumanizm prinsipidan kelib chiqib Usmonovga uyda turishiga izn berishdi. Usmonov shu kunda Yunusoboddagi hovlisida istirohatda. Lekin podpiska o neviyezde (shaharni tark etmaslik to‘g‘risida tilxat-tahr.) qilib qo‘yishgan. Baribir vaziyat yumshagan. Usmonov tergov bilan hamkorlik qilyapti. Nurillo Alimovga qarshi (Andijon shahrining sobiq hokimi Nurillo Alimov 18 yilga ozodlikdan mahrum etildi.) asosiy ko‘rsatmani ham Usmonov berdi. Bundan tashqari Usmonovga suppodryadchik bo‘lgan 10 kishi qamaldi¸- deydi Ozodlik manbasi.

Manbaga ko‘ra¸ Usmonovga qarshi ko‘rsatmalar ham asosan Andijondan kelmoqda. Usmonov barcha kamomadni to‘lashni bo‘yniga olib yozib bergan¸ deydi suhbatdosh.

Sobiq hokim ustidan borayotgan tergovdan xabardor manbaning Ozodlikka aytishicha, Ahmad Usmonov ustidan jinoyat ishi fevral o‘rtasida ochilgan.

Bundan oldin hibsga olinib tergov qilinayotgan paytida yurak xurujiga uchragan Toshkent viloyatining sobiq hokimi 59 yashar Ahmad Usmonov mavjud protsessual qoidalarga zid tarzda kasalxonada so‘roq qilinayotgan edi.

Bir-biridan mustaqil manbalardan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, MXX yerto‘lasidagi so‘roq va yuzlashtiruv chog‘ida Ahmad Usmonov yurak xurujiga uchragani ortidan u Toshkentdagi birinchi hukumat statsionariga yotqizilgan.

"Gitler" o‘zini kasalga soldimi?

Ozodlikning yana bir manbasi esa “Usmonov o‘zini kasallikka solib vaqtdan yutmoqchi” bo‘lganligi haqida aytadi:

"Qarang bu kishi 3 fevral kuni Mirziyoev bilan suhbatdan keyin kasal bo‘lib doktorga yotyapti. 4 fevral kuni Karimov borib uni ishdan olib tashladi. O‘zi militsiya tizimida ishlagani uchun Usmonov simulyant bo‘lib (o‘zini kasallikka solib-tahr.) vaqtdan yutish mumkinligini biladi. Karimovning g‘azabi so‘nib, ishlar bosti-bosti bo‘lishini kutyapti. Bilishimcha, unga miokard infarkt tashxisini qo‘ygan doktor ham bu “spektakl” ishtirokchisi. Pul evaziga tashxis yozib berilganiga ishonaman. Faqat tergovchilar bu versiyaga ishonmasdan palatada so‘roqni davom ettirishmoqda"¸ deya iddao qildi suhbatdosh.

Ozodlik o‘z vaqtida sobiq hokimning so‘roq paytida “kasal” bo‘lgani haqida o‘z manbalariga tayanib, xabar bergan edi.

“Gvardeyskiy ko‘chasidagi podvalda so‘roq berganida yuragi bejo urgan. Doktorlar mikroinsult deyishgan. Voqea o‘tgan hafta boshida bo‘ldi. "Ochniy stavka paytida hushdan ketdi", deyishdi. Andijon shahar sobiq hokimi Nurillo Alimov unga qarshi ochniy stavkada pokazanie berganida yurak xuruji boshlandi. Tergovda qiynoq bo‘lmagan chunki so‘roqni MXXning iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha tergovchilari olib boryapti”, degan edi Ozodlik manbasi.

Karimov nega “Gitler” dan g‘azablandi

Xalq orasida "Gitler" deb nom chiqargan sobiq hokim 4 fevral kuni Toshkent viloyat kengashi deputatlarining navbatdan tashqari sessiyasida ishdan olingan va bir vaqtning o‘zida senatorlikdan ham chetlatilgan edi.

Buning ortidan O‘zbekiston rasmiy matbuotida sobiq hokimni “qoralash ma’rakasi” davom etdi.

Rasmiy gazetalar prezident Islom Karimov Ahmad Usmonovni "odamlarning ishonchini oqlamagani" va yangi ish o‘rinlari yaratmagani uchun tanqid qilganini iqtiboslar bilan eslatishdi:

"Hamkasblarning ishonchini yo‘qotgandan keyin qayta qo‘lga kiritish juda qiyin. Bunga urinish befoyda. Agar bir marta odamlarning ishonchini yo‘qotsang, ming marta kechirim so‘rasang ham bu ularning yuragida qolishini esingdan chiqarmasliging kerak", dedi prezident.

Ozodlik muxbiri bilan gaplaashgan sobiq hukumat rasmiysining iddao qilishicha¸ Usmonov "davlat mulozimini urgani uchun" Karimov g‘azabiga uchragan.

- Prezident devonida ishlaydigan kichikroq mulozim o‘zining Qibraydagi uy buzilishiga norozilik bildirganida Usmonovdan kaltak yegan. Bu narsani Zelimxon aka (O‘zbekiston Prezidenti ma’muriyati boshlig‘i Zelimxon Haydarov – tahr.) kattaga paytini topib turib yetkazgan. Katta (Islom Karimov-tahr.) bu holatni davlat timsoliga qarshi chiqish deb g‘azab bilan qabul qilgan¸ deydi suhbatdosh.

4 fevral kuni Toshkent viloyat kengashi deputatlarining navbatdan tashqari sessiyasida Islom Karimov “zo‘ravon hokimlarning tanobini tortish” haqida uzoq gapirgan edi.

Ozodlik manbasi esa Usmonovning “davlat mulozimini urgani” unga qarshi bo‘lgan tarozi pallasiga qo‘yilgan navbatdagi tosh bo‘lgan:

- Ichki ishlar vazirligining jamoatchilik bilan ishlash boshqarmasining sobiq boshlig‘i, qalloblikda ayblangan polkovnik Alisher Sharipov ham O‘zbekistondan qochib boshqa davlatlarda yashirinib yurganidan xabaringiz bor. Yana ham aniq aytsak, Sharipov AQShda yuribdi. O‘sha odam Usmonovning kuyovi bo‘ladi. Ya’ni o‘z vaqtida Almatov paytida korruptsiya bilan shug‘ullanib¸ do‘ppi tor kelganda qochib qolgan polkovnik Sharipov Usmonovning qiziga uylangan. Usmonov bu holatni haspo‘shlab¸ bosti-bosti qilgandi. Lekin shu nuqtadan boshlab Usmonov saltanatida darz ketish boshlandi. Bu narsaga Shavkat Miromonovich (Bosh vazir-tahr.) ham hissa qo‘shdi. Usmonov bilan Bosh vazir ilgari Jizzaxda birga ishlaganida oralari yaxshi emas edi,- deydi suhbatdosh.

XS
SM
MD
LG