Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:07

BahsOnline: Rahbarni maqtash kerakmi?


Rahbarni maqtash kerakmi? O‘zbekiston kabi o‘tmishda xonu-sultonlarga sig‘inilgan mamlakatda rahbarni maqtashga taqiq qo‘yilishi kerakmi? Ezgu amallar qilgan rahbarni ikki og‘iz yaxshi so‘z bilan maqtashning nima salbiy tomoni bor? Bu savollarni BahsOnline dasturida muhokama qilamiz.

Farg‘ona viloyatidagi boshlang‘ich maktab o‘quvchisi O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovga atab madhiya bitgani ijtimoiy tarmoqlarda bahslarni uyg‘otdi.

4-sinf o‘quvchisi Mahsuma Abdulahadovaning "ko‘z qorachig‘ini" prezidentga hadya qilish mazmunidagi madhiyasini birovlar ma’qullashgan bo‘lsa, birovlar tanqid ostiga oldi.

Sochingiz oqiga havasim keldi,
Almashgum sochimning tolalarini.
Bizni deb ko‘zingiz nurlari ketdi,
Bersaydim ko‘zimning qoralarini.

O‘zbekning kimligin eslatib qo‘yay.
O‘shal Amriqoyu Yevropalikni,
Lol bo‘lib yoqasin tutganda ko‘ray.
Hali katta bo‘lay, Islom bobojon,
Siz uchun ataylab doston bitaman.

O‘zbekistonda prezidentni maqtab doston yozishga “shay” turgan shoirlar armiyasi bo‘lishiga qaramasdan bu soha qattiq tartibga solingani aytiladi.

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova o‘tgan yili Toshkentdagi “Navro‘z” to‘yxonasida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovga bag‘ishlab qo‘shiq kuylaganidan keyin Madaniyat va sport vazirligi mulozimlaridan dakki eshitgan va bu qo‘shiq honanda repertuaridan olib tashlangan edi.

“Sochlarimni o‘rib qo‘ying otajonim” degan qo‘shiqni O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi otasiga atab aytgan edi. Ammo bu qo‘shiq ham tele-radiokanallardan olib tashlangan.

O‘zbekistonning yaqin o‘tmishida taniqli shoirlar rahbarni maqtash emas¸ balki tanqid qilish talabi bilan chiqishgan.

O‘zbekiston Xalq shoiri Erkin Vohidov 1989 yilda SSSR da qabul qilingan “Rahbarlarni haqorat qilganlarni jazoga tortish bo‘yicha” qonunga munosabat bildirib mana bularni yozgan edi:

Betavfiq rahbarni so‘kkanim uchun,
Uch yil yotar bo‘lsam yotganim bo‘lsin.
Uning yo‘q obro‘yin to‘kkanim uchun,
To‘lov bersam borim sotganim bo‘lsin.

Xalqimga qadringni bil desam agar,
Kurash, haqni oshkor qil desam agar,
Bu qutqu atalsa davlatga zarar,
Qancha azob bo‘lsa tortganim bo‘lsin.

Amaldor der esa, tuzum ‒ men o‘zim,
Farmon farmonimdir, so‘z mening so‘zim,
Men bunday tuzumdan o‘girib yuzim,
Tamom jinoyatga botganim bo‘lsin.

Ammo SSSR tugashi arafasidagi erkinlik barham topishi bilanoq shoir "sardoru-yurtboshilarga" madhiya yozishga o‘tib oldi.

Shoir 1999 yilning 16 fevralida mana bu satrlarni yozdi:

Yurtim, olis yo‘lga chiqqan karvoning bor,
Karvoningga posbon uyg‘oq sarboning bor,
El dardida xalovatsiz o‘g‘loning bor,
Shu insonga otilgan o‘q menga tegsin.

26 may payshanba kungi eshittirishimizda BahsOnline dasurida “Rahbarni maqtash kerakmi?” degan savolni muhokama qilamiz.

Agar siz ham bahsga qo‘shilmoqchi bo‘lsangiz har payshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 19.05dan keyin OzodlikOnline, OzodSkype, OzodOvoz Skayp manzillariga bog‘laning.

Siz shuningdek jonli eshittirishga: IMO: +420 724 971 539 WhatsApp: +420 724 971 539, + 420 602 612 713 VIBER: + 420 602 612 713 bilan bog‘lanishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG